«Chumoli va Tipratikan», «O‘jar toshbaqa» masallarida ham badiiy til vositalari mavjud.
Xususan, ularda
«O‘g‘irlik mol aylar jonsarak», «Bola ko‘nglin ko‘tarar», «Kosang joningga huzur», «Senga qalqon usti-bosh», «Parcha go‘sht bo‘lib yurar», «Jish Toshbaqa» kabi ibora,
birikma va gaplar uchraydiki, ular ustida ishlashda
“Bunday majorolar qachon va kimlar orasida bo‘lib o‘tishi mumkin?”, “Ularga hayotdan misollar keltiring” kabi topshiriqlar berish, ulardagi
ma’noni boshqacha yo‘sinda bayon ettirish, o‘zaro taqqoslash, ta’sirchanligidagi farqni aniqlatish
katta ta’limiy ahamiyat kasb etadi. Masalan:
«Bola ko‘nglin ko‘tarar» - Bolasiga yaxshi gaplar
gapirar,
«Kosang joningga huzur» - Kosang joningni, sog‘lig‘ingni asraydi» kabi.
Boshlang‘ich sinflarda adabiy tushunchalar va badiiy vositalar ustida ishlash
o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini o‘stirishga, ularda jonlantirish, o‘xshatish, mubolag‘a kabi
adabiy tushunchalar yuzasidan dastlabki tasavvur hosil qilishga yordam beradi.
O‘qish metodikasi adabiyotshunoslik, psixologiya, pedagogika ishlab bergan nazariy
qoidalarga asoslanadi. Sinfda o‘qishni to‘g‘ri uyushtirish uchun o‘qituvchi badiiy asarning o‘ziga
xos xususiyatlarini, ta’limning turli bosqichlarida o‘qish jarayonining psixologik asoslarini, kichik
maktab yoshidagi o‘quvchilarning matnni idrok etish va o‘zlashtirish xususiyatlarini hisobga
olishi zarur.
O‘qish ta’limi bo‘yicha o‘quvchilarni faqat matn bilan tanishtirish yordamida dastur
talablariga javob berib bo‘lmaydi. Negaki, matn tagzaminidagi tarbiyaviy g‘oya uni tushunish,
idrok qilish natijasidagina ochiladi. Boshqacha aytganda, har qanday asardagi sehr-joziba matn
zaminidagi yashirin mazmun-mohiyatni anglab etilganda o‘quvchi diqqatini o‘ziga jalb etishi
mumkin. Bunga adabiy-nazariy tushunchalarni o‘zlashtirish, adabiy tahlil malakalarini
shakllantirish orqali erishiladi.
Asar tahlili jarayonida o‘qituvchi savollariga o‘quvchilarning o‘z so‘zlari bilan javob
berishi ham matnda tasvirlangan voqea-hodisalar yuzasidan mantiqiy fikrlashga, qahramonlarning
xatti-harakatlarini to‘g‘ri baholashga yaqindan yordam beradi. Savollar uzuq-yuluq va mantiqsiz
bo‘lmasdan, qat’iy maqsad asosida izchil berilishi o‘quvchilarning o‘qilgan matn mohiyatini
chuqur anglab etishlariga imkon yaratadi, chunki har qanday javob mustaqillikni taqozo etadi.
Ta’kidlash joizki, o‘quvchilarning o‘zlarini ham savol tuzishga o‘rgatish lozim. K. D.
Ushinskiy qayd etganidek, to‘g‘ri qo‘yilgan masalaning o‘zi yarim javobdir. Matn yuzasidan savol
tuzishda o‘quvchining dars mavzusi bilan bog‘liq jihatlarga e’tibor berishi asarda tasvirlangan
voqea-hodisalar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishlarni bilib olishga, hayotiy xulosalar chiqarishga
yo‘l ochadi. Shuning uchun ham matn yuzasidan savol tuzish o‘quvchini ongli va tushunib
o‘qishga yo‘llaydi.