O’sma to’qimasini o’ziga xosligi Kantsergenez va progressiya natijasida, hujayralar normal shakllanishini yo’qotib, embrional davrga qaytganday bo’ladi, bu holatni anaplaziya deyiladi, bunda bioximik, ximik-fizik, morfologik va funktsional anaplaziyalar kuzatiladi. SHuningdek bu vaqtda metaplaziya ham kuzatiladi, hujayra butunlay boshqa qiyofaga kiradi.
Hujayralar transformatsiyada, hujayra bo’linishini buzilishi bilan bir qatorda, ularda boshqa kompleks o’zgarishlar ham kuzatiladi.
Hujayralar turli xil o’smani rivojlantirish omillarini sintez qiladi.
O’sma hujayralarida o’sish omillari uchun retseptorlar sintezlanadi va ekspressiyalanadi.
Qo’shuvchi to’qima va qon tomirlar komponentini buzuvchi fermentlar sintezi ortadi, kelgusida metastazga olib keladi.
O’sma hujayralari shunday omillar sintezlaydiki, ular fermentlar tahsiriga qarama-qarshi effekt chaqiradi.
O’sma hujayralarida oqsillar fosforlanishi buziladi, buning natijasida ularning funktsiyasi ham buziladi, oxir-oqibatda hujayralararo kontaktlar soni keskin kamayadi, shundan metastazlanish xolati ham osonlashadi.
O’sma to’qimasidagi bioximik jarayonlarni o’ziga xosligidan shu narsa mahlumki, hujayrani genetik idora etilishi buziladi. Repressiya natijasida ferment va oqsillar sintezi keskin to’xtasa, derepressiya natijasida esa yangi oqsil yoki kofermentlar sintezlanadi.
SHuningdek, o’sma hujayralarda oqsillarning miqdoriy hamda sifatiy sintezi buziladi. Hujayralarning mitotik apparatida oqsillar sintezi esa ortib ketadi.
Normada hujayraning mitotik apparatida 11% gacha oqsil bo’lsa, o’sma hujayralarda 30% gacha ortadi. Oqsillar metobolizmi, aminokislotalarning pareaminlash va dezaminlanishi buziladi. Oqsillar katobolizmi shu darajada pasayib ketadiki, umumiy oraliq almashinuvda ishtirok etmaydi. Bemor organizmidagi to’qimalardan o’smalar aminokislotalarni “so’rib oladi”. Fermentlar yetishmovchiligi sababli, ayrim almashtirib bo’lmaydigan aminokislotalar sintezi buziladi.
O’sma hujayralarda uglevodlar almashinuvi ham buziladi, glikoliz kuchayadi. O’sma hujayralarida glikoliz fermentlari: geksokinaza, fosfofruktokinaza, piruvatkinaza aktivligi ortadi, natijada aerob glikoliz kuzatiladi, yahni uglevod parchalanishi piruvat kislotaga, so’ngra uni kislorod ishtirokida sut kislotasiga aylanishi ro’yobga chiqadi. O’sma intensiv tarzda, qondan glyukozani yutadi, uning miqdori 16,7 mmolg’/l gacha ko’tarilgan paytda ham, o’smadan ketayotgan qonda umuman glyukoza bo’lmaydi. SHuningdek, o’sma hujayrasida to’qima nafasi buziladi.