Adabiyotshunoslik — ma'naviyat sohasiga aloqador fanlar tizimiga mansub bo’lib, badiiy adabiyotni Borliq haqiqatini badiiy timsollar asosida modellashtiruvchi so’z san'ati sifatida o’rganadi. Jahon va milliy adabiyotlar tarixi, adabiy tanqid va adabiyotning nazariy masalalari bu fanning asosiy mavzulari (predmeti)ni tashkil etadi.
Jamiyatshunoslik (Sotsiologiya) - insonlar jamiyatini sinxronik kesimda o’rganadi. Turli ijtimoiy toifalar va tuzilmalar holatidagi o’zgarishlar va ularning sabab-oqibatlarini xolis tahlil qilish bu fanning asosiy mavzusi (predmeti) bo’lib, ma'lum darajada ma'naviyat sohasiga aloqador fanlar tizimiga mansub deyish mumkin
Tarix(shunoslik) — Insonlar jamiyatini diaxronik kesimda o’rganadi. Jahon va turli o’lkalar tarixi, umumbashariy, turli mintaqalar va elatlarga xos siyosiy, ijtimoiy, madaniy taraqqiyot qonuniyatlari bu fanning asosiy mavzusi (predmeti)ni tashkil qiladi. Ma'naviyat sohasiga aloqador fanlar tizimiga kiradi
Sinxroniya — muayyan bir zamonga xos masalalarni yaxlit tizimda olib qarash.
Diaxroniya — muayyan bir masalalar tizimini tarixiy izchillikda olib qarash.
Xalq ijodi — Borliq haqiqatini anglab yetish va anglatishning mustaqil yo’li bo’lib, ikki yo’nalishda namoyon bo’ladi: 1) xalq badiiy ijodi mumtoz san'at namunalaridan muayyan jihatlariga ko’ra farq qiladi, masalan, xalq ijodi namunalarida an'anaviylik, ijod va ijro yaxlitligi, so’z, harakat va musiqa uyg’unligi yorqin namoyon boladi, bir asar ustozdan shogirdga o’tgan sari sayqal topib boradi, ya'ni ijodiy jarayon davomiylik kasb etib, mualliflik yakka bir shaxs doirasidan tashqari chiqadi; 2) xalq amaliy san'ati, xalq ijodining bu turida yaratilgan ashyolar bir paytning o’zida ikki yo’nalishda — ham amaliy (utilitar), ham estetik vazifa bajarishi bilan sof san'at asarlaridan farqlanadi.
Marosimlar — Borliq haqiqatini anglab yetish va anglatishning mustaqil yo’li, ular ikki turli bo’ladi: l)asotir marosimlar (mifologik rituallar), ular insoniyatning ibtidoiy tafakkuriga xos bo'lib, muayyan narsa-hodisalar va xatti-harakatlarning inson va tabiat hayotiga sirli ta'siri bor, degan aqidaga tayanadi; 2) an'anaviy urf-odatlar, el orasida joriy bo’lgan rasm-rusumlar, ularning aksariyati muayyan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lib, shu jihatdan bolalar o’yini va xalq ijodi namunalariga yondosh turadi.