Pigment to`qimasi ko`p miqdorda pigment hujayralarini (melanotsitlarni) saqlaydi. Bu to`qima so`rg`ich sohasida, anal teshigi atrofida, yorg`oq xaltada hamda ko`zning qon tomir va rangdor pardalarida uchraydi.
Shilliq to`qima faqatgina embrionlarda uchraydi. Uning hujayralari asosan fibroblastlar bo`lib, asosiy moddada juda ko`p miqdorda gialuron kislotasi uchraydi. Homiladorlikning ikkinchi yarmidan boshlab asosiy moddada kollagen tolalarining miqdori oshadi va shilliq to`qima siyrak tolali biriktiruvchi to`qima shaklini oladi.
47. Skelet to’qimalari: umumiy tavsifi, turlari. Suyak to`qimasi tayanch funksiyasini bajarishga moslashgan bo`lsa ham organizmning mineral tuzlar almashinuvida ishtiroki bor. Mineral tuzlarning asosiy qismi suyak to`qimasida yig`ilgan bo`lib, organizm uchun kerakli bo`lganda qonga chiqishi mumkin. Suyak to`qimasi anorganik (taxminan 70%) va organik moddalarning (30%) yig`indisidan iborat. Organik moddalar suyakka plastiklik, egiluvchanlik xususiyatlarini bersa, anorganik moddalar unga qattiqlik va mo`rtlik xususiyatlarini beradi. Suyak to`qimasidagi anorganik moddalar asosan kaltsiy fosfat, kaltsiy karbonat va magniy tuzlaridan iborat bo`lib, qondagi kaltsiy va fosforning miqdori shular orqali normallashtirib turiladi. Mineral tuzlar almashinishi homiladorlikda, laktatsiya davrida yaqqol ko`rinadi.
Suyak to`qima qattiq to`qima bo`lishiga qaramay, doimo yangilanib turadi, bunda suyakning bir qismi so`rilib, muntazam qayta qurilib turadi. Suyaklar ichida qizil suyak ko`migi joylashib, u yerda qon shaklli elementlari hosil bo`ladi, demak, bu nozik tuzilmalar mustahkam suyak bilan qoplanib, himoya qilib turiladi. Suyak to`qimasi ichki organlar uchun himoya vositasini o`taydi, eng muhimi mushaklar uchun murakkab richaglar sistemasini hosil qiladi. Suyak to’qimasi kaltsiy, fosfat va ionlarning rezervini ta’minlaydi va ionlarning to’qima suyuqligidagi miqdorini ta’millashda doimiy regulyator mexanizmini boshqaradi. Suyak to’qimasi minerallashgani sababli, skeletni mexanik va metabolik funktsiyasini ta’minlaydi.
Suyak - bu ixtisoslashtirilgan biriktiruvchi to’qima bo’lib, tarkibida mineralashgan hujayralararo modda – suyak matriksi va uch turdagi hujayralar kiradi:
■ Osteotsitlar hujayralarning tanasi matriks ichidagi kichik bo’shliqlarda (lakunalar) joylashgan.
■ Osteoblastlar matriksning organiq komponentini sintezlaydi.
■ Osteoklastlar – ko`p yadroli gigant hujayra. Suyak to’qimasi rezorbsiyasi va qayta qurishda ishtirok etadi.