146
V BOB. JINOYAT OBYEKTI
1-§. Jinoyat obyekti tushunchasi va ahamiyati
JK Maxsus qismida nazarda tutilgan har qanday jinoyat kimgadir yoki
nimagadir qaratilgan tajovuz hisoblanadi.
NOTA BENE !
Jinoyat obyekti – jinoiy tajovuz qaratilgan va ana shu tajovuz orqali
unga zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosabatdir.
Jinoyat obyekti jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy
munosabatdir. Ushbu ijtimoiy munosabatlar JK 2-moddasida ma’lum
qadriyatlar tariqasida hamda JK Maxsus qismi bo‘lim (8-bo‘limdan
tashqari) va boblari nomlanishida ifodalangan.
Ijtimoiy munosabatlar insonlar o‘rtasida ularning hayoti faoliyati
jarayonida vujudga keladigan aloqalardir. Ijtimoiy munosabatlar
jamiyatning mavjudligi jarayonida shakllanib boradi. Ular qonun tufayli,
jumladan, jinoyat qonuni tufayli yuzaga kelmaydi, ammo qonun ularning
rivojlanishi, shakllanishi va shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari bilan
mosligini mustahkamlashga zamin yaratishi mumkin.
Ijtimoiy munosabatlarni jinoyat qonuni o‘z himoyasiga olganida, ular
jinoyat-huquqiy muhofaza obyekti deb e’lon qilinadi va ma’lum shartlarda
potentsial jinoyat obyekti bo‘lishi mumkin, shuningdek, bir ijtimoiy
munosabat bir yoki bir necha jinoyat obyekti bo‘lishi mumkin.
Jinoyat sodir etilayotganda jinoyat-huquqiy norma buziladi. Ammo u
ikkilamchi, chunki doimo ijtimoiy munosabat birlamchidir. Zero, jinoyat-
huquqiy norma ijtimoiy munosabatni muhofaza qilish uchungina
mavjuddir. Jinoyat jinoyat-huquqiy normani buzishga emas, balki ijtimoiy
munosabatga zarar yetkazishga qaratiladi. Jinoyat obyekti esa, jinoyat
zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan narsadir.
Bu holatda obyektni moddiy deb o‘ylamaslik lozim. Jinoyat obyekti –
ijtimoiy kategoriya va u hech qanday moddiy alomatlarga ega emas,
ijtimoiy munosabatlar esa, xuddi shunday kategoriyadir.
147
Bir qator hollarda, masalan, xususiy mulk huquqi fuqarolik huquqi
yoki boshqa huquq sohalarida ijtimoiy munosabatlar huquqning boshqa
tarmoqlari normalarida belgilab qo‘yiladi.
Ijtimoiy munosabat jinoyat obyekti sifatida bir necha tarkibiy
elementlarga ega bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
– ijtimoiy munosabat mavjudligining sababi bo‘lgan predmet;
– ijtimoiy munosabat subyekti;
– ijtimoiy munosabat tarkibi sifatida ijtimoiy aloqa.
Jinoyat obyekti sifatida ijtimoiy munosabatlarga bir qator belgilar xos
bo‘lib, ular yordamida jinoyat obyekti deb e’lon qilingan ijtimoiy
munosabatlarni ajratish, ularning mohiyatini ochish, ularning boshqa
jinoyat-huquqiy kategoriyalar bilan chegarasini belgilash va nihoyat,
jinoyat obyektiga yetkaziladigan zarar xususiyatini aniqlash mumkin.
Birinchidan, jinoyat obyekti deb e’lon qilingan ijtimoiy munosabatlar
o‘zida jamiyatda yuzaga kelgan qimmatli mezon asoslarini tasvirlaydi.
Jinoyat qonunida belgilangan muhofaza obyektlarining qanchalik qattiq
qo‘riqlanishiga qarab, jamiyatdagi eng muhim, birinchi darajali ijtimoiy
munosabatlarni bilib olish mumkin. Bu ko‘p jihatdan ijtimoiy
munosabatlarni muhofaza qiluvchi normalar ketma-ketligiga ham bog‘liq.
Xususan, qonunchilik bu ketma-ketlikni JK 2-moddasidagi prinsipga
asosan amalga oshiradi.
Ikkinchidan, qonun chiqaruvchi tomonidan jinoyat obyekti sifatida
faqat eng muhim, qiymati yuqori va davlat muhofazasiga muhtoj ijtimoiy
munosabatlar tan olinadi. Shunga e’tiborni qaratish lozimki, jinoyat
obyekti deb e’lon qilinadigan ijtimoiy munosabatlarning aksariyati
umuminsoniy qadriyatlardir, masalan, shaxsning jismoniy va ma’naviy
daxlsizligiga oid munosabat va boshqalar.
Uchinchidan, jinoyat obyekti ijtimoiy kategoriya bo‘lib, hech qanday
moddiy ahamiyatga ega emas, ya’ni jinoyat obyektini jinoyat predmetidan
farqlash mezonidir.
To‘rtinchidan, jinoyatning obyektiga nisbatan ta’sir etish mexanizmi
shundan iboratki, jinoyat sodir etilayotganda jinoyat obyekti sifatida
ijtimoiy munosabat parchalanib, yo‘qolib ketmay, faqatgina buziladi.
148
Masalan, odam o‘ldirish jinoyatida shaxs o‘ldiriladi, ammo u jinoyat
obyekti sifatida yo‘q qilib yuborilmaydi (inson hayotini ta’minlovchi
ijtimoiy munosabatlar). Bundan kelib chiqadiki, jinoyat obyektining
subyekti (ijtimoiy munosabatning tarkibiy qismi sifatida) jamiyatning har
bir a’zosi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |