1.2-§. 1-4-sinf o‘quvchilarida ma’naviy tarbiya indikatorlarini shakllantirish mazmuni. Ma’naviy tarbiya jarayonini rivojlantirish borasida o‘tmish ajdodlarining ma’naviy merosi, milliy qadriyatlardan foydalanish yo‘llari va milliy tarbiya asoslari, ma’naviy-axloqiy madaniyatni shakllantirishning pedagogik asoslari, ta’lim tizimida ma’naviy tarbiyani shakllantirish hamda bo‘lajak mutaxassislarning ma’naviy-kasbiy tayyorgarligi muammosi, ayniqsa, ta’lim muassasalarida tarbiyaviy ishlar tizimini samarali tashkil etish masalalari bo‘yicha V.Karimova, N.Dj.Mahmudova, O.Musurmonova, Sh.Sh.Olimov, M.Quronov30, N.X.Oripova, Z.Q.Ismoilova, N.A.Muslimov, N.M.Ochilova, Y.P.Azarov31, Z.E.Azimova32larning ilmiy ishlarida oliy ta’lim tizimida ma’naviy-axloqiy tarbiyani shakllantirish hamda bo‘lajak mutaxassislarning ma’naviy-kasbiy tayyorgarligi muammosi tahlil qilingan. Binobarin, professor O.Musurmonova tomonidan ishlab chiqilgan xulosalar ilmiy jihatdan asoslangan bo‘lsa-da, ularni amalga oishirish metodlariga oid tavsiyalarida izchillikka e’tibor qaratish lozim. Talaba-yoshlar ma’naviy madaniyatini shakllantirishga doir shakl va metodlar (konferensiya darslari; seminar dars; munozara darsi; amaliy dars; o‘yin darsi; sayohat darslari; rolli darslar; tarbiyaviy tadbirlar; ekskursiya; davra suhbatlari; kichik guruhlarda ishlash; ma’naviy madaniyatni shakllantirish metodlari: muammoli-munozarali vaziyat; qiyosiy-izohli tahlil; badiiy-ma’rifiy asarlar ustida ishlash; ijodiy ish; tushunchali tahlil; mantiqiy tahlil; timsollar tahlili; ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni sharhlab o‘rganish; mustaqil ish va h.k.)33 tizimi ma’naviy-axloqiy tarbiya metodikasi taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Shunisi e’tiborliki, ma’naviy-axloqiy tarbiya yo‘nalishlarini ta’lim bosqichlari bo‘yicha tasniflash mustaqillik davridagi pedagogik tadqiqotlarning yetakchi xususiyatidir. Jumladan, Sh.Sh.Olimov tomonidan kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning mazmuni, shakl va metodlarini nazariy jihatdan takomillashtirish va amaliyotga joriy etishga oid metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan yangi tadqiqotda34 muallifning kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda imkoniyati yuqori bo‘lgan fanlarga e’tibor qaratish, har bir fan mazmuni va malaka talablari asosida tarbiya usullarini tanlash, dars mashg‘ulotlarida noan’anaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish, darsdan tashqari ishlar jarayonida tarbiyaviy tadbirlar tashkil etish yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalari ilmiy-metodik jihatdan ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida yoritilganligi bilan ajralib turadi. Z.Ismailovaning ma’naviy-ma’rifiy ishlarda talaba-yoshlar shaxsini axloqiy tarbiyalash masalasiga doir ilmiy ishida35 Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik kabi asosiy g‘oyalar talaba shaxsini axloqiy shakllantirish mezoni sifatida belgilangan. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarning asosiy xususiyatlari bo‘lgan oila, mahalla, el-yurt tushunchalari muqaddasligi, ota-ona, mahalla-ko‘y, umuman, jamiyatga yuksak hurmat-e’tibor, millatning o‘lmas ruhi bo‘lgan ona tiliga muhabbat, sabr-bardoshlilik, mehnatsevarlik, halollik kabilar talaba-yoshlar shaxsini axloqiy shakllantirishning asosiy omillari ekanligi e’tirof etilgan. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar jarayonida talaba-yoshlar shaxsini axloqiy shakllantirish modeli ishlab chiqilganligini mazkur dissertatsiyaning muhim jihatlaridan biri deyish mumkin. Yosh avlod tarbiyasi, avvalo, pedagogning kasbiy mahoratiga bog‘liq. Shu o‘rinda, yurt kelajagi va istiqboli ko‘p jihatdan o‘qituvchiga, uning saviyasiga, tayyorgarligiga, fidoyiligiga, o‘qitish va tarbiyalash ishiga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqligini qayd etish mumkin. O‘qituvchi kasbiy axloq va odob normalarini mukammal egallasagina, o‘z kasbining fidoyisi bo‘la oladi. Bugungi kunda ana shunday fidoyilik har qachongidan ham muhim ekanligi ushbu sohada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining dolzarbligini yanada oshiradi. Bu borada Z.K.Ismailovaning “Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar” asosida ma’naviy-axloqiy tarbiyaning nazariy eksperimental metodik asoslariga doir ilmiy-tadqiqot ishi alohida o‘rin tutadi. Muallif tomonidan barkamol shaxsni tarbiyalash metodlarining xususiy axloqni tarbiyalash metodlari; jamoatchilik orqali xulq-atvorni shakllantirish metodlari; ijtimoiy ong va axloqni shakllantirish metodlari; o‘z-o‘zini boshqarish va tarbiyalash metodlari; rag‘batlantirish metodlariga bo‘linishi tarbiya metodikasining tub mohiyatini tashkil etish orqali talabalarning ma’naviy-axloqiy kompetentligini rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanligini alohida qayd qilish mumkin36.
Yangi islohotlar amalga oshirilib rivojlanayotgan bir davrda mamlakatimiz miqyosida ta’lim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan e’tiborni alohida ta’kidlamoq joiz. Tarbiya va ta’limni bir-biridan alohida ajratib bo‘lmaydi, bu ikki jarayon o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etilgandagina odobli, axloqiy fazilatlarga ega, yuksak ma’naviyatli, shu bilan birga bilimdon, zukko, ruhan va jismonan sog‘lom, keng dunyoqarash va tafakkurga ega, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lgan vatanparvar yoshlarni yetishtirib beradi. Bizning ertangi kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarga bilim, ko‘nikma va malakalarini egallashga nazariy va amaliy ko‘maklashish ertangi yanada farovon yashashimiz uchun katta zamin hozirlaydi. Biz yangi O‘zbekistonda yangi g’oyalar va rejalar bilan hamohang qadam qo‘ymoqdamiz. Bu ildam qadamlarimiz yaqin kelajakda o‘zining istiqbolli natijalarini ko‘rsatadi. Jamiyatimizdagi keng qamrovli islohotlarda ham o‘zining samarasi ko‘rsatmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi 1059-son “Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, Uzluksiz ma’naviy tarbiya Konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari rejasi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Konsepsiyaning maqsadi — yosh avlodda mustaqil va baxtli hayot uchun zarur ijtimoiy malaka hamda fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish, uni amalda ro‘yobga chiqarish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish talab etiladi37 (1-rasm):