3-§. Amir Temur davri ijtimoiy-falsafiy g‘oyalari va ularning
keyingi davrlar falsafasi rivojlanishidagi ahamiyati
Markaziy Osiyoda XIV-XV asrlar ijtimoiy-falsafiy fikrlarning
rivojlanishi Amir Temur va temuriylar saltanati davriga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumki, Amir Temur (1336-1405) va temuriylar saltanati davrida
faqat Markaziy Osiyoda emas, O‘rta Sharqdagi hududlarning katta
qismini egallagan Buyuk Temur Davlati o‘lkalarining barchasida
turmush ko‘tarinkiligi ko‘zga tashlanadi. Savdo-sotiq, xalqlar va o‘lkalar
orasida o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalar tobora rivojlanadi. Bu
davrgacha u yer-bu yerda ko‘zga tashlanib turgan ko‘chmanchilik
barham topib, saltanatning barcha o‘lkalarida o‘troq turmush tarzi qaror
topadi. Shaharlar obodonchiligiga e’tibor kuchayadi. Kosibchilik,
hunarmandchilik taraqqiy etadi. Dehqonchilik rivojlanishi bilan suv
inshoatlari qurilishi rivoj topadi.
Saltanat hayotidagi bunday yuksak ko‘tarinkilikka mos ravishda fan,
madaniyat, san’at oldingi davrlarga nisbatan beqiyos darajada o‘sadi.
Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda ilm-fan va madaniyatning
yuksalishi ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Savdo-sotiq, dehqonchilik,
hunarmandchilik avj oladi; jamiyat manfaati yo‘lida mehnat qilish odat
tusiga kiradi. Bu chinakam buyuk yuksalish davri edi.
Ma’naviyatning bu qadar yuksalishi o‘z-o‘zidan bo‘lmadi, albatta.
Bunga birinchidan, IX-XII asrlarda kechgan buyuk Sharq uyg‘onishi
(Renessans) davri ilmiy va madaniy kashfiyotlari; ikkinchidan, Amir
Temur tomonidan Movaraunahrda bunyod etilgan qudratli va
markazlashgan davlat tartib va qoidalari asos bo‘ldi. Bulardan tashqari,
Amir Temur davriga kelib yana ikki muhim ijtimoiy-siyosiy omil paydo
bo‘lgan ediki, bu omillarsiz XIV-XV asrlar madaniyatining bu qadar
gurkurab rivojlanishi mumkin emas edi. Bularning birinchisi Amir
Temur davri ma’naviyatining asosi qilib Bahovuddin Naqshband tariqati
ta’limotlarining olinganligi va, ikkinchisi, ilm-fan, madaniyat, sanat,
ma’rifat taraqqiyotiga bevosita Amir Temurning o‘zi rahnamolik va
boshchilik qilganligi edi.
76
Birinchi manba, ya’ni Bahovuddin Naqshband ta’limotlarining Amir
Temur davri ma’naviyatining asos etib tanlanishining madaniyat ravnaqi
uchun ahamiyati g‘oyatda ulkan edi.
Buning mohiyati shunda ediki, Bahovuddin Naqshband o‘z
ta’limotida jamiyat saodati uchun yashashni, bunyodkorlik, savob ishlar
qilishlikni, mukammal axloqqa erishishni targ‘ib qilar edi. Binobarin,
naqshbandiya tariqati yo‘lini tutganlar tarkidunyo qilish, xalqdan,
jamiyatdan uzoqda bo‘lish emas, balki qalbda Ollohni jo qilib, mehnat
qilishlari, dunyoni obod etishlari zarurdir. Naqshbandiya tariqatining «dil
ba yoru, dastba kor» (diling Ollohdayu qo‘ling mehnatda bo‘lsin) degan
asosiy qoidasi ham yuqoridagi g‘oyaga aynan mos keladi.
Naqshband ta’limoti, shuningdek, boshqalar mehnati hisobiga kun
kechirishni, tekinxo‘rlikni, ijtimoiy zulm va istibdodni qat’iyan
qoralaydi. Bu ta’limot kishilarni faqat o‘z kuchi, peshona teri bilan halol
mehnat qilib kun kechirishga chaqirgan, odamlarni savdo-sotiq,
dehqonchilik, hunarmandchilik, adabiyot, ilm-ma’rifat, xattotlik,
naqqoshlik, bunyodkorlik va hokazo barcha foydali va xayrli yumushlar
bilan shug‘ullanishga da’vat etgan.
Ma’naviyat taraqqiyotining ikkinchi muhim manbai, ya’ni fan-
madaniyat rivojiga bevosita sohibqironning o‘zi rahnamolik qilganligi
ham g‘oyatda katta ahamiyatga molik bo‘lgan hodisa edi. Gap shundaki,
mamlakatda ilm-fan, madaniyatni rivojlantirish ishlarini farmon va
qarorlar chiqarish yo‘li bilan ham, ehtimol, uddalasa bo‘lar edi. Lekin
Amir Temur boshqacha yo‘l tutdi. Madaniyat, fan, san’at taraqqiyotini,
me’morchilik va hunarmandchilik ravnaqini, eng muhimi, san’atkor,
hunarmand atalmish ijodkorning nozik qalb torlarini ishga solishda
yurtboshi shaxsiyatining ma’naviyatga bo‘lgan qalb qo‘ri kuchining
nechog‘lik muhimligini chuqur angladi. Shu sabab, Amir Temur
ma’naviyat muammolarini qaror va ko‘rsatmalardan tashqari, bevosita
shaxsiy homiyligi hamda rahnamoligi usullari bilan hal etish yo‘lini
tanladi. Voqean, madaniyat tarixida hali shoyon bo‘lmagan bu yo‘l
Hazrat Sohibqiron davrida madaniyat yuksalishining ichki kuchiga,
ma’naviyat taraqqiyotining muhim va qudratli omiliga aylandi.
Shunday qilib, Amir Temur davri ma’naviyatining yuqoridagi ikki
asosiy omili ilm-fan, madaniyat, san’at taraqqiyotining qudratli vositasi
bo‘lib xizmat qildi. Bu omillar Sohibqiron hukmronligi davrida
madaniyat yuksalishiga nechog‘lik hissa qo‘shgan bo‘lsalar, keyinchalik,
temuriylar saltanati davrlarida ham jamiyat madaniyatining o‘sishiga
shunchalar ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
77
Amir Temur davri ma’naviyati faqat axloqiy-madaniy hodisa bo‘lib
qolmasdan jamiyat mafkurasining shakllanishi va rivojlanishi uchun ham
asos bo‘ldi. Bu bilan u jamiyat mafkurasi sifatida Amir Temur davlati
ijtimoiy-siyosiy hayotiga faol ravishda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Bu ta’sir avvalambor Amir Temur davlati siyosatida ayniqsa ravshan
ko‘rindi. Siyosatda haqiqat qaror topib, odil jamiyat qurish g‘oyasi tasdiq
etildi. Sohibqiron bu g‘oyani yanada takomillashtirib va unga aniqlik
kiritib «Adolat kuchda emas, kuch-adolatdadir» degan mashhur hamda
bu davrgacha davlatlar tajribasida asosiy g‘oya sifatida qo‘llanilmagan
qoidani kashf etdi
Davlatni adolat yuzasidan boshqarishning yo‘lga qo‘yilishi davlat
ishlarini, shuningdek, jamiyat voqea-hodisalarini ana shu mezon bilan
baholashni taqozo etar edi. Shu maqsadda davlatni boshqarish masalalari
maxsus tashkil etilgan (hozirgi parlament bosqichlarini eslatuvchi) katta
va kichik kengashlar muhokamasiga qo‘yiladigan bo‘ldi. Kengashlar
oralig‘ida pishib-yetilgan shoshilinch masalalar esa favqulodda maslahat
kengashlarida hal etilishi joriy etildi. Mamlakatda qat’iy tartib-intizom
o‘rnatildi. Adolat oldida barcha: shoh ham, fuqaro ham tenglashtirildi.
Ta’lim-tarbiya shu asosda olib borildi. Va, nihoyat, adolat qoidasi
yo‘rig‘ida «Temur tuzuklari» maydonga keldi. «Temur tuzuklari» Temur
davlatini boshqarishning asosiy yo‘llanmasi sifatida xizmat qildi.
Amir Temur davri ma’naviyati va bu ma’naviyat asosida yuzaga
kelgan mafkura Sohibqiron harbiy yurishlarining maqsadlari va yakuniy
natijalarini ham belgilab berdi.
Harbiy yurishlarining asosiy maqsadi-Markaziy Osiyoda birlashgan
qudratli davlat tuzish, mintaqada tinchlik, barqarorlik o‘rnatish,
obodonchilik ishlarini yo‘lga qo‘yish, fan-madaniyatni rivojlantirish va
hokazolar edi. Bunday yuksalishga erishmoq uchun mayda, qabilachilik
asosida tashkil topgan davlatlarni birlashtirish, ular o‘rtasidagi
kelishmovchiliklar, janjallarga chek qo‘yish, ipak yo‘lini qayta tiklab
uzoq-yaqin va xorijiy o‘lkalar o‘rtasida savdo-sotiqni rivojlantirish,
madaniy aloqalarni kuchaytirish zarur edi. Ana shu maqsadlarda olib
borilgan harbiy yurishlar natijasida Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqning
katta qisimlarini o‘z ichiga olgan ulkan mintaqada Buyuk davlat-Temur
imperiyasi yuzaga keldi. Bu bilan mintaqada urush-janjallar barham
topdi; xo‘jalikni, savdo-sotiqni rivojlantirish uchun imkoniyatlar
yaratildi; fan, madaniyat, san’at rivojiga keng yo‘l ochildi. Eng muhimi-
Buyuk imperiyaning barcha hududlarida adolat hukmronligi o‘rnatildi.
78
Bularning barchasi asosida Amir Temur davri ma’naviyati va bu
ma’naviyat mazmunida tashkil topgan jamiyat mafkurasi yotar edi. Bu
esa o‘z davri ilm-fani va madaniyatining gurkurab rivojlanishiga keng
yo‘l ochib o‘zining buyuk samarasini berdi. Bu samara Amir Temur
zamonasida shakllangan va keyinchalik temuriylar davrida rivojlangan
quyidagi to‘rt yo‘nalishdagi buyuk maktablarda o‘z ifodasini topdi. Bular
Mirza Ulug‘bek boshchiligidagi fan taraqqiyoti, Alisher Navoiy
rahnamoligidagi adabiyotlar, Abdulqodir Marog‘iy ustozligidagi musiqa
san’ati, Komoliddin Behzod yetakchiligidagi rassomlik san’ati maktab-
lari edi.
Bu yo‘nalishlardagi ilm-fan, adabiyot, san’at asarlarida insonning
mohiyati, uning ijtimoiy sifatlari, inson va jamiyat o‘rtasidagi
munosabatlar, mehnatsevarlik, san’atga, hunarga, madaniyatga ishtiyoq
kabi falsafiy g‘oyalar ifoda etiladi. Shuningdek, bu asarlarda jamiyat
falsafasiga oid, odil jamiyat, odil podshoh, inson erkinligi, tinchlik,
totuvlik, obodonchilik kabi ilg‘or g‘oyalar targ‘ib qilinadi.
Tabiiyki, bunday qulay shart-sharoitda ko‘plab fan va madaniyat,
san’at va hunarmandlik, naqqoshlik va me’morchilik ilmi va amaliyoti-
ning buyuk namoyandalari yetishib chiqdilar. Chunonchi, buyuk olim va
davlat arbobi Mirza Ulug‘bek, xalqimizning mutafakkir shoiri va davlat
arbobi Alisher Navoiy, buyuk daho shoir Abdurahmon Jomiy va boshqa
ko‘p allomalar ana shu davrda yashab ijod etdilar.
Buyuk olim va davlat arbobi Muhammad Tarog‘ay Ulug‘bek (1394-
1449) astronomiya va matematika sohalarida jahonshumul ahamiyatga
ega bo‘lgan kashfiyotlar qildi. U Samarqandda hokimlik qilgan davrda
ilm-fan rivojiga katta e’tibor berdi. O‘z zamonasida jahonda eng yirik
hisoblangan Samarqand rasadxonasi-observatoriyasini, Sharqning yirik
dorulfununi hisoblangan madrasani qurdirdi, XV asr fanlar akademiyasi
hisoblangan astronomiya-matematika ilmiy maktabiga asos soldi. Uning
«Ziji Ko‘ragoniy» asari jahon astronomiya fanida buyuk asarlardan
biridir.
Mirzo Ulug‘bek o‘zining astronomiya va matematika sohalaridagi
tadqiqotlari bilan Markaziy Osiyoda ijtimoiy-falsafiy qarashlar rivojiga
katta hissa qo‘shdi. U fanda kuzatish usuliga katta e’tibor berdi, ilmiy
tadqiqotda matematik vositalar va mantiqiy usullar rolini alohida qayd
etdi. Shunisi diqqatga sazovorki, Ulug‘bekning astronomik hisob-
kitoblari hozirgi davr astronomik hisob-kitoblarga juda yaqindir.
Mirzo Ulug‘bek buyuk ma’rifatparvar hamdir. U ilmli bo‘lish,ilmiy
haqiqatni yechish inson uchun oliy fazilat ekanligini alohida ta’kidlaydi,
79
ana shu asosda ma’rifatli hayot, ma’rifatli jamiyat g‘oyalarini ilgari
suradi. Ulug‘bekning «Ilm olish har bir musulmon yigit va qiz uchun
farzdir» degan shiori keyingi davrlar ma’rifati uchun g‘oyat katta
ma’naviy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bu davrning buyuk mutafakkiri Alisher Navoiydir (1441-1501).
Alisher Navoiyning ijodi boy va ko‘p qirralidir. Unda borliq va uning
mohiyati, inson va inson hayotining mazmuni haqida chuqur falsafiy
mulohazalar, insonning baxt-saodat haqidagi orzu-umidlari, adolat va
axloqiy kamolot, komil inson va fozil jamoa, ularga yetish yo‘llari va
choralari xususidagi g‘oyalar o‘z ifodasini topgan.
Navoiyning ijodi o‘zining g‘oyaviy mazmuniga ko‘ra serqirra
bo‘lib, unda axloq masalasi muhim o‘rinda turadi. Shoir o‘zining
«Xamsa» asaridagi dostonlarda inson axloqining bir ko‘rinishi bo‘lgan
ishq-muhabbatni yuksak ijtimoiy-axloqiy tushuncha darajasiga ko‘taradi.
Ishq-muhabbat Navoiy talqinida Farhod, Majnun va boshqa romantik
qahramonlarning boshqaruvchi va tartibga soluvchi asosiy omildir.
Navoiy qahramonlari uchun ishq-bu inson qalbini turli illatlar va
hayvoniy hissiyotlar ta’siridan tozalovchi, insonda yuksak ma’naviy
tuyg‘ular uyg‘otuvchi qudratli ruh yoki axloqiy kuchdir. Xullas, ishq-
muhabbat Navoiy talqinida insonni ma’naviy takomillikka olib keluvchi
manbalardan biridir.
Navoiy, shuningdek, insonning mehnatsevarligini, axloqliligini,
donishmandligini yuqori baholaydi, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni,
do‘stlikni ulug‘laydi. Navoiy asarlarida XV asrning eng progressiv
g‘oyalari o‘z aksini topdi. Shoir yozadi:
Aql ila olam yuzin obod qil,
Xulq ila olam elini shod qil.
Navoiy inson go‘zalligini xalqparvarlik g‘oyalari bilan uzviy bog‘liq
holda talqin etadi. Navoiyning tushunishicha, odobli kishining yoshi
kichik bo‘lsa-da, uning el-yurt orasidagi martabasi balanddir. Shoir
«Mahbubul-qulub» asarida odob «ushoqlarni ko‘zga ulug‘ qilur, atvorni
xalq ulug‘ bilur», deb yozadi.
Mutafakkir go‘zal kishi odamlarga yaxshilik qilishi, saxovatli va
himmatli bo‘lishi kerak, deydi. Shoirning fikricha, yaxshilik insoniyat
bog‘ining shirin mevasi, odamiylik kishvarining sof gavharidir. Birovga
yaxshilikni ravo ko‘rmagan, saxovatsiz kishilarni Navoiy mevasiz
daraxtga, gavharsiz sadafga o‘xshatadi. Kishilarni saxovatli bo‘lishga,
odamlarga madad berishga chaqiradi. Bu xislatlarni insonning yuksak
fazilatlaridan biri deb hisoblaydi.
80
Navoiyning xushmuomalalik, shirinso‘zlik, muloyim takallumli
bo‘lish haqidagi fikrlari ham inson go‘zalligi to‘g‘risidagi
tushunchalarning ajralmas qismidir. Shoir so‘zning inson hayotidagi
katta ahamiyatini yaxshi tushunadi. Har bir so‘zni o‘ylab, o‘z o‘rnida
ishlatishga targ‘ib qiladi. «Mahbubul-qulub» da yozadi:
Ma’dani inson gavhari so‘zdurur,
Gulshani odam samari so‘zdurur.
Navoiy kishilarni rost so‘zlashga, mazmunli gapirishni urinishga
undashi bilan birga, yomon tildan, qo‘pol so‘zdan saqlanishni talab
qiladi. «Mahbubul-qulub»da «Muloyim takallum vahshiylarni ulfat sari
boshqarur; fusungar-afsun bilan ilonni inidan chiqarur», deydi.
Navoiy dunyoqarashi tasavvuf falsafasi, aniqrog‘i, Naqshbandiylik
falsafasi ta’sirida shakllandi. Tasavvuf falsafasi bo‘yicha ilohiyot va
koinot, ilohiyot va inson, ilohiylik va dunyoviylik, xullas, butun borliq
va Olloh bir-birlari bilan o‘zaro uzviy ravishda bog‘liqdir. Bu bog‘lanish
«vahdat-vujud» yoki panteizm, ya’ni borliq va ilohning (Ollohning)
birligi, bir butunligi g‘oyasida ifodalanadi. Navoiy ijodining butun
mohiyati ana shu g‘oyaga-borliq va Ollohning yaxlitligi, birligi
g‘oyasiga asoslangandir. Bu esa o‘sha davr ijtimoiy-falsafiy qarashlar
taraqqiyoti uchun, oddiy materialistik tushunchalarning rivoji uchun
katta omil edi.
Navoiyning falsafiy dunyoqarashida hurfikrlik yoki Ezgu fikrlilik
g‘oyasi muhim o‘rin egallaydi. Navoiy yaratgan badiiy obrazlar sofdil,
mard, olijanob insonlar bo‘lishi birga Ezgulik nuqtai nazaridan fikrlovchi
shaxslardir. Ularning bu xususiyatlari insonga nisbatan muhabbatda,
mavjud ijtimoiy munosabatlarni Ezgulik tomon o‘zgartirilishiga
qaratilgan ideal kurash xususidagi g‘oyalarda ifodalanadi.
Navoiyning bu va boshqa ilg‘or ijtimoiy-falsafiy g‘oyalari o‘z
davrida va undan keyin ham uzoq muddat Markaziy Osiyoda ilg‘or
fikrlar taraqqiyotiga katta ta’sir etib keldi.
Shunday qilib, Amir Temur va temuriylar davrida jamiyatda qaror
topgan ma’naviyat, insonparvarlik, obodonchilik, bunyodkorlik, jamiyat
manfaati uchun mehnat qilish g‘oyalari, ilm-ma’rifatga, san’at va
hunarga o‘chlik va hokazo hayotiy ishtiyoqlarning faolligi o‘z davri
falsafasida g‘oyatda ilg‘or falsafiy mushohadalar hamda ilmiy-falsafiy
yo‘nalishlarning yuzaga kelishi va rivojlanishiga asos bo‘ldi.
Bunday yo‘nalishlarning biri inson falsafasi mavzui edi. Inson
mohiyati, uning aql-zakovati, hayotda tutgan o‘rni, odobi va hokazo
81
fazilatlari falsafiy mavzu sifatida talqin etildi; inson va jamiyat, insonlar
munosabatlari, inson va mehnat, hunar, san’at, madaniyat va hokazo
sohalar o‘tgan tarixiy davrlarga nisbatan chuqurroq va har tomonlama
o‘rganila boshlandi.
Bu davr falsafasida jamiyat ilmiga ham kengroq, ham teranroq
ahamiyat berildi. Odil podshoh va odil jamiyat masalasi faqat nazariy
yoki badiiy shakllarda emas, amaldagi siyosiy, Amir Temur va
temuriylar davlatlari boshqarish tajribalarida ham o‘z ifodasini topa oldi.
Ana shu g‘oyaning amalda ko‘rinishi sifatida tinchlik, totuvlik,
obodonchilik falsafasi oldinga surildi.
Amir Temur davri falsafasining yana bir muhim yo‘nalishi huquq
falsafasidir. Bu yo‘nalishning yuzaga kelishi va rivojlanishi «Temur
tuzuklari» kitobining yuzaga kelishi bilan bog‘liqdir. Kitobda ilgari
surilgan asosiy falsafiy g‘oya «adolat» mezoniga nisbatan yondashuvda
o‘z ifodasini topdi. Sohibqiron tomonidan kashf etilgan va bu
mahalgacha davlatlar tajribasida ommalashmagan «Kuch – adolatdadir»
qoidasi jamiyatning barcha huquqiy hodisalarini, ularni falsafiy
mushohada qilish yo‘llarini asoslab berdi.
XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Movarounnahr va Xurosonda
temuriylar hukmronligi yemirilib, Shayboniyxon hukmronligi o‘rnatildi.
Shayboniyxon hukmronligi uzoqqa cho‘zilmadi. 1510-yilda
Shayboniyxonning halok bo‘lishi u tuzgan davlatning tobora zaiflashib
ketishiga sabab bo‘ldi. Natijada Buxoroni ashtarxoniylar egalladilar.
Shundan so‘ng birin-ketin Buxoro, Xorazm va XVIII asrning oxirida
Qo‘qon xonliklari vujudga keldi. Bunday siyosiy tarqoqlik, o‘zaro
urushlar ijtimoiy taraqqiyotga salbiy ta’sir etdi, albatta. Lekin, qanday
bo‘lmasin, ijtimoiy-falsafiy fikrlar harakati to‘xtab qolgani yo‘q. Ijtimoiy
fikrlar rivojlanishi jarayonida Alisher Navoiyning ilg‘or g‘oyalari muhim
o‘rinda turmoqda edi. Bu davrda ilg‘or ijtimoiy fikrlarni imkon
darajasida o‘stirishda Mirzajon Sheroziy, Yusuf Qorabog‘iy, Muhammad
Sharif Buxoriy, Inoyatullo Buxoriy, Xusayn Xalxoliy va boshqalar o‘z
hissalarini qo‘shdilar. Ular falsafa, tarix, tilshunoslik va boshqa
sohalarga oid bir qator asarlarning mualliflari bo‘lishlari bilan bir
qatorda, o‘z o‘tmishdoshlari asarlariga sharh va izohlar yozish bilan o‘z
ijtimoiy hamda falsafiy fikrlarini bayon etganlar.
Bu davrda O‘rta Osiyodagi falsafiy tafakkur rivojini tadqiqotchilar
ikki asosiy yo‘nalishga bo‘ladilar. Birinchisi O‘rta Osiyoning o‘zida
kechgan yo‘nalish. Ikkinchisi-Hindistonda boburiylar davridagi O‘rta
82
Osiyolik mutafakkirlarning ijodidan tashkil topgan yo‘nalishlardir.
Ikkinchi yo‘nalishga mansub mutafakkirlar davr taqozosi yoki boburiylar
sulolasi da’vati tufayli Hindistonga borib o‘troq bo‘lib qolgan o‘rta
osiyoliklar bo‘lib, Movarounnahr va Xuroson falsafiy maktabi
tarbiyasini olgan (yoki o‘qib o‘rgangan) allomalar edilar. Shuning uchun
ularning ijtimoiy-falsafiy g‘oyalari O‘rta Osiyo ilg‘or ijtimoiy fikrlarning
mantiqiy bo‘lagi hisoblanar edi. Shunga ko‘ra, bu yo‘nalish bo‘yicha ijod
etgan mutafakkirlar merosi bevosita O‘rta Osiyo falsafiy tafakkurining
tarkibiy qismini tashkil etadi.
Bu mutafakkirlar orasida Abdulqodir Mirzo Bedil (1644-1721)ning
badiy, ijtimoiy, huquqiy, falsafiy merosi ayniqsa diqqatga loyiqdir.
Bedil nasabiga ko‘ra, o‘zbekning barlos qavmidandir. U Hindis-
tonda, Bengaliyaning Azimobod shaharida dunyoga kelgan. Uning
hayoti murakkab bir davrga – Hindistonda boburiylar hukmronligi
oxirlab borib, G‘arbiy Yevropa mamlakatlari, ayniqsa Angliyaning
Hindistonga nisbatan kolonial urushlari boshlanayotgan davrga to‘g‘ri
keladi. U madrasada birmuncha tahsil ko‘rgach, Mirza Avrangzeb o‘g‘li
Muhammad A’zamshoh harbiy kuchlariga xizmatga kiradi. Keyinchalik
bu xizmatdan ketib, qolgan umrida tamomila she’riy ijod va falsafa bilan
shug‘ullanadi va 1721-yilda Dehlida vafot etadi.
Mirzo Bedil o‘zining ijodiy faoliyati davomida 16 kitobdan iborat
«Kulliyot», «Chor unsur», «Irfon», (bilim), «Nuqot» (Hikmatli so‘zlar)
kabi falsafiy asarlar, «Ruboiyot», «G‘azaliyot» kabi she’riy to‘plamlar
yaratdi. Bedil g‘oyalari nihoyat teran, murakkab va so‘z san’atining
o‘tkir hamda pinhoniy usullari asosida bayon etilgan. Shuning uchun o‘z
davrida va undan keyin ham Bedil asarlarini o‘qish hamda ularning
mazmunini tushuntirib berish yuksak san’at hisoblangan.
Bedilning dunyoning birligi haqidagi fikrlari g‘oyat muhimdir.
Uning talqinicha, bir niholdan chiqqan meva ikki xil bo‘lmaganidek,
haqiqat ham ikkiga bo‘linmaydi, ya’ni haqiqat-dunyo ikkiga bo‘lin-
maydi, u yaxlit birlikdan iboratdir. Bedil dunyoni tashqi ko‘rinishidan
moddiy, ichki mohiyati jihatidan esa ilohiydir, deb tushuntiradi.
Mutafakkir «Vahdati vujud», ya’ni falsafadagi panteizmning ma’nosini
oddiy misolda yorqin tushuntiradi. Bir ruboiysida shishagar o‘z
do‘konidan tashqarida hech vaqt ijod qilmaganidek, odamlar pari deb
xayol qilgan xudo (Olloh) ham tabiatning o‘zidadir, deydi.
Bedil ta’limotida dialektikaning ajoyib namunalarini ko‘rish
mumkin. U dunyoning abadiyligini tan oladi, uni hamisha harakatda
83
ekanligini uqdirdi. Bu jarayonda esa konkret narsalar, jumladan insonlar
ham o‘tkinchi ekanligini, gapirib, ko‘p misollar bilan o‘z fikrini
asoslaydi.
Bedilning bilish haqidagi fikrlari ham e’tiborga molikdir. Uning
fikricha, hissiy bilish va aqliy bilish bir-birlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib,
bir butunlikni tashkil etadi. Shu bilan birga Bedil bilishning hissiy
bilishdan boshlanishini alohida ta’kidlaydi.
Bedilning ijtimoiy qarashlari xususida shuni aytish lozimki, u
adolatsiz davlat, adolatsiz jamiyatni qoralab, odil jamiyat, odillik
saltanatni orzu qildi.
O‘rta Osiyo ijtimoiy fikrlari rivojlanishi tarixida o‘ziga yarasha hissa
qo‘shganlardan biri hur fikrli shoir va mutafakkir Boborahim Mashrabdir
(1653-1711). Mashrabdan boy badiiy meros qolgan. Uning ko‘plab
g‘azal va ruboiylari, muxammas va musaddaslari xalq orasida mash-
hurdir.
Mashrab o‘z zamonasida Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida keng
tarqalgan tasavvufning qalandarlik oqimiga e’tiqod qiladi va bu ko‘p
hollarda uning ijtimoiy tushunchasi mazmunini belgilaydi. U o‘zining
she’rlarida ilohiy sevgini, Ollohga muhabbatini jozibali ifodalaydi. Shu
bilan birga, dunyo tashvishlarini, insoniy fazilatlarni, xalq ommasi
ahvolini yaxshilash muammolarini ham kuylaydi.
Mashrab yaxshi fazilatlarni Ollohdan qidiradi. Uning fikricha,
Ollohni sevgan kishi insonlarni ham sevishi, o‘zida go‘zal fazilatlarni
mujassamlantirgan bo‘lishi lozim.
Mashrabning ijtimoiy-siyosiy va axloqiy tushunchalari ham
e’tiborga sazovordir. U o‘zi yashagan davrda hokimlardan adolatli chora-
tadbirlarni kutadi. Ularga murojaat qilib, xalq to‘g‘risida g‘amxo‘rlik
qilishni, ularning arz-dodiga quloq solishni so‘raydi. Odamlarni yaramas
xatti-harakatlaridan, yomon qiliqlardan, xususan, takabburlikdan,
yolg‘on so‘zlashdan saqlanishga undaydi.
Mashrab dunyoqarashi murakkab va qarama-qarshi xususiyatlarga
egadir. Bir tarafdan u adolatli jamiyat haqida xayol qiladi, inson va uning
eng yaxshi fazilatlarini kuylaydi. Ikkinchi tarafdan, haqiqat va adolatga
erishish mushkulligini tushungan shoir ruhiy tushkunlik va umidsizlikka
tushadi, tarkidunyochilik g‘oyalari bilan sug‘orilgan she’rlar yozadi, o‘zi
yashayotgan zamondan zorlanadi, kishilarni bu jafokash va foniy
dunyodan yuz o‘girishga, oxirat umidida yashashga da’vat qiladi.
XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyo xalqlari tarixida yangi-
mustamlaka davri boshlandi. Chor Rossiyasi 60-70 yillar davomida yerli
84
xalqlarning norozilik kurashlarini qurol va zo‘ravonlik bilan bostirib,
O‘rta Osiyoning katta qismini bosib oldilar. Buxoro va Xiva xonliklari
rus chorizmining mustamlakachilik siyosati ta’sirida bo‘lsa-da, XX asr
boshigacha o‘zining yarim mustaqilligini saqlab qoldi
Chor hukumati mustamlaka hududlaridan to‘liq va har tomonlama
foydalanish, xom ashyoni ko‘proq olib ketish, xalqni itoatda saqlash
maqsadlarida Turkistonga sanoatni olib kira boshladi, dastlabki ishlash
bo‘yicha kichik sanoat korxonalari (paxta zavodlari) qurila boshlandi.
Yangi binolar, telefon, elektr, pochta, telegraf paydo bo‘ldi. Xomashyoni
tashib olib ketish maqsadida temir yo‘l qurilib, markaz bilan mustamlaka
o‘lkasi o‘rtasida poyezdlar qatnay boshladi.
O‘lka hayotidagi bu yangiliklar garchand asosan o‘lkadan ko‘proq
xom ashyoni o‘ng‘ay yo‘l bilan olib chiqish uchun qilingan bo‘lsa-da, bu
hol ijtimoiy va madaniy hayotda o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Natijada
Turkiston ma’naviy hayotida ma’rifatparvarlik harakati vujudga kelib,
rivoj topa boshladi.
Shu davrda yashab ijod etgan xalqimizning ko‘zga ko‘ringan
ma’rifatparvarlari Ahmad Donish, Furqat, Muqimiy, Zavqiy,
shuningdek, qoraqalpoq mutafakkiri Berdimurod Berdaq va boshqalar
o‘z asarlarida adolatli tuzumni, davlat hukmdorlarining odil va
donishmand bo‘lishlarini tashviq qildilar, xalqni ma’rifatga, ilm olishga,
dunyo tillarini o‘rganishga chorladilar.
Bu davr ma’naviy hayotidagi yana bir oqim jadidizmdir. Jadidizm
Sovet davrida noto‘g‘ri talqin etilib, millatchilik oqimi deb qoralanib
kelindi. Aslida esa jadidizm ma’rifatparvarlik harakatining yo‘nalishi
bo‘lib, uning namoyandalari mamlakatni feodal qoloqlikdan chiqarish,
milliy mustaqillikka erishish uchun kurashda jonbozlik ko‘rsatganlar.
Jadidizmning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari Behbudiy, Avloniy,
Abdurauf Fitrat, Munavvar Qori va boshqalarning ijodiy g‘oyalari hamda
amaliy faoliyatlari ana shunga qaratilgan edi.
Yüklə Dostları ilə paylaş: |