Fridrix Shelling (1775 - 1854 yilllar) olmon idealistik maktabi vakillaridan biri. Leybsik universitetida tabiiy fanlar va falsafadan ta’lim oladi. 1800 yilda e’lon qilingan “transsendental idealizmning tizimi” nomli asari unga katta shuxrat keltiradi. Shelling tabiat va ruh aynanligi prinsipiga tayanadi. Unga ko‘ra tabiat ham, ruh ham mutloqlik, yoki xudoning turlicha namoyon bo‘lish shaklidir. Shelling falsafasi Kantning transsendentlik haqidagi qarashlari bilan sug‘orilgan, Bruno va Spinoza panteizmining qayta ishlangan shakli edi. Tabiat va ruhning aynanligi azaldan mavjud bo‘lib, u bizning sezgilarimizga ko‘ra farqlidir. Bizga namoyon bo‘layotgan reallik va ideallik bir xil mohiyatga ega. Shelling falsafasidagi tabiat va san’at, naturfalsafa va falsafaning g‘oyat yaqinligi zamondoshlari, ayniqsa F.Gegel tomonidan adabiyot va fan funksiyalarini chalkashtirilishi sifatida tanqid qilindi.
Georg Vilgelm Fridrix Gegel (1770 - 1831 yillar) Tyubingen universitetining ilohiyotshunoslik fakultetida ta’lim olgan. U Shelling bayon etishga urungan mutloq ruhning san’atda namoyon bo‘lishi g‘oyasiga tayangan real va ideallikning aynanlik prinsipini tanqid qilib, san’at modelining o‘rniga fan modelini qo‘llaydi hamda mutloq ruhning namoyon bo‘lishini mantiqiy jarayon sifatida ko‘rsatadi. Haqiqat mavjud bo‘lgan haqiqiy shakl faqat fandagina namoyon bo‘ladi. Ushbu qarashlar Gegelga inson ongining barcha sohalarini qamrab oladigan ulkan falsafiy tizim yaratishga imkon berdi. Klassik e’tiqod shakllarini falsafaning ta’riflash predmetiga ajratarkan Gegel, uning mantiqiy harakatini mutloq ruhga muvofiqligini ko‘rsatadi. Narsalar o‘z asosiga ko‘ra fikrdir, ya’ni barcha mavjid narsalar aqlga muvofiqdir, barcha aqlga muvofiq narsalar mavjuddir, yoki boshqaa qilib aytganda g‘oya bu haqiqatdir, barcha haqiqatlar esa, g‘oyadir. Mutloq ruh namoyon bo‘lishining har bir bosqichi o‘ziga xos mazmunga ega, san’at ham, din ham uni to‘la aks ettira olmaydi, faqat sof aqldagina u to‘la namoyon bo‘ladi. Insoniyat tarixini katta ko‘lamda tizimli talqin etilishi Evropa madaniy hayotiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. Shuning bilan bir qatorda , o‘zida ratsionalizm prinsiplari, sub’ekt va ob’ektning o‘zaro qarama-qarshi konsepsiyalarini mujassamlashtirgan Gegel ta’limoti Evropa mumtoz falsafasining yakunlovchi bosqichi ham edi. Gegel qarashlarining tanqidi Evropada o‘ziga xos noklassik falsafiy yo‘nalishlarni yuzaga chiqardi.
Gegel g‘oyalari katta mavqeyga ega bo‘lgan davrlardayoq unga tarafdor bo‘lmagan, qarashlarini keskin tanqid qilgan faylasuflar paydo bo‘ldi. Bular olmon faylasufi Artur Shopengauer va Daniyalik faylasuf Seren Kerkigor edi. Ularning ilgari surgan g‘oyalari mumtoz falsafaning prinsiplaridan tubdan farq qilib, unda inson borlig‘ining mohiyati, uning olamdagi o‘rni, o‘lim va hayot, inson hayotining ma’nosi kabi muammolar o‘rtaga tashlandi va Evropada keyinchalik bu yo‘nalish postklassik falsafa nomi bilan keng tarqaldi.
Shopengauer (1788-1860 yillar) olmon faylasufi. Shopengauer Evropada keng yoyilgan zamonaviy falsafaning asoschilaridan biri sanaladi. 1818 yilda uning mashxur asari “Olam iroda va tasavvur sifatida” nomli asari yoziladi. Shopengauerning nuqtai nazaricha olam insonga iroda va tasavvur sifatida namoyon bo‘ladi. Iroda bu - Kant nazarda tutgan “narsa o‘zida bo‘lib”, u borliqning azaliy ibtidosidir. O‘z tabiatiga ko‘ra qandaydir kosmik, biologik kuch tasavvur sifatida olam insonning ongida aks etadi, oqibatda zamon, makon, sub’ekt ob’ekt alohida narsalarning turfa xiligi hamda ular o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishlar vujudga keladi. Bularning bari inson aqli, idroki o‘z aprior shakliga ko‘ra shunday yaratilgan. Bu olamda inson mutloq irodaning ixtiyoridadir, u borliq qonunlarini anglashi, unga moslashib yashashi uchun insonga intelekt bergan. Insoning hayoti, mavjudligi qanchalik bema’no bo‘lmasin, mutloq iroda uni yashashga majbur qiladi. Shopengauer yangi davr falsafasiga birinchilardan bo‘lib pessimizm ruhini olib kiradi, biroq, XIX asrning birinchi yarmida avj olgan iqtisodiy, madaniy, ta’lim sohalaridagi taraqiyot bois uning g‘oyalariga etarlicha etibor berilmaydi.
Seren Kerkigor (1813 - 1855 yillar) Daniyalik faylasuf, huddi Shopengauer kabi uning qarashlari ham o‘z davrida etirof etilmagan. U o‘zining “YOki yoki” asarida inson shaxsiyati bosib o‘tishi lozim bo‘lgan uch bosqich: estetik, axloqiy va diniy bosqichlarni ko‘rsatadi. Estetik bosqichda inson hissiy va jismoniy lazzat va farog‘at uchun yashaydi. Bu ma’noda u hayvonga, yana ham aniqroq qilib qaytganda aldov va yolg‘onlar bilan ovunadigan bolaga o‘xshaydi. Kerkegorning fikricha aksariyat kishilar hayotlari davomida bu bosqichdan chiqib ketolmaydilar. Axloqiy bosqichda inson o‘zining nafaqat jismdan, balki ruhdan ham iborat ekanligini anglaydi. Bu bosqichda u umidsizlik va azob chekadi, zotan umidsizlik, inson mohiyatini anglashda zaruratdir. Inson kamoloti uchun axloqiy bosqichning o‘zi etarli emas, u e’tiqod bosqichida umidsizlikni keltirib chiqargan zarurat bilan kurashadi va o‘zi uchun imkoniyat topadi. Kerkegorga ko‘ra faqat chin ma’nodagi e’tiqodgina insonni umidsizlik va azob uqubatdan qutqaradi. Shopengauer qarashlari ta’sirida shakllangan yana bir yirik faylasuflardan biri Fridrix Nitsshe (1844 - 1900 yillar) uning asosiy asarlari: “Fojianing musiqa ruhidan yaralishi”, “Quvnoq fan”, “Axloq gnoseologiyasi”, “Zardusht shunday degandi”.
U o‘zining “Fojianing musiqa ruhidan yaralishi “ asarida qadimgi Yunon madaniyatini tahlil qilarkan, unda ikki ma’bud, Apollon va Dionis kulti o‘zaro qarama-qarshilikda bo‘lganligini aytadi. U ratsional, tizimli tartiblangan bilim ramzi sifatida Apollonni, irratsional, mistik bilimlar ramzi sifatida Dionisni ko‘rsatadi. Nitsshining fikricha fojiaviylik Dionis ruhidan yaraladi. Fojiaviylik, irratsionallik har qanday san’atning o‘zagi hisoblanadi. Nitsshe Evropa madaniyati inqirozini ratsionallikni hayoti instinktlar, irotsionallik, mistika ustidan qozongan g‘alabasi natijasida deb biladi. Nitsshe falsafasida ko‘tarilgan yana bir muammolardan biri, inson mohiyati muammosidir. U xristianlik dinining g‘oyalarini, shuningdek sotsializm va demokratiyani ham keskin tanqid qiladi. Nitsshening fikricha aynan shu g‘oyalar hech narsaga qodir bo‘lmagan, shaxsiz olomonning manfatlariga xizmat qiladi. Insoniyat hali ham hayvonlik xolatidan yuqoriga ko‘tarilmagan, undan faqat ayrim faylasuflar, avliyolar va ijodkorlar xalos bo‘lganlar. Buning uchun insoniyat ming yillardan buyon o‘rnatilgan qadriyatlar tizimini o‘zgartirishi, ularni qayta baholashi lozim deya ta’kidlaydi Nitsshe. XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida tabiatshunoslik fanlarining nazariy taraqqiyoti natijasida, Spinoza va Feyerbaxning spekulyativ materializmi hamda Gegel, Fixte, Shellingning idealizmi jamiyat rivoji va fan sohalaridagi o‘zgarishlarni to‘la tushuntirib bera olmadi. XVI XVII asr Evropa hayotida ulkan o‘zgarishlar asri bo‘ldi. Insonlarning hayot tarzi, qadriyatlar tizimi va dunyoqarashidagi tub o‘zgarishlar falsafada yangicha uslub va muammolarni keltirib chiqardi. Bu davrda falsafiy tafakkur yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim xodisalardan biri bu - fan inqilobi edi. Ushbu inqilob N. Kopernik, I. Kepler, Tixo Brage, G. Galiley kabi olimlarning kashfiyotlari bilan boshlanib, I. Nyutoning kashfiyotlari bilan yakunlandi. Endilikda falsafa kechayotgan o‘zgarishlarning mohiyati va ko‘lamini qamrab olishi, xodisalar rivojini tushuntirib berishi, kishilarni yangicha olamga olib kirishi lozim edi. Bunda insoning tabiatga, jamiyatga, o‘z o‘ziga hamda xudoga bo‘lgan munosabati mutlaqo o‘zgacha ma’no kasb etdi.