Plastiklashtirilgan portlandsement portlandsementi klinkerini plastiklovchi qo‘shimcha bilan birga mayin qilib tuyib olinadi. Bunday qo‘shimcha bo‘lib, sulʼfit-spirtli bardaning modifikatsiyalashgan konsentrati (gidroliz spirt sanoatining chiqindisi) sement massasiga nisbatan 0, 1-0, 25% miqdordagi quruq modda hisoblanadi. Sulʼfit - spirtli barda-sirt aktiv modda bulib, sementning suv bilan qo‘shilishiga qarshilik ko‘rsatadi va sement zarrachalari atrofida moylovchi qoplama hosil qiladi.
Plastiklashtirilgan sementdan foydalanilganda qorishma va betonning plastikligi oshadi, bu esa beton qorshimasini joylashni osonlashtiradi va tezlashtiradi, betonda Sementni 5-10% ga iqtisod qilish imkonini beradi yoki suv sement nisbatini kamaytiradi va betoning sovuqqa chidamliligini oshiradi. Plastiklashtirilgan sement portlandsement kabi markalarga ega.
Gidrofobportlandsement– portlandsement klinkerni sirt-aktiv gidrofoblovchi (suv yuqtirmaydigan) qo‘shimcha bilan mayin yanchilgan buyumdir. Qo‘shimcha sifatida milonaft yoki asidol, yaʼni neft buyumlari sement massasiga nisbatan 0,1-0,15% miqdorda olinadi. Gidrofob sementi, boshqa oddiy sementdan farqli, quyidagi xususiyatlarga ega: nam tortishi past, uzoq muddatga saqlanganda va xatto nam havoda ortilganda ham aktivligini yo‘qotmay sochiluvchan holatda qoladi; yuqori plastiklikka (plastiklashtirilgan sementdan kam bo‘lsada) ega; suv shimish va suv o‘tkazish darajasi past va betonda sovuqqa chidamligigi yuqori. Gidrofob sementi ham oddiy portlandsement markalari kabi markalarga ega.
Sirt-aktiv qo‘shimchali sementlar boshlang‘ich davrda bir qancha sekinroq qotish tezligiga ega bo‘lib, shunga ko‘ra kamroq issiqlik ajratib chiqaradi. Bu sementlar alohida maxsus sharoitlarda, yaʼni gidrotexnik inshootlarni qurishda va monolit temirbeton konstruksiyalarini ko‘tarishda ishlatiladi, bunda betonning suv o‘tkazmasligi va issiqlik ajratib chiqarishi muhim ahamiyatga ega.
Sulʼfatga chidamli sementlar– alohida guruhga ajratilgan va ularga UzRST talablari kuyilgan (1.1 jadvalga qar). Sulʼfatga chidamli portlandsement 400 marka bilan ishlab chiqariladi. Sementning sulʼfatga chidamliligi mineralogik tarkibini meʼyorida bo‘lishi bilan taʼminlanadi, sulʼfat agressiyasiga chidamsiz minerallarning miqdori tarkibda kamaytiriladi. Bu sement tarkibida: C3S>50%,C3A<5%, C3A+C4AF<22%. Qo‘shimchali sulʼfatga chidamli portlandsement maxsus tarkibdagi portlandsement klinkerini (C3A<5%, C3A+C3AF<22%) va mayin yanchilgan aktiv mineral qo‘shimcha bilan birga tuyib olinadi. Qo‘shimcha sifatida trepel, opok, diatomit (5-10%) yoki granullangan domna shlaki (10-20) ishlatiladi. Qo‘shilcha C3S gidrotatsiyasida ajraladigan kalʼsiy gidrooksidini bog‘laydi, bu esa sementning sulʼfatga chidamliligini oshiradi. Bunday holatda tarkibida juda ko‘p C3S bo‘lgan klinkerni qo‘llash mumkin bo‘ladi, qo‘shimchali sulʼfatga chidamli sementlar esa 500 va 400 markaga egadir.