Yusuf Xos Hojib jamiyat taqdirini hal etuvchi eng ulug' mansabdorlardan oila a’zolarigacha bir-biriga bo‘lgan muomala-munosabat masalalarini ham hayotiy misollar vositasida yoritadi. Katta yoshlilarning kichiklarga, kichiklarning ulug'larga, amaldor va mansabdorlarning o‘z xizmatchilariga, xizmatchilarning o‘z xo‘jalariga, turli ijtimoiy guruh a’zolarining bir-birlariga, oilada oila a’zolarining bir-birlariga muomala madaniyatining eng oddiy ko‘rinishlarigacha tasvirlab, kishining ko‘z oldida yaqqol namoyon etadi. Buni biz farzand tarbiyasida uning tug'ilganidan boshlab xulq-odob qoidalarini, bilim va hunarni o‘rgatish, buning uchun pok va bilimli muallim-murabbiy tanlash, farzandning xatti-harakatini doimo nazoratda saqlash kabi masalalarning bayon etilishidan ham bilsak bo‘ladi. Mutafakkir ulug’lar va kichiklar o‘rtasidagi xulq-odob qoidalari haqida gapirar ekan, shu asnoda kamtarlik, salomlashish odobi, talablari, qoidalarini ham tavsiya etadi.
«Qobusnoma» asari Sharqda saqlanib kelayotgan an’anaga ko‘ra pand-nasihat tarzida yozilgan bo‘lib, mana bir necha asrlardan beri xalqlarni, jumladan yoshlarni hayotga, amaliy faoliyatga tayyorlashda, ularni hartomonlama yetuk inson qilib tarbiyalashda muhim qo‘llanma bo‘hb kelmoqda. «Qobusnoma»da yoshlar tarbiyasida javonmardlik talablaridan eng muhimi — axloq tarbiyasi deb ko‘rsatiladi. U yoshlarda insonga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish, adolatlilik, samimiylik, saxiylik kabi xislatlarni tarkib toptirishni istaydi va asarning boshidan oxirigacha ana shu ezgu maqsadni amalga oshirishga harakat qiladi.
Ko‘rinib turibdiki, Kaykovus qarashlarida inson tarbiyasi omili muhim o‘rin tutadi. U axloqlilikning birinchi belgisi suxandonlik deb biladi. U (suxango‘ylik) notiqlikda rost so‘zlash kerakligini ta’kidlaydi. Kaykovus so‘zlarni to‘rt xilga bo‘lgani kabi odamlarni ham to‘rt xilga bo‘ladi. Birinchi xil kishilar ko‘p narsani biladi va yana bilgisi kelaveradi. Bular olimlar bo‘lib, ularga bo‘ysunish kerak, deydi. Ikkinchisi, bilmagan narsasini bilishga harakat qiladi, ular qobil kishilar bo‘lib, bunday kishilarga o‘rgatish kerak. Uchinchisi, bilganini ham bilmaydi, uyquda yashagandek, ularni «uyg'otish» kerak. To‘rtinchisi, bilmaydi va bilmaganini tan olmaydi. Bular johil kishilar bo‘lib, ulardan qochish kerak25, deydi.
So‘zlarning esa birinchi xili bilinmaydi va aytilmaydi; ikkinchisi aytiladigan va biladigan; uchinchisi ham bilinadi, ham bilishga zarurati yo‘q, ammo aytsa bo‘ladi. To‘rtinchisi, bilinadigan va aytiladigan. Eng yaxshisi, to‘rtinchisi, ya’ni bilinadigan va aytiladigani, deydi. So‘zlaganda andishali bo‘lish, sovuqso‘zli bo‘lmaslik, kam gapirish, kamtarlik, maqtanmaslik, birovning so‘zini diqqat bilan eshitish odoblarini ta’kidlaydi.
Kaykovus yuksak axloqlilikning yana bir tarkibiy qismi do‘stlik deb biladi va do‘st tutmoq odobi haqida fikr bayon etar ekan, uning asosiy talablarini talqin etadi. Kaykovusning katta xizmati shundaki, u yoshlarni hayotga tayyorlashda ularni har tomonlama kamolga etkazishning nazariy masalalarini amaliy faoliyatga tatbiqi nuqtai nazaridan ifodalashi bilan hamma zamonlarda, har qanday tuzumda ham o‘z qimmatini yo‘qotmadi va amaliy hayot dasturi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.