Desmurgiya. Desmurgiya tushunchasi. Desmurgiya ( grekcha “desmos”-bog‘, bog‘lash va “ergan”-ish) – bog‘lam qo‘yish to‘g‘risidagi ta’limot. Turli shikastlanishlar va kasalliklarda mahorat bilan to‘g‘ri bog‘lam qo‘yish tibbiyotda vujudga kelgan qadimiy ko‘nikmalardanbiri hisoblanadi.
Bog‘lash (bog‘lam qo‘yish) jarohat va terining kasallangan joylarini tashqi muhit ta’siridan himoya qilish va qon to‘xtatish va shikastlangan joyni immobilizatsiya qilish maqsadida qo‘llaniladigan mustahkamlash usuli hisoblanadi.
Bog‘lam qo‘yish ikki qismdan tashkil topgan : jarohatga davolash maq sadida qo‘yiladigan materialdan va mustahkamlovchi bog‘lov materialidan.
Mustahkamlovchi bog‘lov sifatida dokali, lentasimon bint ishlatiladi. Bintlardan tashqari bog‘lamlarni mustahkamlash uchun kley (kleol, kollodiy, rezina kleyi va boshqalar), leykoplastir, ip gazlamadan tayyorlangan uchburchak ro‘mollar(kosinka) ishlatiladi.
Asosiy bog‘lov matariallari dokali bintlar bo‘lib, o‘lchamlari turlicha bo‘ladi: 5smX5sm, 10smX5sm, 14smX7sm, 16smX10sm. Bint bosh qismi (o‘ralgan)dan va bo‘sh tarafidan(uchidan) tashkil topgan.
Bintli bog‘lamlar. Bintli bog‘lamlarning turlari: sirkulyar – bintning yo‘llari (turlari) bir-birini to‘liq berkitadi; spiral – bintning har bir turi oldingisini ½ yoki 2/3 qismini berkitadi; krestsimon, sakkizsimon, boshoqsimon – bintning turlari bir-birini ko‘ndalangiga yoki qiyshiqroq kesadi. Boldir va bilakka bog‘lam qo‘yishda spiral bog‘lamning turlari notekis joylashadi. Shuning uchun har bir turdan keyin bintni aylantirib olinadi. Aylantirilib olingan joy to‘g‘ri chiziqda joylashishi kerak.
Kaft va barmoqlarni bog‘lash uchun 5 sm., bosh, yelka va bilakni bog‘lash uchun 7-9sm., tana va sonni bog‘lash uchun esa 8-20sm. kenglikdagi bintlar qo‘llaniladi. Bog‘lam qo‘yishdagi umumiy qoidalar:
Bemorga qulay sharoit beriladi.
Bog‘lam qo‘yiladigan joy fiziologik jihatdan qulay holatga keltirib olinadi.
Bemor tinch turishi, bog‘lanadigan joy mushaklari bo‘shashgan bo‘lishi kerak.
Bog‘lam tugatilgach, bemor bog‘lam qo‘yishda qanday holda bo‘lsa, shunday qolishi kerak.
Barmoqlar uzatilgan, kaft ochilgan, tirsak bukilgan, yelka bo‘g‘imi qo‘lni tanadan bir muncha chetlatgan holda, chanoq-son va tizza bo‘g‘imlari oyoq uzatilgan holda bo‘lishi kerak.
Yordam ko‘rsatilayotganda bemorning yuzini kuzatib borish kerak.
Bintning bosh qismi o‘ng qo‘lda, uchi chap qo‘lda bo‘lishi kerak.
Shaxsiy boylov xaltasini qo‘llash qoidasi:
1. Rezinali material qavatini kesilgan joyidan ochilib, olib tashlanadi.
2. Qog‘ozli qavatdagi to‘g‘nog‘ich olinadi.
3. Chap qo‘l bilan bintning uchini ushlab, bintning bosh qismi ochiladi.
4. O‘ng qo‘l bilan bintning bosh qismini ushlab xaltacha ochiladi.
5. Yostiqchalarning rangli ip bilan tikilgan tomonigagina qo‘l bilan tegish mumkin, yostiqchani kerakli masofaga surtish mumkin.
6. Yostiqchalarni jarohatga qo‘yib, bint bilan bog‘lanadi, bintning oxiri to‘g‘nog‘ich bilan mustahkamlanadi.
Sirkulyar bog‘lam – silindrik yuzalarga qo‘yiladi. Bundan bintning har bir turi oldingisini to‘liq yopadi.
Spiralsimon bog‘lam – silindrik va konussimon yuzalarga qo‘yiladi. Mahkamlovchi turdan keyin har bir keyingi tur oldingisini ½ yoki 2/3 qismini yopishi kerak. Konussimon yuzalarga bog‘lam qo‘yilganda bintni bir marta aylantirib olinadi.
O‘rmalovchi bog‘lam – jarohat maydoni katta bo‘lgan hollarda boylov materialini mahkamlash uchun qo‘yiladi. Mahkamlovchi sirkulyar turdan keyin turlar orasida bint kengligida bo‘shliq qoldirib bog‘lanadi.
Boshoqsimon bog‘lam – yelka bo‘g‘imiga, qo‘ltiq sohasiga, o‘mrovga, chanoq-son bo‘g‘imiga qo‘yiladi.
Qaytalama bog‘lam – qo‘l yoki oyoqning amputatsiyasidan keyin kultyaga qo‘yiladi. Dastlab sirkulyar tur bilan mahkamlanadi, keyin oldidan orqaga qarab bukib, sirkulyar tur bilan mustahkamlanadi.
Toshbaqasimon bog‘lam – tirsak va tizza bo‘g‘imlariga yarim buklangan holatda qo‘yiladi.
Boshga qo‘yiladigan bog‘lamlar.
Ko‘zga bog‘lam qo‘yish – o‘ng ko‘zni bog‘laganda bintni o‘ng qo‘lda ushlab, chapdan o‘ngga qarab bog‘lanadi. Mahkamlovchi tur peshona orqali aylanma gorizontal yo‘l bilan bog‘lanadi. Keyin orqadan ensaga tushiriladi, quloq ostidan chakka orqali qiyshaytirib, kasal ko‘zni berkitiladi. Bintning qiyshaygan turi aylanma tur bilan mahkamlanadi va yana qayiltirib, oldingi turdan yuqoriroq qilib qo‘yiladi. Aylanma va qayilgan turlarini ketma-ket qo‘yib, ko‘zni berkitiladi. Chap ko‘zni bog‘lash uchun bintni chap qo‘lda ushlab, o‘ngdan chapga yo‘naltiriladi.
“Chepes”- boshning tepa qismi jarohatlanganda qo‘yiladi. Bunda dastlab boshning tepa-chakka qismlaridan tushirilgan, asosiy bog‘lamni mahkamlash uchun ishlatiladigan yordamchi bint qo‘yiladi. Mahkamlovchi bog‘lamdan keyin asosiy tur o‘ng chakka sohasida yordamchi bint tagidan aylantirib, peshona orqali qarama-qarshi tomonga o‘tkaziladi va yordamchi bint tagidan aylantirib, ensa orqali dastlabki holatga qaytiladi. Va yana yordamchi bint atrofida aylantirib, oldingi turdan yuqoriroqdan yangi tur boshlanadi. Shu tarzda davom ettirilib, boshning hamma qismi yopiladi. Keyin asosiy bint aylanma tur bilan yordamchi bintga mahkamlanadi. Yordamchi bintning uchlari iyak ostida bog‘lab qo‘yiladi.
“Uzangisimon bog‘lam ”- bu bog‘lam pastki jag‘ni ushlab turadi. Aylanma mahkamlovchi turdan keyin bo‘yinning orqa va yon tomonlaridan iyak sohasiga o‘tiladi va chap lunj orqali yuqoriga ko‘tariladi. Chap lunjdan chakka va boshning tepa qismiga o‘tiladi, pastki iyak sog‘asiga tushiriladi. Zarur vaqtlarda iyak to‘liq yopiladi va bir necha marta iyak orqali aylanma tur qilinadi.