Tuproq nomenklaturasi (lotinchada nomenclatura – nomlarni bitish, yozish degan ma’noni anglatadi)- ning milliy va xalqaro metodlari mavjud. Tuproq nomenklaturasining rus maktabiga V.V.Dokuchayev asos solgan va unda tuproq rangi yoki tusi mezon qilib olgan. Keyingi tadqiqotlarda tuproq nomenklaturasiga uning rang yoki boshqa alomatlarini ifodalay-digan belgilari qo‘shib aytila boshladi. Tuproqshunoslik rivojlangan sari uning nomenklaturasi murakkablashib, uning nomiga tuproq xossalari, hosil bo‘lish jarayoni, genezisi oid ta’rif qo‘shib aytiladigan bo‘ldi. Natijada tuproq nomenklaturasi murakkab va uzundan-uzoq bo‘lib ketdi. Chunki mavjud nomenklatura qoidasiga ko‘ra tuproqni nomlashda ketma-ket keladigan taksonomik darajalar sanab o‘tilishi qoidaga aylanib qoldi. Takson grekcha taxis - joylanishi, holati; nomos - qonun degan so‘zlardan olingan bo‘lib, u tasnif birligining nomi sifatida tizimdagi o‘rni va darajasini ko‘rsatadi. Masalan, "Rivojlanmagan dag‘al skeletli yuqa qatlamli shag‘alli va yengil sozli oxaktoshli allyuvial tipik bo‘z tuproq" (D.I.Tarasov). Bunday nomenklatura ilmiy nom berish bo‘lmay, balki tuproqni qiyosiy tasvirlashga aylanib qoldi (B.G.Rozanov).
Shunga qaramay rus tuproq nomenklaturasi jahon tuproqshunosligiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi va tuproqlarni nomlashda "podzol", "chernozem", "serozem", "gley", "solones", "solonchak" kabi terminlardan xalqaro miqyosda foydalanila boshlandi.
Tuproq nomenklaturasining amerika maktabi murakkab va qarama-qarshi yo‘lni bosib o‘tdi. Dastlab tuproq-kartografik ishlariga rahbarlik qilgan M.Uitni taklifiga ko‘ra tuproqning geografik nomiga granulometrik tarkibini qo‘shib aytildi. K.F.Marbut rus tuproq tipiga mos keluvchi "katta tuproq gruppasi" (Great soil group) tushunchasini kiritdi. XX asrning 50-yillariga kelib yangi, grek-lotin so‘z tuzilishi prinsipi asosida tuproq nomenklaturasini tuzishga kirishildi. Bu yangi tizimning ayrim elementlari xalqaro tuproq nomenklaturasiga kiritilsada, lekin u xalqaro maqom darajasiga ko‘tarila olmadi.
Xalqaro FAO/YUNESKO tuproq nomenklaturasi 1968 yili Avstraliyada o‘tkazilgan tuproqshunoslarning IX Xalqaro kongressida tasdiqlangan 1:5000000 masshtabli dunyo tuproq kartasining tuzilishi munosabati bilan yaratildi. Unga ko‘ra tuproq birligining nomi grek, lotin va rus tilidagi so‘z o‘zagiga "sol" yoki "zem" qo‘shimchalarini qo‘shish yordamida hosil qilinadigan bo‘ldi. Kichik birliklarni nomlash birlik nomiga tuproqning asosiy xossalarini aniqlaydigan so‘zni qo‘shish bilan, ya’ni "flyuvisol" (fluvisols) - tuproq birligi, -"karbonatli flyuvisol" (Calcic fluvisols) - tuproqning kichik birligini anglatadigan bo‘ldi. Bu ham o‘z yechimini to‘liq topmagan munozarali masala bo‘lib qolmoqda.