15-Mavzu. Birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish asoslari.
Transport immobilizatsiyasi. Asosiy tushuncha. Immobilizatsiya – deb, tana qismlari shikastlanganda shikastlanish sohasiga tinch holat yaratib berish yoki harakatni kamayti rishga aytiladi.
Transport immobilizatsiyasi – shikastlanganlarni statsionarga evakuatsiya qilish vaqtidagi immobilizatsiyasi.
Shikastlanganlarni statsionarga yotqizilgach, vaqtinchalik bo‘lgan transport immobilizatsiyasini davolash yoki doimiy immobilizatsiya bilan almashtiriladi.
Transport immobilizatsiyasi shikastlanish ro‘y bergan joyda qilinadi. Suyaklari singan shikastlanganlarni immobilizatsiyasiz ko‘tarish yoki ko‘chirish mumkin emas, chunki bunday holat singan suyak bo‘laklarini siljib, nerv va yirik qon tomirlarni zararlanish, infeksiyani tez tarqalishiga olib keladi.
Immobilizatsiya qilish uchun taxtakach va qo‘l ostidagi materiallar qo‘llaniladi. Transport immobilizatsiyasi uchun maxsus standart taxtakachlar ishlatiladi. Standart transport taxtakachlari mahkamlovchi va cho‘zish bilan mahkamlovchi taxtakachlarga bo‘linadi. Mahkamlovchi taxtakachlar ko‘proq ishlatiladi. Bularga fanerli, kartonli, simli narvonsimon taxtakachlar kiradi. Cho‘zish bilan mahkamlovchilarga Diterixs taxtakachi kiradi.
Fanerli taxtakachlar yupqa fanerdan tayyorlanib, qo‘l va oyoqlarni immobilizatsiya qilish uchun ishlatiladi.
Simli narvonsimon Kramer taxtakachlari ikkita o‘lchamda chiqariladi- 110x10sm va 60x10sm. Ular narvonga o‘xshash, yengil va mustahkam, turli shaklga keltirish mumkin. Uni birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda keng ko‘lamda qo‘llansa bo‘ladi. Diterixs taxtakachi rus xirurgi M.M.Diterixs tomonidan yaratilgan. U son suyagi va chanoq-son bo‘g‘imi singanda immobilizatsiya qilish uchun ishlatiladi.
Standart taxtakachlar bo‘lmaganda qo‘l ostidagi materiallardan taxtakach sifatida foydalanish mumkin. Ba’zan autoimmobilizatsiya ham qilish mumkin: qo‘lni tanaga, singan oyoqni sog‘ oyoqqa bog‘lab qo‘yish mumkin.
Qo‘llar shikastlanganda transport immobilizatsiyasi. Yelka suyagining yuqori 1/3 qismi singanda qo‘lni tirsak bo‘g‘imida to‘g‘ri burchak hosil qilib buklanadi. Tana shikastlangan tomonga engashadi, shu tomondagi qo‘ltiq ostiga paxta-dokali yostiqcha qo‘yiladi va bint yordamida ko‘krak qafasiga mahkamlab qo‘yiladi. Shu holatda bilak kosinkaga osib qo‘yiladi, yelka tanaga mahkamlab qo‘yiladi.
Yelka suyagining o‘rta qismi singanda simli narvonsimon taxtakach yordamida immobilizatsiya qilinadi. Taxtakachni paxta bilan qoplab olinadi, bunda taxtakach yelka va tirsak bo‘g‘imiga mahkamlanadi. Avv Avval yelka va bilak o‘lchab olinadi va to‘g‘ri burchak ostida buklanadi, ikkinchi tomoni orqada buklanadi. Qo‘ltiqqa yostiqcha qo‘yilib, mahkamlanadi. Singan qo‘lni buklangan taxtakachga joylashtirilib, mahkamlanadi, taxtakachni esa tanaga bintlab qo‘yiladi.
Yelka suyagining pastki 1/3 qismi singanda taxtakachni kaft-barmoq bo‘g‘imlarigacha yetadigan qilib buklanadi va yelkaning yelkaning o‘rta qismi singanda qo‘yiladigan holda immobilizatsiya qilinadi.
Bilak suyagi singanda simli narvonsimon va to‘rsimon taxtakachlar qo‘llaniladi. Taxtakachni yelka suyagining o‘rtasidan kaft-barmoq bo‘g‘imlarigacha qo‘lning tashqi tomonidan qo‘yiladi. Tirsak bo‘g‘imi to‘g‘ri burchak ostida buklangan bo‘ladi, kaft ochilgan, qoringa yaqinlashtirilgan bo‘ladi. Kaftgaqattiq yostiqcha qo‘yilib, taxtakach qo‘l bilan mahkamlanadi va bilak kosinkaga osib qo‘yiladi. Fanerli taxtakach qo‘llanilganda unga paxta qo‘yiladi. Bilak-panja bo‘g‘imi va barmoqlar singanda simli narvonsimon va to‘rsimon taxtakachlardan foydalaniladi. Taxtakachni avval paxta bilan o‘ralib, kaft tomondan barmoqlarning uchidan to tirsakkacha qo‘yiladi. Og‘irroq shikastlanganda qo‘shimcha taxtakach orqa tomondan ham qo‘yiladi, kaftga qattiq valik qo‘yib, taxtakachni qo‘lga mahkamlanadi. Barmoqlarning uchi qon aylanishini kuzatib turish maqsadida ochiq qoldiriladi.
Oyoqlar shikastlanganda transport immobilizatsiyasi.Son suyagi singanda chanoq-son, tizza va boldir-tovon bo‘g‘imi immobilizatsiya qilinadi. Buning uchun standart Diterixs taxtakachi qo‘llaniladi. Bunda immobilizatsiyadan tashqari oyoqni cho‘zish ham mumkin.
Taxtakach uzunligi 1,71 va 1,46m, kengligi 8sm bo‘lgan 2 ta harakatlanadi gan plankadan iborat. Uzun plankani sonning tashqi yuzasidan qo‘ltiq osti sohasigacha, qisqa plankani ichki tomondan oraliqqacha qo‘yiladi. Plankalar harakatchan bo‘lganligi uchun bemoning bo‘yiga qarab o‘zgartirish mumkin. Plankaning distal qismlari ko‘ndalang yog‘och bilan biriktilgan. Tovonga bint bilan taglik mahkamlangan bo‘lib, unga burama(zakrutka) ipi biriktirilgan. Ikkala planka bint yordamida tanaga oyoqqa va bir-biri bilan mahkamlanadi. Oyoqni cho‘zish burama ipi yordamida amalga oshiriladi.
Son suyagi singanda narvonsimon taxtakachlardan ham foydalanish mumkin.
Standart taxtakachlar bo‘lmagan hollarda qo‘l ostidagi materiallardan foydalanish mumkin(yog‘och, taxta, chang‘i va boshqalar) yoki autoimmobilizatsiya qilinadi, ya’ni singan oyoqni sog‘ oyoqqa bog‘lanadi.
Boldir suyagi singanda standart simli narvonsimon taxtakachlardan foydalaniladi. Taxtakach boldirga moslanadi, paxta yoki biror yumshoq material bilan qoplanadi, oyoqning orqa tomonidan dumba bo‘g‘imigacha olib boriladi, yon tomonidan qo‘shimcha 2 ta fanerli taxtakachlar qo‘yiladi. Taxtakach, tizza va boldir-tovon bo‘g‘imini qoplashi kerak. Taxtakachni oyoqqa bint bilan bog‘lab qo‘yiladi.
Umurtqa pog‘onasi shikastlanganda immobilizatsiya qilish. Bunday shikastlanganlarni ehtiyotlik ilan qattiq taxtali zambillarga orqasi bilan yotkiziladi. Taxta yuo‘lmasa, oddiy zambillarga qorin bilan yotkizilib, boshi va yelkalari tagiga yostiqcha qo‘yiladi.
Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi shikastlanganda paxta-dokadan tayyorlangan bog‘lam yoki Yelanskiy taxtakachi qo‘yiladi. Bu taxtakach fanerdan tayyorlangan bo‘lib, bir-biri bilan biriktirilgan ikkita stvorkadan iborat. Ochilgan holatda bosh va tananing konturini eslatadi, ensa sohasida chuqurchasi bor. Atrofiga paxtadan yostiqchalar qo‘yiladi. Taxtakach qo‘llash vaqtida paxta bilan to‘ldirilib, tasmalar yordamida tana va yelkaga mahkamlab qo‘yiladi. Taxtakach bo‘lmaganda shikastlanganlarni zambilga orqasi bilan yotkizilib, bo‘yinning tagiga yostiq qo‘yiladi.
Chanoq suyagi shikastlanganda immobilizatsiya qilish. Qattiq zambillarga orqasi bilan yotiziladi, tizza va chanoq-son bo‘g‘imlari yarim bukilgan holatda, oyoqlari yon tomonlarga bir muncha kerilgan holatda bo‘ladi. Tizza ostiga yostiqcha qo‘yiladi.