I BO‘LIM
FALSAFA VA UNING MUAMMOLARI
1-bob.
FALSAFA FANINING PREDMETI, VAZIFALARI VA UNING
ICHKI ISHLAR IDORALARI XODIMLARI FAOLIYATI UCHUN
AHAMIYATI
1-§-Falsafaning bahs mavzui va ilmiy-nazariy o‘rganish,
tadqiq etish masalalari
Falsafa insoniyat tarixidagi eng qadimiy ilmlardandir. Falsafa inson
ma’naviy madaniyatining eng qiziqarli sohalaridan biri hisoblanadi.
Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash inson tabiatiga xos, demak uning
o‘zi kabi falsafa ham qadimiydir. Falsafa olam va uning yashashi,
rivojlanishi, o‘zgarishi, taraqqiyoti, hayot va inson umrining mohiyati,
borliq va yo‘qlik kabi ko‘plab muammolar haqida bahs yuritadigan
qadimiy fandir.
«Falsafa» atamasi qadimgi yunon tilidan olingan bo‘lib, «Filio» –
sevmoq va «sofos» – donishmandlik so‘zlarining birikuvidan iborat.
Uning lug‘aviy ma’nosi – «donishmandlikni sevish» demakdir.
Abu Nasr Forobiy o‘zining «Falsafaning ma’nosi va kelib chiqishi
haqida» deb nomlangan asarida «falsafa» atamasi yunon tilidan kelib
chiqqanligini tasdiqlaydi.
Falsafa tabiat, jamiyat va insonning mohiyati haqidagi eng umumiy
bilimlarni o‘zida ifodalab, insonni borliqqa bo‘lgan munosabatining
metodologik asoslarini belgilab beradi, tabiat, jamiyat va inson tafakkuri
rivojlanishining eng umumiy qonunlarini o‘rganadi va falsafiy
dunyoqarashni shakllantiradi.
Falsafa bundan 3 ming yil ilgari fan sifatida paydo bo‘ldi. Uning
paydo bo‘lishida jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyot
muhim rol o‘ynadi. Chunki, falsafa ijtimoiy ongning alohida o‘ziga xos
shakli sifatida jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy hayoti bilan
chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularni o‘zida aks ettiradi.
Falsafa fan sifatida borliqni, ya’ni tabiat, jamiyat, inson va uning
tafakkuri taraqqiyotining eng umumiy qonunlarini o‘rganadi. Bundan
kelib chiqqan holda falsafiy bilimlar doirasi ham juda keng bo‘lib,
ularning tarkibiga quyidagilar kiradi:
7
a) ontologiya – borliq haqidagi qarashlar;
b) sotsiologiya – jamiyat haqidagi qarashlar;
v) gnoseologiya – borliqni bilish muammolari;
g) logika – inson tafakkuri qonunlari haqidagi qarashlar tizimi.
Bundan tashqari, axloqiylik va go‘zallik haqidagi bilimlar tizimini
o‘z ichiga olgan etika va estetika ham falsafiy bilimlar qatoriga kiradi.
Insoniyat tarixining turli davrlarida falsafa nima va u nimani
o‘rganadi degan savollarga turli mutafakkirlar turlicha javob berib
kelganlar. Buning esa o‘ziga xos bir qancha sabablari bo‘lgan.
Insoniyatning ijtimoiy amaliyoti va ma’naviyati rivojlanib borishi bilan
falsafaning bahs mavzui, uning jamiyat hayotidagi o‘rni ham doimo
o‘zgarib borgan. Bu esa har bir davrda borliqni, tabiatni, inson hayoti va
jamiyatni tushunishda turli xil falsafiy qarashlar paydo bo‘lishiga olib
kelgan. Ijtimoiy-tarixiy davrlarning turli bosqichlarida falsafa siyosat,
iqtisodiyot, fan va madaniyat, san’at va adabiyot, shuningdek, din bilan,
xullas, jamiyatning ma’naviy hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan.
Falsafaning jamiyatdagi roli ayni shu vaqtning o‘zida o‘zgarib borgan.
Xuddi shu tarzda falsafiy qarashlarning rivojlanib borishi turli xil
oqimlar va yo‘nalishlarni keltirib chiqargan.
Falsafa taraqqiyotida muayyan umumiy nazariy qarashlarni ishlab
chiqqan mutafakkirlarning bir qismi o‘zining e’tiborini tabiatga, uni
tushuntirish va izohlab berishga qaratganlar. Bunga Lukretsiy Karning
«Narsalarning tabiati to‘g‘risida», Ahmad al-Farg‘oniyning «Astronomik
risolalar», al-Xorazmiyning «Vasaya: az-Zijji mumtaxana», J.Brunoning
«Dunyoning ikki sistemasi to‘g‘risida suhbat», D.Didroning «Tabiatni
bayon qilish haqida fikrlar», P.Golbaxning «Tabiat sistemasi»,
Gegelning «Tabiat falsafasi», A.Gersenning «Tabiatni o‘rganish
haqidagi xatlar» va F.Engelsning «Tabiat dialektikasi» asarlarini misol
qilib ko‘rsatish mumkin. Bu mutafakkirlar o‘z asarlarida yer, quyosh va
yulduzlarning, xullas, koinotdagi jismlarning paydo bo‘lishi, ularning
tabiati va mohiyati haqidagi kosmologik va kosmogonik muammolarni
yoritishga urinadilar. Ularning falsafiy qarashlari markazida tabiatdagi
narsalarning paydo bo‘lishi, rivojlanishi, yemirilishi, boshqa narsalarga
aylanishi, narsa va hodisalarning birinchi asosi haqidagi fikrlar yotadi.
Hamma narsalarning birinchi ibtidoiy asosini qidirish, narsa va
hodisalarni ana shunga suyanib izohlash, ularni bir butunga birlashtirib
o‘rganishga intilish – bu mutafakkirlarning falsafiy qarashlari mohiyatini
tashkil etadi.
8
Boshqa bir guruh mutafakkirlar diqqatini inson, inson hayotining
ma’nosi va mazmuni, uning dunyoda tutgan o‘rni, tabiatga va jamiyatga
bo‘lgan munosabatlari muammolari o‘ziga jalb qiladi. Ular inson
hayotining ma’nosi va mazmunini nima belgilaydi, insonning dunyodagi
o‘rni qanday, inson dunyoni bila oladimi, falsafa insonni qaysi jihatdan
o‘rganadi degan savollarga javob izlaganlar. Bu muammolar haqida turli
davrlarda yashagan mutafakkirlar turli xil fikrlar yuritganlar va ko‘plab
asarlar yozganlar. Jumladan, bunga Arastuning «Etikasi», Ibn Sinoning
«at-Tadabaru monazil» (Davlatni boshqarish), Yusuf Xos Xojibning
«Qutadg‘u bilik», Ahmad Yassaviyning «Hikmat»lari, Amir Temurning
«Temur tuzuklari», Erazm Rotterdamskiyning «Xristian jangchisi
quroli», T.Gobbsning «Inson tabiati», B.Spinozaning «Ilohiy-siyosiy
traktat» va «Aql kamoloti haqida traktat», A.Gelvetsiyning «Inson
haqida», I.Kantning «Osmon umumiy tarixi va nazariyasi», «Sof aqlni
tanqidi», Gegelning «Ruh falsafasi», L.Feyerbaxning «Xristianlikning
mohiyati» asarlari misol bo‘la oladi. Bu asarlarning mualliflari o‘z
davrdagi ilm-fan asosida insonning boshqa mavjudotlardan tub farqlari,
mohiyati, hayotining ma’nosi va mazmuni, bu yorug‘ olamdagi o‘rni,
o‘limi va abadiyligi kabi muammolarni yoritganlar.
Inson bilimlari orta borgan sari jamiyat, uning moddiy va ma’naviy
hayoti, ijtimoiy munosabatlar, siyosiy, huquqiy, axloqiy muammolar
ham mutafakkirlarning e’tiborlarini o‘ziga jalb qila boshlagan. Natijada,
mutafakkir faylasuflar bu sohada ham tadqiqotlar olib borib, jamiyat
haqida ko‘plab asarlar yaratdilar. Bularga, Aflotunning «Davlat»,
«Qonunlar», Arastuning «Siyosat» asarini, Forobiyning «Fozil odamlar
shahri», «as-Siyasa al madaniya» (siyosat ilmi), Mirzo Ulug‘bekning
«To‘rt ulus tarixi», T.Gobbsning «Grajdanin to‘g‘risida», Dj.Lokkning
«Qonunlarning ruhi to‘g‘risida», Gegelning «Tarix falsafasi» va «Huquq
falsafasi» kabi asarlarini misol qilish mumkin. Bu asarlarda, o‘z davri
nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda, bir butun jamiyat, uning moddiy
va ma’naviy hayoti, jamiyatning ijtimoiy tuzilishi, uning bazisi va
ustqurmasiga oid nazariy qarashlar o‘rtaga tashlandi. Xuddi shu tarzda
har bir davrda falsafaning bahs mavzusi o‘zgarib borgan.
Falsafa fanining muammolari, o‘z xususiyatlariga ko‘ra, azaliy yoki
o‘tkinchi bo‘lishi mumkin. Azaliy muammolar insoniyat paydo bo‘lgan
davrdayoq vujudga kelgan bo‘lib, toki odamzod mavjud ekan
yashayveradi. Chunki insoniyat taraqqiyotining har bir bosqichida ushbu
muammolar yangidan kun tartibiga qo‘yilaveradi. Ularni o‘rganish
jarayonida ilm-fan taraqqiy etib boraveradi.
9
Olam va odam munosabatlari, dunyoning mavjudligi, borliqning
voqeligi, undagi o‘zaro aloqadorlik va taraqqiy etish, insoniyat
hayotidagi adolat va haqiqat, yaxshilik va yomonlik, urush va tinchlik,
ularning mazmuni, tabiat va jamiyat taraqqiyotining asosiy tamoyillari
bilan bog‘liq ko‘pdan-ko‘p masalalar falsafa va falsafiy bilim
sohalarining azaliy muammolari qatoriga kiradi.
Falsafada olamning asosida nima yotadi, uni voqe etib turgan
narsaning mohiyati nimadan iborat, degan masalalar nihoyatda uzoq
tarixga ega. Bu masalalarni qay tarzda hal qilishiga qarab farqlanadigan
falsafiy oqim va yo‘nalishlar mavjud. Masalan, olamning asosida nima
yotadi, uning mohiyati nimadan iborat degan masalada monizm,
dualizm, plyuralizm, materializm va idealizm kabi qator falsafiy
qarashlar shakllangan.
Monizm (yunon. manos – yakka) – olamning asosi yakkayu yagona
sababga, bitta asosga ega deb beradigan falsafiy ta’limotdir.
Dualizm (lot. dua – ikki) – olamning asosida ikkita asos, ya’ni
modda va materiya bilan birga ruh va g‘oya, ya’ni ideya yotadi deb
aytuvchi qarash.
Plyuralizm (lot. plyural – ko‘pchilik) – olamning asosida ko‘p narsa
va g‘oya (ideya)lar yotadi deb e’tirof etadigan ta’limot.
Materializm – olamning asosida materiya, ya’ni moddiy narsalar
yotishini e’tirof etadigan, moddiylikni ustuvor deb biladigan ta’limot.
Idealizm – olamning asosida ruh yoki g‘oyalar (ideyalar) yotadi,
dunyo voqeligi va rivojida ideyalarni ustuvor deb ta’lim beradigan
falsafiy ta’limot.
Yuqorida ko‘rsatilgan falsafaning bahs mavzulari ham xuddi shu
yo‘nalish va oqimlar asosida har xil tarzda tushuntirib berilgan.
Falsafada hal qilinishi va yondashishi mumkin bo‘lgan masalalarda
mutafakkirlar o‘zlarining fikr va mulohazalarini u yoki bu tarzda bayon
etganlar.
Falsafada dunyoni anglash, uning umumiy qonuniyatlarini bilish
bilan bog‘liq masalalar ham mavjud bo‘lib, bu masalalarda ham har xil
yondashishlar kelib chiqqan. Bu aytib o‘tilgan masalalar bilan
falsafaning gnoseologiya (gnosis – bilish, logos – ta’limot) degan sohasi
shug‘ullanadi. Dunyoni bilish mumkinligini tan oluvchi faylasuflar –
Yüklə Dostları ilə paylaş: |