Taqirli tuproqlar- o‘z xususiyatlariga ko‘ra taqirlardan boshqa tipdagi tuproqlarga o‘tuvchi tuproqlar hisoblanadi. Taqirli tuproqlar qurigan allyuvial va prolyuvial-allyuvial tekisliklarda, jumladan daryo vodiylari hamda deltalarida keng tarqalgan. Amudaryo, Qashqadaryo deltalarida, Kopetdog‘ oldi qiya tekisliklarida, Murg‘ob va Tajang daryolarining havzalarida, Sirdaryoning o‘rta qismida ancha katta maydonlarni egallaydi.
Gidromorf tuproqlar- sizot suvlari yaqin (0,5-3,0 m ) bo‘lgan sharoitda, doimiy kapillyar namlik ta’sirida hosil bo‘ladigan o‘tloq, botqoq, botqoq-o‘tloq tuproqlar va sho‘rxoklar kiradi.
Gidromorf tuproqlar cho‘l va bo‘z tuproqlar zonalarida tarqalgan bo‘lib, daryolarning quyi oqimlari, relyef depressiyalari (cho‘kmaalari), ko‘l atrofi, daryo va ko‘llarning qurib qolgan pastliklari va tog‘ oldi qiya tekisliklari hamda tog‘oldi yoyilmalarida katta maydonlarni egallaydi.
Gidromorf tuproqlar maydoni O‘rta Osiyoning sug‘oriladigan maydonlarining deyarli yarmini tashkil etadi.
Cho‘l zonasining gidromorf tuproqlari daryo vodiylari va irmoqlarida keng tarqalgan bo‘lib, ularning asosiy qismi allyuvial rejimli tuproqlar jumlasiga kiradi. Cho‘l zonasi gidromorf tuproqlari Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Atrek daryolarining vodiylarida va deltalarida, shuningdek, Chu daryosining quyi oqimlarida katta maydonlarni egallaydi Cho‘l zonasining soz rejimli gidromorf tuproqlari asosan Zarafshon, Murg‘ob, Tajang va So‘x daryolarining yoyilmalarida uchraydi.
O‘tloq-allyuvial to‘qay tuproqlar- mexanik tarkibi yengil bo‘lgan keltirilmalar bilan qoplangan, suv bosmaydigan yoki qisqa vaqt davomida toshqin suvi bosadigan o‘zan bo‘yi balandliklarda, daraxt-butali to‘qaylar bilan egallangan va o‘tloqi o‘simliklar bilan qoplangan yerlarda o‘tloqi-to‘qay tuproqlari rivojlanadi. To‘qay daraxtzorlari, butazorlari ko‘pincha daryo bo‘yi marzalarda, baland orollarda va daryo tirsaklarida ko‘p uchraydi.
Allyuvial chimli-o‘tloq tuproqlar-cho‘l zonasining Amudaryo va Sirdaryo irmoqlarida, ularning o‘rta oqimidagi quyi terrasalari, Zarafshon, Surxandaryo, Vaxsh, Murg‘ob shuningdek, Atrek daryolarining etaklarida katta maydonlarni egallaydi. Sug‘oriladigan dehqonchilik rivojlangan chimli o‘tloq tuproqlar turli mexanik tarkibli qatlamli allyuvial keltirilmalarda paydo bo‘ladi. Sizot suvlari sathi 1-3 m chuqurlikda bo‘lib, minerallashuv darajasi daryo va uning tarmoqlari uzoqlashgan sayin ortib boradi.
Zich chim hosil qiladigan o‘tloq o‘simliklari yaxshi rivojlangan va doimiy ravishda suv bosadigan o‘tloqi tuproqlarda zang va ko‘kimtir (zangori) dog‘lar ifodalangan botqoqlanish alomati bor.