DUNYOQARASH VA UNING TARIXIY SHAKLLARI.
MUSTAQILLIK VA FALSAFIY DUNYOQARASHNING
YANGILANISH ZARURATI
1-§. «Dunyoqarash» tushunchasi, uning mohiyati
va tuzilishi
Har bir kishining dunyoga nisbatan o‘z qarashi, o‘zi va o‘zgalar,
hayot va olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, xulosalari bo‘ladi. Ana shu
tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa
odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi.
Shu ma’noda, dunyoqarash insonning tevarak atrofini qurshab turgan
voqelik to‘g‘risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o‘zining undagi o‘rni
haqidagi qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir. Dunyoqarash – olamni
eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilish.
Dunyoqarash – insonning olamni bir-butun yoki turli tuman holda
ko‘rishi, idrok etishi, tasavvur qilishi, tushunishi hamda unda o‘z o‘rni va
mavqeini, munosabatini belgilovchi qarashlar, baholar, tamoyillar
majmuasidan iborat murakkab tizimdir.
Demak, dunyoqarash insonning nafaqat dunyo va o‘z-o‘zini anglash
haqidagi bilimlar yig‘indisigina emas, balki dunyoni ma’lum darajada
tushunish bilan birga uni baholash usuli hamdir. «Dunyoqarash»
ijtimoiy-tarixiy hodisa sifatida keng qamrovli tushuncha bo‘lib, o‘zida
turli xil elementlarni birlashtiradi. Bu o‘rinda «dunyoqarash»ni «ijtimoiy
ong» tushunchasi bilan solishtirsa tinglovchilarga tushunarli bo‘ladi,
chunki ularning tuzilishida bir-biriga yaqinlik bor. Jumladan,
dunyoqarash tarkibida ijtimoiy ongdagi singari darajalar, turlar va
elementlar mavjuddir. Quyida qiladigan tahlillarimizda dunyoqarashning
tuzilishi haqida tushuncha berishga harakat qilamiz.
19
Dunyoqarash tarkibiga borliqning hissiy va aqliy in’ikosi sifatida
hosil bo‘lgan sezgi, idrok va tasavvurdan tortib, tafakkurda mantiqiy
jihatdan nazariy asosda qayta ishlangan falsafiy, siyosiy, huquqiy,
axloqiy, estetik, diniy, badiiy va ilmiy bilimlar, nuqtai nazarlar, ishonch
va e’tiqodlar kiradi.
Dunyoqarash tarkibida hissiyot va aql muhim o‘rin tutadi. hissiyot
dunyoqarashning emotsional-ruhiy jihati bo‘lib, dunyoni tushunish esa,
dunyoqarashning aqliy shaklidir. Hissiyot – quvonch, shodlik,
zavqlanish, hayot va kasb-kordan mamnunlik yoki norozilik,
hayratlanish, xavotirlanish, asabiylashish, yolg‘izlik, zaiflik, ruhiy
tushkunlik, g‘am-g‘ussa, nadomat, o‘z yaqinlari va vatani taqdirini
o‘ylash kabi xilma-xil shakllarda namoyon bo‘ladi. Ana shular
barchasining uyg‘unligi dunyoni his etishga olib keladi. Dunyoni his
qilish esa, uni aqliy tushunishga, muayyan dunyoqarashning
shakllanishiga asos bo‘ladi.
Inson aqli unga xos hissiyot va tasavvurlar asosida ilmiy
dunyoqarashni shakllantiradi va takomillashtiradi. Har bir kishiga xos
hissiyot va fikr, bilim va e’tiqod, intilish va kayfiyat, orzu-umid va
qadriyatlar dunyoqarash tarkibida yaxlitlashadi va olamni bir butun
holda aks ettiradi. Bir butun, yaxlit dunyoqarashning shakllanishi
bolalikdan boshlanib, inson hayotining oxirigacha davom etadi. Bu holat
individual dunyoqarashning asosiy tamoyillaridan birini ifodalaydi.
Dunyoqarash tarkibiga, shu bilan birga, kundalik turmushdagi
hayotiy-amaliy malaka va ko‘nikmalar hamda muayyan maqsadga
yo‘naltirilgan, tartib va tizimga ega bo‘lgan ilmiy-nazariy bilimlar ham
kiradi. Dunyoqarash kundalik va nazariy darajalariga egadir.
Dunyoqarashning kundalik darajasi – bu kundalik hayotiy tajribalar
asosida jamiyatda, odamlarda oddiy, o‘z-o‘zicha rivojlanuvchi (stixiyali)
mohiyatga ega bo‘lgan qarashlar, tushunchalar, g‘oyalar yig‘indisidir. Bu
– dunyoqarashning o‘z-o‘zicha rivojlanuvchi (stixiyali) shakli
hisoblanadi. Uni ko‘pincha hayotiy falsafa, deb ham ataydilar.
Hayotiy falsafaning doirasi juda keng bo‘lib, ongning sodda
namoyon bo‘lish shakllarini ham, oqilona va sog‘lom fikrlarni ham o‘z
ichiga oladi. Hayotiy falsafa yoki oddiy amaliy dunyoqarashning o‘ziga
xos turini inson faoliyatining turli sohalaridagi bilim va tajribalar
ta’sirida shakllanayotgan qarashlar tashkil etadi. «Har kimning o‘z
falsafasi bor» deyilganida ana shu hol anglashiladi. Demak, dunyoqarash
o‘zining kundalik ommaviy shakllarida chuqur va yetarli darajada
asoslanmagan stixiyali xarakterga ega. Shuning uchun ham ko‘p hollarda
20
kundalik tafakkur muhim masalalarni to‘g‘ri tushuntirish va baholashga
ojizlik qiladi. Buning uchun olamni ilmiy tahlil qilish va bilish zarur. Bu
o‘rinda dunyoqarashning yuqori darajasi bo‘lmish nazariy dunyoqarash
tahlilimiz obyektiga aylanadi.
Nazariy dunyoqarash – bu dunyoqarashning insoniyat tajribasida
erishilgan bilimlarning muayyan tartibiylik va tizimiylik asosida
shakllangan yuqori darajasidir. Demak, dunyoqarash kundalik va nazariy
darajalaridan iborat bo‘lar ekan.
Dunyoqarash tarkibining keyingi tahlilida, uning individual va
ijtimoiy deb ataluvchi turlariga murojaat qilamiz.
Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli
individual dunyoqarash deyiladi. Guruh, partiya, millat yoki butun
jamiyatga xos dunyoqarashlar majmuasi esa, ijtimoiy dunyoqarash deb
yuritiladi. Ijtimoiy dunyoqarash individual dunyoqarashlar yig‘indisidan
dunyoga keladi, deyish mumkin. Bunda ijtimoiy dunyoqarashning
umumiy va xususiy shakllarini hisobga olish lozim.
Shuningdek, dunyoqarash o‘z tarkibiga bilimlar, baholar, qarashlar,
tamoyillar, e’tiqod, ishonch va qadriyatlar singari bir qator elementlarni
ham qamrab oladi.
Dunyoqarash, mohiyat-mazmuniga ko‘ra, ma’naviy faoliyat bo‘lgani
bois, u borliqqa bo‘lgan ongli, insoniy munosabatning muayyan
yo‘nalishlarini vujudga keltirgan. Masalan, kishilarning jamiyatdagi
axloqiy munosabatlari – axloqiy dunyoqarashlarida, huquqiy
munosabatlari – huquqiy, siyosiy munosabatlari – siyosiy, diniy
munosabatlari – diniy, ekologik munosabatlari – ekologik dunyoqarash
shakllarida o‘z ifodasini topgan. Buni tizim tarzida izohlaydigan bo‘lsak,
quyidagicha ko‘rinish kasb etadi. Axloqiy, diniy, huquqiy, siyosiy,
ekologik va estetik.
Bu tizimni tashkil qilgan nisbatan mustaqil dunyoqarash shakllari
o‘zaro bog‘liqlikda, aloqadorlikda harakat qiladi. Dunyoqarash
tizimining rivojlanish darajasi jamiyat taraqqiyotiga mos keladi va uni
ifodalab turadi. Bundan tashqari, har bir tarixiy davrda millatning
rivojlanishi, uning mentaliteti va dunyoqarashida namoyon bo‘ladi.
Boshqacha qilib aytganda, dunyoqarash tizimi va ularning xususiyatlari
muayyan inson, ijtimoiy guruh, tabaqa va butun millatning ma’naviy
qiyofasini belgilab beradi.
«Dunyoqarash» tushunchasi o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, milliy
g‘urur, tarixiy xotira, ma’naviy barkamollik kabi tuyg‘u va tushunchalar
bilan uzviy bog‘liq holda shakllanadi. Chunki, dunyoqarash aynan ana
21
shu ruhiy-ijtimoiy hodisalar orqali oydinlashadi, umuminsoniy
qadriyatlarning tarixiy bir bo‘lagiga aylanadi.
Inson ongli ijtimoiy mavjudot bo‘lgani bois, uning dunyoqarashi
muayyan ehtiyoj va manfaatlarga asoslanadi. Demak, har qanday
dunyoqarash muayyan inson, ijtimoiy guruh yoki tabaqaning o‘z ehtiyoj,
manfaatlaridan kelib chiqqan holda borliqqa munosabatini ifodalovchi
g‘oyalar, nazariyalar, bilimlar majmuasi, ruhiy holat va e’tiqod
mujassami hamda ularning namoyon bo‘lishidir.
Dunyoqarash muayyan davrda shakllanadi. Shu ma’noda, har
qanday dunyoqarash ijtimoiy-tarixiy mohiyatga ega bo‘lib, kishilarning
umri, amaliy faoliyati, hayoti, tabiatga ta’siri va mehnati jarayonida
vujudga keladi. Har bir davrda ijtimoiy guruh, jamiyat va avlodning o‘z
dunyoqarashi mavjudligi ham bu tushunchaning tarixiy mohiyatga ega
ekanini ko‘rsatadi.
Dunyoqarashning tarixiyligi yana shundaki, u ma’lum dialektik
jarayonda takomillashib boradi. Uning shakllari o‘zgaradi, tarixiy
ko‘rinishlari muttasil yangilanib turadi.
Dunyoqarash jamiyat rivojiga mos ravishda asta-sekin takomillashib
borgan. Taraqqiyotning har bir yangi bosqichida oldingi davrlarga
nisbatan fan, madaniyat, ishlab chiqarish sohalarida qilingan yangi-yangi
kashfiyotlar inson dunyoqarashi naqadar chuqurlashib, uning bilimlar
doirasi borgan sari kengayib borishidan dalolat beradi. Bunda vorislik
an’anasi yaqqol ko‘zga tashlanadi: har bir davrning dunyoqarashi,
g‘oyasi o‘tmishda yaratilgan ma’naviy qadriyatlarning eng yaxshilarini,
ilg‘or va ijobiylarini o‘zida saqlab qoladi. Shu asosda yangi tamoyillarga
ega bo‘lgan dunyoqarash ham takomillashib boradi. Oddiy bug‘
mashinasidan kosmik raketalargacha bo‘lgan fan-texnika taraqqiyoti
bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Jamiyatning rivojlanib borishi bilan insonning amaliy bilish faoliyati
ham rivojlanib boradi. Bu o‘z navbatida dunyoqarashning ham rivojlanib
borishini taqozo qiladi. Insonning dunyoni amaliy o‘zlashtirishining
o‘zgarib borishi bilan uning ongidagi in’ikos bo‘lgan dunyoqarash ham
o‘zgarib borishi bilan uning ongidagi in’ikos bo‘lgan dunyoqarash ham
o‘zgarib, rivojlanib, yangi-yangi tarixiy shakllari paydo bo‘lib boradi.
Tarixiy jihatdan dunyoqarash oddiy kundalik ong – dunyoni yuzaki,
cheklangan tushunishdan boshlab mifologiya, diniy va falsafiy
dunyoqarashlar tomon rivojlanib boradi. Mifologiya, diniy va falsafiy
dunyoqarashlar dunyoqarashning tarixiy shakllarini tashkil qiladi.
Keyingi savolda dunyoqarashning aynan shunday tarixiy shakllari va
ularning o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishib chiqamiz.
22
Yüklə Dostları ilə paylaş: |