89
qo’shilib ketgan. Minoganing dum suzgich qanoti birlamchi teng pallali – prototserkal tipda
tuzilgan, ya’ni o’q skeleti dumni ikkita baravar bo’lakka bo’ladi.
Gavdaning ostida, tana bilan dum qo’shilgan yerda orqa chiqaruv teshigi va siydik-
tanosil teshigi ketma-ket o’rnashgan, shu bilan birga, siydik-tanosil
teshigi orqa chiqaruv
teshigining orqasida turadi.
Teri qoplag’ichlari. Minoganing terisi yumshoq, shilimshiq bo’lib, unda tashqi skeletning
hech qanday asari yo’q. Uning terisida ham, xuddi baliqlardagidek, talaygina shilimshiq ishlab
chiqaradigan bir hujayrali bezlar juda ko’p. Boshida yon chiziq organlarining bir qancha teshiklari
bor. Ular suvda yashaydigan umurtqalilarning ko’pchiligi uchun xos bo’lib, teri sezuv
organlari hisoblanadi.
Skeleti suyaksiz bo’lib, faqat biriktiruvchi to’qima pardalari bilan tog’aydan tuzilgan.
Uni o’q, bosh va suzgich qanotlari skeletlariga ajratish mumkin.
O’q skeleti biriktiruvchi to’qima pardasi bilan o’ralgan xordadan iborat. Biriktiruvchi
to’qima pardasi xordanigina emas, balki uning ustiga o’rnashgan markaziy nerv sistemasini
ham o’rab oladi. Orqa miya kanalining devorlarida xordaning chetlari bo’ylab yotgan mayda
tog’aylarning juft qatori bor, bu tog’aylar biriktiruvchi to’qima pardasiga botib kirgan. Ustki
yoylar deb ataladigan shu tog’aychalar, umurtqalar murtagi hisoblanadi.
Bosh skeleti juda sodda va o’ziga xos tuzilgan bo’lib: 1.
miya qutisi, 2. og’iz oldi
voronkasi skeleti va 3. vistseral apparat skeletidan iborat.
Miya qutisining kapsulasi bosh miyani ostidan, yonidan va qisman ustidan o’rab oladi.
Miya qutisi kapsulasining tagida asosiy plastinka bor. Miya qutisining oldingi tomoniga toq,
lekin ikkiga bo’lingan hidlov kapsulasi, keyingi qismining ikki yon tomoniga bir juft eshituv
kapsulasi o’rnashgan. Bu kapsulalar bosh skeletining eng keyingi qismini tashqil etadi, chunki
to’garak og’izlilarda bosh skeletning ensa bo’limi butunlay takomil etmay qolgan. Shunday qilib,
to’garak og’izlilarning miya qutisi go’yo yuqori darajadagi umurtqalilar sinflarining miya qutisi
embrional rivojlanishining ilk stadiyasi xolida umrbod saqlanib qoladi.
Og’iz oldi voronkasi skeleti faqat to’garak og’izlilar uchun xos bo’lib, juda ham o’ziga
xos tuzilgan. U voronka devorining yuqori va yon tomonlaridan tutib turadigan bir qancha
tog’aylardan iborat, bu tog’aylarning ichida eng asosiylari xalqa tog’ay va tilni tutib turadigan
tog’aylardir.
Vistseral skelet jabra qutisidan va jabra qutisining oldiga o’rnashgan stilesimon tog’ay
bilan ko’z
osti yoyidan iborat, stilesimon tog’ay bilan ko’z osti yoyi shaklan o’zgargan jabra
yoylaridir. Jabra qutisining o’zi nafis tog’ay panjaradan iborat bo’lib, ko’ndalangiga o’rnashgan
to’qqizta ingichka va qayrilgan yoylardan, jabra yoylarini bir-biriga qo’shadigan va uzunasiga
ketgan to’rt juft tog’aydan hamda yurakning orqa va yon tomonlardan o’rab oladigan yurak oldi
tog’ayidan tuzilgan. Jabra skeleti, yuqori darajali boshqa barcha sinflardagiga qarshi o’laroq,
bevosita teri ostiga joylashgan, bu narsa umuman to’garak og’izlilar jabralarining
entodermadan kelib chiqishi bilan bog’liqdir.
Dum va orqa suzgich qanotlarini qator o’rnashgan ingichka tog’ay shu’lalar –
radialiyalar tutib turadi.
Muskul sistemasi. To’garak og’izlilarning tana va dum
muskullari juda ham sodda
tuzilgan. Muskul sistemasi to’g’ri qator bo’lib o’rnashgan va biriktiruvchi to’qima
mioseptalari bilan bir-biridan ajralgan muskul segmentlaridan – miotomlardan iborat. Boshda
so’rg’ich apparatining talaygina ayrim muskullardan iborat murakkab muskullari bor. Tilning
ham murakkab tuzilgan o’z muskuli bor.
Nerv sistemasi. To’garak og’izlilarning nerv sistemasi boshqa umurtqalilarnikiga
qaraganda juda ham sodda. Bosh miyaning eng xarakterli sodda belgilari: 1. bosh miyaning
besh bo’limidan faqat to’rttasi taraqqiy etgan, chunki miyacha uzunchoq miyadan ajralib
chiqqan emas; 2. bosh miyaning asosiy bo’limlari bitta gorizontal
tekislikda ketma-ket
joylashgan va vertikal tekislikda bukilmaydi; 3. o’rta miya qopqog’i to’la o’sib yetgan emas,
chunki bo’sh taraqqiy etgan ko’ruv bo’laklari o’rtasida to’garak og’izlilar uchun xarakterli
bo’lgan teshik bor, bu teshik nerv moddasi bo’lmagan epitelial parda bilan qoplangan, xolos; 4.
90
oldingi miya yarim sharlari juda kichik, miya yarim sharining oldingi tomoni juda katta hidlov
bo’lagiga aylanadi.
Oraliq miyaning yupqa epitelial qopqog’ida ikkita o’siq: pineal organ va parietal organ
o’rnashgan. Pineal organ yorug’lik sezish vazifasini bajaradi va tashqaridan minoga boshining
tepasida, burun teshigining orqasida ko’rinib turadi. Oraliq miya tubining oldingi qismidan bir
juft ko’ruv nervi chiqadi, bu nervlar to’garak og’izlilarda, yuqori sinflardagiga qarshi o’laroq,
kesishma (xiazma) hosil qilmaydi.
To’garak og’izlilarda miya qutisining ensa bo’limi chala taraqqiy etganligidan bosh
miya nervlarining IX va X jufti miya qutisidan tashqarida turadi.
Orqa miyasi yassi, lentasimondir. Orqa miya nervlarining orqa va qorin butoqlari,
umurtqalilarning boshqa barcha sinflaridagiga qarshi o’laroq, bir-biri bilan qo’shilib, aralash
nerv tanasi hosil qilmaydi.
Hid bilish organi. To’garak og’izlilarning hid bilish organi boshqa barcha umurtqalilar
sinflarinikiga qarshi o’laroq toq bo’ladi. U burun teshigidan boshlanadi, burun teshigi bevosita
bosh miyaning oldida o’rnashgan va pardasimon hidlov kapsulasiga joylashgan hidlov xaltasiga
qo’shiladi.
Eshituv organi xuddi baliqlardagidek, faqat ichki qulokdan iborat bo’lib, uning ikkita
yarim doira kanali bor.
Hazm organlari. Minoganing hazm organlari o’ziga xos tuzilgan bo’lib, bu ovqatlanish
xususiyati – qon so’rishi bilan bog’liq. Ichak yo’li og’iz
voronkasidan boshlanadi, og’iz
voronkasining ostida og’iz bo’shlig’i bilan qo’shilgan og’iz
teshigi bor. Og’iz bo’shlig’ining
tubida shox tishlar va til bo’ladi. Tishlar minoganing tutgan o’ljasiga yoki boshqa buyumga
yopishib olib, uni so’rishida porshen rolini bajaradi. Og’iz bo’shlig’ining ketingi tomonidan,
boshqa barcha umurtqalilardagiga qarshi o’laroq, ikkita nay: pastda turadigan, serbar nafas
nayi va ustki tomonda turadigan qizilo’ngach boshlanadi. Qizilo’ngach ketiga qarab qayriladi
va yurakni yonlab o’tib, ichakka aylanadi, ichak qizilo’ngachdan klapan bilan ajralgan bo’ladi.
Minoga ichagining oldingi va ketingi bo’laklari bir oz kengaygan naydan iborat bo’lib,
anal teshigi bilan tamomlanadi. Ichak nayining oldingi
kengaygan qismi oshqozon, eng orqa
qismi to’g’ri ichakdir. Ichakning ichida boshidan oxirigacha boradigan va bilinar-bilinmas spiral
hosil qiladigan keng shilimshiq parda burmasi bor. Barcha tuban baliqlar uchun ham xos bo’lgan
shu qatlam spiral klapan deb ataladi va ichakning ovqat so’ruvchi yuzasini kengaytirish uchun
xizmat etadi. Oshqozonning ostida kattakon jigar turadi. Oshqozon osti bezi ichakning butun
devorlariga tarqalgan.
Nafas organlari ham o’ziga xos tuzilgan. Yurakning oldingi tomonida boshi berk xolda
tugaydigan nafas nayining har tomonida yettitadan ichki jabra yoriqlari bo’ladi. Bu yoriqlar
yettita tashqi jabra yoriqlari orqali tashqi muhitta tutashib turadigan jabra xaltachalari bilan
qo’shiladi. Jabra xaltachalari ikki tomonidan bo’rtib chiqqan linza formasida bo’lib, unda
talaygiia jabra yaproqlari bor, bu yaproqlar qopchaning ichki devoriga meridian bo’ylab
o’rnashadi. Jabra xaltachalarining orasida keng bo’shliqlar –
jabra oldi sinuslari bor, bu
sinuslarning har qaysisini biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan jabraaro to’siqlar ikki kameraga
bo’ladi. Yuqori turadigan boshqa barcha sinflardagiga qarama-qarshi o’laroq minoganing jabra
xaltachalari va jabra yaproqlari entodermadan chiqib keladi. Nafas akti jabra apparatining
siqilish va kengayish yo’li bilan yuzaga chiqadi, shu bilan birga suv tashqi jabra yorig’idan
kiradi va shu yoriqdan chiqadi.
Dostları ilə paylaş: