DAG’AL SUYAK TO’QIMASI(retikulofibroz) vaqtinchalik bo’ladi, lekin ba’zi xollarda kattalarda ikkilamchi suyak to’qimasi o`rnini egallaydi (masalan, yassi suyakning chok sohasiga yaqin qismida, pay birikkan tish katakchalarida). Kollagen tolalarning tartibsiz joylashganidan tashqari, birlamchi suyak to’qimasiga noorganik modda miqdori pastligi va ikkilamchi suyakdan farqli osteotsitlarning miqdori ko`pligi xarakterlidir.
51. Suyak to’qimasining taraqqiyoti (osteogistogenez), regeneratsiyasi va yoshga ko’ra o’zgarishlari. Suyak to`qimasining taraqqiyoti osteogistogenez deb atalib, u embrional va postembrional osteogistogenezlarga bo`linadi. Embrional (homila davridagi) osteogistogenez ikki usulda amalga oshadi:
1) To`g`ridan-to`g`ri mezenximadan suyak hosil bo`lishi (to`g`ri yoki bevosita osteogistogenez).
2) Mezenximadan hosil bo`lgan tog`ay modeli o`rnida suyak takomili (noto`g`ri yoki vositali osteogistogenez).
Postembrional osteogistogenez homila tug`ilgandan keyingi davrni o`z ichiga olib, asosan, suyak o`sishi va regeneratsiyasi bilan bog`liq.
Suyak sinishida suyak matriksi parchalanadi va singan sohadagi hujayralar nobud bo’ladi. Natijada qon tomir shikastlanishi kuzatilib, qon quyilishi o’choqlari hosil bo’ladi. Bitish vaqtida qon ivindilari, o’lgan hujayralar va shikastlangan suyak matriksi makrofaglar tomonidan tozalanadi. Suyak usti pardasi va endost shikastlangan soha atrofida aktiv hujayra proliferatsiyasi jarayoniga ta’sirlanib singan suyak chekka qismlaridan o’sib kiradi. Keyinchalik endoxondral va membrana ichi suyaklanish jarayonlari orqali singan suyak tiklanishi kuzatiladi. Regeneratsiya davomida noto’g’ri shakldagi birlamchi suyak trabekulalari shikastlangan suyak bilan vaqtinchalik bog’lanib suyak qadog’ini hosil qiladi. Suyak to’qimasi chandiq hosil qilmay bitadi.
52. Naysimon suyak diafizining tuzilishi. Suyak regeneratsiyasi va yoshga ko’ra o’zgarishlari. Naysimon suyakda anatomik jihatdan diafiz va epifiz qismlari tafovut etiladi. Diafiz qismi naysimon shaklda bo`lib, devori kompakt qismdan tashkil topgan. Kompakt moddasi esa bir-biriga juda ham zich birlashib ketgan suyak plastinkalaridan tashkil topgan. Epifizlar esa tashki tomonidan yupqa kompakt suyak bilan qoplangan bo`lib, ichki tomoni g`ovak moddadan tashkil topgan. Suyak tashqi tomonidan yupqa biriktiruvchi to`qima parda ya’ni suyak usti yupqa pardasi (periost) bilan o`ralgan. Suyak ichki kanali esa juda yupqa parda (endost) bilan suyak ko`migidan ajralib turadi. Naysimon suyakning kompakt moddadan tuzilgan diafizida quyidagi qavatlar: tashqi umumiy suyak plastinkalar sistemasi, osteonlar (Gavers) sistemasi va ichki umumiy suyak plastinkalari sistemalari tafovut etiladi. Tashqi suyak plastinkalar sistemasining qalinligi 4-12 mkm bo`lib, bir-biriga parallel yo`nalgan bir kechta plastinkalar yig`indisidan iborat. Bu plastinkalar suyakni tashqi tomonidan butunlay o`rab turadi, lekin plastinkalarning oxiri bir-biri bilan tutashmay, ustma-ust joylashib tugaydi. Bu qavatda teshib o`tuvchi kanallar joylashib,ular orqali suyak ust pardasidan suyak ichiga qarab qon tomirlar o`tadi. Bu kanallar oziqlantiruvchi kanallar bo`lib, o`z devoriga ega bo`lmaydi va Folkman kanallari deb ataladi. Bundan tashqari, suyak usti pardasidan har xil burchak hosil qilib, suyakka tomon kollagen tolalar teshib o`tuvchi tolalar deb atalib, osteonlar qavatiga yetib kelishi mumkin.
Suyak devorining o`rta qavatini osteonlar hosil qilib, ular kompakt suyakning struktura birligi hisoblanadi. Osteonlar ham plastinkalardan iborat bo`lib, ular konsentrik halqalar sifatida qon tomirlarni o`rab joylashadi. Osteon markazida qon tomirlar joylashib, devori esa qalinligi 5-20 mkm bo`lgan, bir-birining ichiga kirgan silindrlar sistemasidan tuzilgan. Osteon halqalarini hosil qilgan palstinkalarning ossein tolalari o`z yo`nalishiga ega bo`lgani uchun suyakning bo`ylama va ko`ndalang kesmalarida plastinkalarni aniq ajratish mumkin. Osteonlar bir-biriga zich tegib yotmaydi, balki ular orasida konsentrik halqa hosil qilmaydigan suyak plastinkalari joylashadi. Bu plastinkalar oraliq yoki interstitsial plastinkalar deb nomlanadi.
Naysimon suyakning markazida endost bilan qoplangan suyak ko`migi kanali joylashib, u bilan osteon sistemasi oralig`ida ichki umumiy suyak plastinkalari joylashadi. Bu plastinkalar sistemasi kompakt suyak moddasi suyak ko`migi kanali bilan bevosita chegaralangan joylardagina yaxshi rivojlangan bo`ladi. Kompakt modda g`ovak moddaga o`tadigan joylarda esa ichki plastinkalar g`ovak modda plastinkalariga davom etadi.