2-mavzu.
Ot. Otning leksik-grammatik xususiyatlari. Otning ma’no turlari: atoqli va turdosh ot, aniq va mavhum, yakka va jamlovchi otlar
Reja:
1. Otning ma’nosi va grammatik belgilari.
2. Otlarning ma’no turlari.
3. Atoqli va turdosh otlarning belgilari.
4. Aniq va mavhum otlarning xususiyatlari.
Tayanch so‘zlar: atoqli ot, turdosh ot, aniq ot, mavhum ot, yakka ot, to‘da ot, jamlovchi ot, morfologik belgi, doimiy belgi, leksik-sintaktik usul, semantik usul, hurmat ma’nosi, umumlashtirish ma’nosi, taxmin ma’nosi, payt ma’nosi, uslubiy ma’no, tur ma’nosi, shaxs-son ma’nosi.
Adabiyotlar: 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 11, 15, 20, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 39, 40, 41, 44, 45.
Otning ma’nosi va grammatik belgilari
Predmetlik ma’nosini angladigan so‘z turkumi ot deyiladi. Ot bu ma’noni son, egalik va kelishik grammatik kategoriyalari ifodalaydigan ma’no bilan birgalikda anglatadi. Ot turkumiga kirgan so‘zlar semantik jihatdan turli-tumandir. Otlarga borliqdagi narsa-predmetlarni anglatgan (uy, dala, daraxt, uzum, shahar), shaxs bildirgan (yigit, kishi, ota, ayol, qiz), jism va modda nomini bildirgan (suv, un, qand, sut, asal, qor), jonli narsalar va organizmlarni bildirgan (qush, kaklik, tovuq, bakteriya, mikrob), so‘zlar bilan birga, belgi-xususiyat, harakat va holat nomlari kabi turlicha mavhum tushunchalarning nomlarini bildirgan (shodlik, qo‘rqinch, tezlik, qizillik, shovqin, ishlab chiqarish, kurash) so‘zlar kiradi. Chunki bu so‘zlarning hammasi bir umumiy ma’noni – predmetlik ma’nosini anglatadi. Otning asosiy morfologik belgilariga grammatik son, egalik, kelishik kategoriyalari kiradi. Otlarda shu grammatik kategoriyalarga mos ravishda grammatik shakllar sistemasi mavjud bo‘lib, ular orqali xilma-xil grammatik ma’nolar ifodalanadi. Kelishik va egalik shakllari otning gapda boshqa so‘zlar bilan bog‘lanishini, kelishik shakllari turlicha sintaktik vazifalarda kelishini ko‘rsatadi: Hozirgi zamonda dadil qadam tashlay olmagan kishi turtinib, chetga chiqib qoladi. Dilingda jo‘sh urar shodlikning seli.
Otlar har xil ma’no anglatadi. Shunga ko‘ra ularning grammatik xususiyatlari ham turlicha. Otlar quyidagicha leksik-grammatik turlarga bo‘linadi:
atoqli otlar va turdosh otlar;
aniq otlar va mavhum otlar;
3) yakka otlar va jamlovchi otlar.
Dostları ilə paylaş: |