Abu Ali ibn Sino (980-1037) haqiqiy qomusiy olim sifatida o‘z davridagi fanlarning hammasi bilan muvaffaqiyatli shug'ullangan va ularga oid ilmiy asarlar yaratgan. Abu Ali ibn Sino asarlarida kamolotga erishishning birinchi mezoni - ma’rifatni egallashga da’vat etadi. Chunki ilm-fan insonga xizmat qilib, tabiat qonunlarini ochib avlodlarga etkazishi kerak. Bilimsiz kishilar johil bo‘ladi, ular haqiqatni bila olmaydilar, deb ulami yetuk bo‘lmagan kishilar qatoriga qo‘shadi. Bunday kishilardan ilmiy fikrlarini sir tutish kerakligini ta’kidlaydi. Ibn Sino insonning kamolga yetishida uning axloqiy kamoloti muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlaydi. Tadqiqotchilar uning falsafiy asarlarida axloqqa oid fikr yuritilganlari o‘n ikkita deydilar. Ibn Sino axloqqa oid asarlarini «amaliy hikmat» (donishmandlik amaliyoti) deb ataydi. Olimning fikricha, axloq fani kishilarning o‘ziga va boshqalarga nisbatan xatti-harakat me’yorlari va qoidalarini o‘rganadi. Dunyoda mavjud bo‘lgan jami narsalar tabiatiga ko‘ra kamolot sari intiladi. Kamolot sari intilishning o‘zi esa mohiyat e’tibori bilan yaxshilikdir, deydi u.
Ibn Sino inson kamolotining muhim axloqiy jihatlarini tahlil etadi va har biriga ta’rif beradi. Masalan, adolatni ruhiy lazzatning bosh mezoni sanaydi. Inson qanoat, jasurlik, donolik bilan adolatga ega bo‘ladi, yomon illatlardan o‘zini tiyib, yaxshilikni mustahkamlaydi, haqiqiy ruhiy lazzat oladi, deydi olim. Insondagi ijobiy, axloqiy xislatlarga saxiylik, chidamlilik, kamtarlik, sevgi-muhabbat, mo‘tadillik, aqllilik, ehtiyotkorlik, qat’iyatlilik, sadoqat, intilish, uyatchanlik, ijrochilik va boshqalarni kiritadi. Qanoat va mo‘tadillikni insonning hissiy quvvatiga kiritadi, chidamlilik, aqllilikni g'azab quwatiga, donolik, ehtiyotkorlikni ziyraklikka, sadoqat, uyatchanlik, ijrochilik, achinish, sofdillikni tafovut quvvatiga kiritadi. Olim qanoatni hissiy fazilatlardan sanaydi va inson o‘zini ta’magirlikdan tiysa, mo‘tadillikka rioya qilsa, o‘zida hirsning namoyon bo‘lishini yengadi, inson yomon illatlarni yengishda o‘z imkoniyatlarini ongli sarf etishi lozim, deydi u. Ibn Sino har bir ma’naviy-axloqiy xislatning ta’rifini beradi (1-rasm):