2. Milliy g‘oya O‘zbekiston xalqining asosiy maqsad va muddaolarining ifodasi O‘zbekistonda yangi jamiyat barpo etilmoqda. Jamiyat deganda biz odamlar uyushib, jamoa va xalq bo‘lib yashaydigan ijtimoiy-siyosiy tuzumni tushunamiz. Yangi jamiyat deganda esa xalqning maqsad-muddaolari va manfaatlari asosida barpo etilayotgan fuqarolik jamiyati tushuniladi. O‘zbekistonda barpo etilayotgan ana shu jamiyatning ma'no-mazmunini Prezidentimiz Islom Karimov 2005 yil 28 yanvarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida quyidagicha ifodalab berdi: «Bizning asosiy uzoq muddatli va strategik vazifamiz avvalgicha qoladi - bu demokratik davlat, fuqarolik jamiyati qurish jarayonlari va bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lidan og‘ishmay, izchil va qat'iyat bilan borishdir»40.
Strategik maqsad - uzoqqa mo‘ljallangan umumiy aniq rejani ifodalaydi.
Xalqimizning yangi jamiyat barpo etish yo‘lidagi orzu-intilishlari uning milliy g‘oyasi va mafkurasini shakllantirishni hayotiy zaruratga aylantirdi. «Chunki milliy g‘oya bo‘lsa, maqsad oydinlashadi. Ezgu maqsad esa har bir kishini safarbarlikka da'vat etadi, jamiyatni yanada birlashtiradi. O‘z milliy g‘oyasi, milliy mafkurasiga ega bo‘lgan davlat mustahkam, qudratli va obod bo‘ladi» (Karimov I.A. Asarlar, T.8, 473-bet). O‘zbekiston xalqi milliy istiqlol g‘oyasi: asosida yangi jamiyat barpo etmoqda.
Bu g‘oya xalqimizning ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi maqsad-muddaolarini ifoda etadigan, ularni amalga oshirish yo‘lida barcha yurtdoshlarimizni uyushtirib, bunyodkorlik ishlariga safarbar qiladigan, milliy istiqlol mafkurasiga asos bo‘ladigan g‘oya va tushunchalar tizimidir.
Milliy istiqlol g‘oyasining tushuncha va tamoyillari Prezident Islom Karimov asarlari asosida ishlab chiqilgan va «Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar» nomi bilan risola holida chop etilgan.