Surgi dorilari ta’sir joyi bo‘yicha bo‘linadi: Ichaklarni nisbatan ingichka bo‘limlariga ta’sir etuvchilar – moylar. Ichaklarni nisbatan yo‘g‘on bo‘limlariga ta’sir etuvchilar – o‘simlik surgilari. Ichaklarni hamma bo‘limlariga ta’sir etuvchilar – tuz surgilari. Surgi moddalari ta’sir mexanizmi bo‘yicha bo‘linadi: Ichaklarda osmotik bosimni oshirib, ko‘p miqdorda suyuqliklar to‘plovchi va ichaklar retseptorlarni qitiqlab defekatsiya akti chaqiruvchi vositalar – tuz surgilari.
Ichaklar retseptorlarini qitiqlab, reflektor ravishda defekatsiya akti chaqiruvchi vositalar – kalomel, o‘simlik surgilari va sintetik preparatlar. Ichaklardagi qattiq massasini yumshatib, uni ichaklarda harakatini engillashtiruvchi vositalar – moylar. Qo‘llash: ich qotishlarda, zaharlanishlarda, antigelmentiklar qo‘llagandan keyin, ichaklar aynigan va achigan oziqalar bilan to‘lib qolganda.
Qo‘llash ta’qiqlanadi:Ichaklarda yara va qon ketish holatlarida, ichaklar buralib qolganda va toshlar bo‘lganda. Lekin bug‘oz hayvonlarga ehtiyot bo‘lib qo‘llash tavsiya qilinadi.
I.Moy surgilar. Moylar og‘iz orqali qabul qilingach oshqozonga tushib, oshqozondagi ozuqa massasini yumshatadi va bu massani ichaklarga o‘tishini tezlashtiradi. So‘ngra ichaklardagi ishqoriy muhit va fermentlar ta’sirida parchalanadi, yangi birikmalar hosil qilib, ichaklar retseptorlarini qitiqlaydi va surgi ta’sirini namoyon etadi.
Moy surgilariga qo‘yidagilar kiradi: Kanakunjut moyi – Oleum Ricini
Paxta moyi – Oleum Gossypii
Bodom moyi – Oleum Amygdalarum
Shaftoli moyi – Oleum Persicorum
Zaytun moyi – Oleum Olivarum
Kungaboqar moyi – Oleum Helianthi
Zig‘ir moyi – Oleum Lini
Kanakunjut moyi – kanakunjut o‘simligi urug‘laridan olinadi, tarkibida uch glitserid ritsinol kislota saqlaydi. Uchiglitserid ritsinol kislotasi o‘z o‘zadan surgi ta’sir etmaydi. Og‘iz orqali qabul qilinganda kanakunjut moyi oshqozondagi to‘plangan massani bo‘shatib ichaklar tomon harakat qilinishiga yordam qiladi. Shundan keyin u o‘n ikki barmoq ichakning ishqorli suyuqligida ritsinol kislotasining tuzlari va glitseringa parchalanadi. Mana shundan keyin o‘ziga xos ta’sir ko‘rsata boshlaydi, ya’ni ichaklardagi sezuvchi nerv uchlari retseptorlarini qitiqlaydi, natijada ingichka ichaklar qisqarishi tezlashadi va surgi ta’sirini namoyon qiladi. Lekin ritsinol kislotasi tuzlari juda tez so‘riladi, shuning uchun ham surgi ta’siri ingichka ichaklarda chegaralanib, yo‘g‘on ichaklar boshlanish bilan tamom bo‘ladi. Kanakunjut moyini nisbatan ingichka ichaklarga ta’sir etishi tufayli uni surgi ta’sirida ko‘proq go‘shtxo‘r va hammaxo‘r hayvonlarda qo‘llash samarali ta’siri, 4-6 soatdan keyin boshlanadi. O‘txo‘r hayvonlarda surgi ta’sirini namoyon etish uchun ko‘proq kanakunjut moyidan qo‘llash talab qilinadi. Kanakunjut moyi ingichka ichakda ta’sir qilishi uchun qoramolga 400,0 ml agarda yo‘g‘on ichaklarda bo‘lsa 1 l berishga to‘g‘ri keladi, bu juda qimmatga tushib ketadi, bunday hollarda boshqa surgi moddalar qo‘llaniladi. Kanakunjut urug‘ida kanakunjut moyi bilan birgalikda zaharli modda - ritsin bo‘ladi. Bu modda ayrim hollarda hayvonlarni zaharlaydi. Aniqrog‘i kanakunjut shroti bilan oziqlanganda. Bir nechta urug‘idan iste’mol qilinganda odam va hayvonlarni o‘limga olib keladi. Ritsin oshqozon va ichaklardagi retseptorlarni juda kuchli qitiqlaydi, natijada qusish va oshqozon va ichaklarda o‘tkir kataral yallig‘lanish chaqiradi.