II. Maxsus adabiyotlar.
Rahimov Sh. Asosiy vazifa – bolalarni ta’limga qamrab olish.// “Maktabgacha ta’lim” jurnali, 3-son, 2017. 2-3 bet.
Quronov M. Bolam baxtli bo‘lsin, desangiz...: ota-onalar uchun. – T.: Ma’naviyat, 2013. – 320 b.
Elektron ta`lim resurslari:
www. tdpu. uz
www. pedagog. uz
www. ziyonet.uz
www. edu.uz
2-Mavzu. Maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarishning nazariy asoslari.
Reja:
Maktabgacha ta’limni boshqarishning o‘ziga xosligi.
Ota-onalar jamoatchiligi va ularning ish faoliyati.
Maktabgacha ta’lim bo‘limlari va MTTlar munosabati.
Tayanch so‘zlar: mudira, rahbarlik, nazorat, jamoat, reja, huquq, vazifa, hamkorlik, ta’lim sifati, tadqiq, daraja.
Har qanday ta’lim tashkilotining rahbari kabi maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori uchun ta’lim sifatini pedagogik prognozlashning metodologik muammolarini tadqiq qilishga kirishgan holda, eng avvalo, pedagogikada ilmiy-prognozlash faoliyati metodologiyasi hal qilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarni aniqlash zarur.
Ushbu vazifalarni darajasi bo‘yicha ko‘rib chiqish maqbulroqdir.
Birinchi – oliy darajada, gap uning maqbul faoliyatining ko‘p omilliligini e’tiborga olgan holda, ta’lim tizimini rivojlantirishni ilmiy jihatdan anglab yetish jarayonini metodologik asoslash haqida bormoqda. Bunda ushbu sohada ildamlovchi axborotni olishning falsafiy va gnoseologik muammolari hal etiladi, pedagogik prognozlash strategiyasini oldindan belgilovchi boshlang‘ich metodologik tamoyillar aniqlanadi.
Ikkinchi darajada ta’lim sohasida bashoratli tadqiqotlarni o‘tkazishga nisbatan mavjud yondashuvlar metodologiya obyekti hisoblanadi. Metodologiyaning vazifasi u yoki bu yondashuvdan foydalanishning to‘g‘riligi va maqsadga muvofiqligini asoslashdan iboratdir.
Uchinchi darajada gap pedagogik bashoratlash obyektining u yoki bu tomonlari to‘g‘risida prognozli axborot olishning muayyan prognozli metod va usullari haqida boradi. Vazifa u yoki bu usulning asosiy belgilarini ajratish, muayyan pedagogik muammolarni hal qilishda uni amalda qo‘llanish imkoniyatlarini ko‘rsatishdan iboratdir.
Falsafiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqilayotgan ilmiy bilish metodologiyasi, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va har bir muayyan fan metodologiyasi ilmiy-tadqiqot faoliyatining tamoyillari va usullari to‘g‘risidagi yagona metodologik bilimni tashkil etgani holda, bir-biri bilan uzviy bog‘lanib ketgan.
Obyektivlik tamoyili bashorat bilan bog‘liq faoliyatning umumiy strategik yo‘nalishini aniqlash imkonini beradi. Ushbu faoliyat u yoki bu subyektiv fikrni majburan qabul qilishdan hamda pedagogik faoliyatning obyektiv xossalari va munosabatlarini, shuningdek, ta’lim tizimini rivojlantirishning avvaldan mavjud oqimlarini ko‘r-ko‘rona qayd qilishdan xalos bo‘lgan holdagina muvaffaqiyatli kechadi.
Bilish mumkinligi tamoyiliga muvofiq, kelajakni bilish jarayonni bilmaslikdan bilishga, kam bilishdan ko‘proq bilishga o‘tish sifatida qarab chiqish kerak. Pedagogika sohasidagi prognoz faoliyati, oqibat-natijada, pedagogik prognozning u yoki bu obyektida xolis, haqiqiy bilim olishga qaratilgandir.
Pedagogik hodisalarning ko‘p omilliligi bilan bog‘liq holda masalan, ta’lim sifati ilmiy bashorat tamoyili alohida metodologik ahamiyat kasb etadi. Pedagogikada ilmiy bashorat, rivojlanish tamoyiliga rioya qilingan hollarda, ya’ni pedagogik hodisalarga xos bo‘lgan ziddiyatlar tegishlicha e’tiborga olingan taqdirdagina samarali bo‘lishi mumkin. Ularning ayrimlari o‘quv-tarbiya jarayonining harakatlantiruvchi kuchi sifatida ro‘yobga chiqadi, boshqalari esa unga to‘sqinlik qiladi.
O‘tgan yillar tajribasidan foydalanish – o‘z metodologik asosini tarixiylik tamoyilida topadigan har qanday prognozli ishlanmalar uchun tegishli zamindir. Eski va yangi sifat holatlarning ichki bog‘liqligini aniqlash muhimdir.
Nazariya va amaliyot birligi tamoyili ham prognozlashda katta ahamiyatga ega, chunki amaliyot ilmiy-pedagogik prognoz natijalarining to‘g‘riligi va ishonchliligining yagona obyektiv mezonidir.
Pedagogik prognozning umumiy metodologik tamoyillarini bilish samaradorligi asosan ularni tashkil etishga yondashuvga bog‘liq bo‘lgan muvaffaqiyatli prognozli tadqiqotlarning zarur, ammo yetarli bo‘lmagan shartidir. Zamonaviy boshqaruv nazariyasida tizimli, kompleks yondashuvni amaliyotga joriy qilish va chuqurlashtirish vositasi sifatida ko‘rib chiqiladigan dasturiy-maqsadli yondashuv ta’limni prognoz tadqiq qilishga eng samarali yondashuvlardan biri hisoblanadi.
Ta’lim tizimi ko‘p shaklli, o‘zaro bog‘langan funktsiyalarni amalga oshiruvchi va atrof-muhit bilan muayyan o‘zaro munosabatda bo‘lgan, o‘ziga xos rivojlanish kuchlariga ega murakkab dinamik, o‘zini o‘zi boshqaruvchi, ko‘p darajali yaxlit tizimdir. Bunday murakkab tizimni prognozlashda tadqiq qilinayotgan obyektni kompleks idrok etish farqli xususiyati bo‘lgan prognoz shakllarini qo‘llash alohida ahamiyat kasb etadi. Ular ta’limni tadqiq qilishda tizimli tahlilning barcha talablaridan foydalanish, elementlar ierarxiyasini va ularning bir-biriga teng bo‘ysunish sxemasini aniqlash, funktsional aloqalarini ko‘rib chiqish imkonini beradi.
Dasturiy-maqsadli rejalashtirish (yoki yondashuv) fundamental fanda ko‘plab keng ko‘lamdagi muammolarni ishlab chiqishda hamda umumdavlat ahamiyatiga molik ilmiy-amaliy jarayonlarni amalga oshirishda o‘zini oqladi. Kadrlar tayyorlash milliy modeli va dasturini ishlab chiqishda undan foydalanilganligi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Ammo shuni ta’kidlash kerakki, pedagogik jarayon juda murakkab bo‘lganligi va qator muhim xususiyatlariga ko‘ra shakllantirishga va o‘lchashga bo‘ysunmasligi bois pedagogika fani va amaliyotida dasturiy-maqsadli rejalashtirishni qo‘llash murakkablashadi.
Odatda, u yoki bu sohada tanazzul vaziyati vujudga kelgan hollarda yirik tadqiqot ishlarini dasturiy-maqsadli rejalashtirishga murojaat qilinadi. Rejalashtirishning bunday metodologiyasi har qanday (ham asosiy, ham ta’minlovchi) ishni bajarishdagi izchillikka, parallel ravishda o‘tkaziladigan tadqiqotlarni bajarishning kelishilgan muddatlariga qat’iy talablar qo‘yadi, chunki, ular yaxlit bir butunlikni tayyorlagan holda (masalan, ta’lim sifati va tegishli ta’lim jarayoni, pedagog kadrlar bilan ta’minlash va h. k.) butlovchi qismlar sifatida bir-biri bilan bog‘langan bo‘ladi yoki ulardan biri boshqasini axborot bilan ta’minlaydi.
Ko‘rsatib o‘tilgan metodlarning qay biri asosiy, ularning vazifasi va, xususan, ta’lim sifati muammolarini tadqiq qilishda ulardan foydalanish xususiyatlari nimalardan iborat?
Ularning qisqacha ro‘yxatini keltiramiz.
1. Pedagogik xususiyatga ega jarayonlar uchun fundamental qonunlar mushtarakligiga asoslangan analogiya metodi.
2. Turli xil bilimlar unsurlarining majmuida sintez bo‘lgan pedagogik tizimlar, yangi nazariy tasavvurlarni muayyan maqsadni ko‘zlab tuzish metodi.
3. Yechimi obyektiv ravishda mavjud bo‘lgan yangi tushunchalar va tasavvurlar tizimida ilmiy masalalarning boshlang‘ich ma’lumotlari va pirovard talablarini qayta ta’riflash metodi.
4. Aniqlik (empirik)dan mavhumlikga o‘tish metodi.
5. Mavhumlikdan (nazariy anglangan) o‘tish metodi.
6. Nazariy jihatdan mumkin bo‘lgan vaziyatni modellashtirish metodi (ta’lim sifati, uning tavsiflari, o‘quv mashg‘uloti tuzilmasi, ta’lim dasturi bo‘limining mazmuni, shaxslararo munosabatlar shakli va mazmuni).
7. Pirovardida tegishli tarkibiy qismlar bilan birga kirishdagi pedagogik jarayonning nazorat qilinadigan tuzilmasi (masalan, bilish faoliyati)ni chiqishda tegishli tarkibiy qismlar bilan taqqoslashga asoslangan metod.
8. Mushohada orqali tajriba-sinov qilish usuli (umuman, yuz berishi mumkin (butunning yangi sifatlarini aniqlash maqsadida butundagi qismlarning funktsiyalarini mushohada yo‘li bilan o‘zgartirish).
9. Imkoniyatlardan to‘liq foydalanish metodi.
10. Taqqoslash metodi (muqobillarni istisno etuvchi qarshi kurash).
11. Tadqiqotchi aralashuvisiz tizimning rivojlanishini prognozlash.
Farazlar, taxmin qilinayotgan pedagogik vaziyatlar tuzilayotgan, ularning shaxs shakllanishiga, ta’lim faoliyatining (ta’lim sifatining) pirovard natijasiga ta’siri hisobga olinganda, amalda haqqoniy pedagogik shart-sharoitlarni yaratish mumkin bo‘lmagan hollarda nazariy tadqiqotning sanab o‘tilgan metodlari o‘rnini hech narsa bosolmaydi.
Jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda, uning jadallashuvi yoki depsinishida ta’lim rolining ortib borishi, aholining yangi-yangi ijtimoiy guruhlari va qatlamlarining ta’lim faoliyatiga jalb qilinishi olimlar va mutaxassislarning unga e’tiborini kuchaytirishni talab qiladi.
Ta’lim sifati muayyan ma’noda iqtisodiy omildir, chunki u ishlab chiqarish jarayonlariga, fan-texnika taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu munosabat bilan jamiyatda jarayonlarni tahlil qilish va prognozlash vositasi bo‘lgan tizimli yondashuv, tizimli metodlar g‘oyalari va tamoyillarining haqiqiy ijtimoiy faoliyat nazariyasi hamda amaliyotiga joriy qilish muammosi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tizimli tahlil metodlarini ijtimoiy jarayonlarni baholash va prognozlashda qo‘llash muammolarini ko‘rib chiqqan holda butun ijtimoiy munosabatlar majmui yaxlit hodisa sifatida namoyon bo‘layotganligidan kelib chiqish lozim. Bunda, insonning tabiat bilan o‘zaro munosabatlaridan farqli o‘laroq, inson yoki kishilar guruhining ongli, aniq maqsadga qaratilgan faoliyati obyekti sifatida jonsiz buyumlar yoki jarayonlar emas, balki ongga ega bo‘lgan va ongli faoliyat yuritayotgan odamlar va ijtimoiy guruhlar namoyon bo‘ladi.
Ushbu holatda inson yashayotgan tabiiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muhitning birligi va ajralmasligi haqidagi tezis asosiy qoida hisoblanadi. Mamlakatning madaniy, tarixiy, milliy va diniy xususiyatlari sharoitida ta’limning ijtimoiy-iqtisodiy, me’yoriy-huquqiy va boshqa tomonlar bilan jips aloqada bo‘lishi buning oqibatidir.
Ijtimoiy muammolarni tadqiq qilish moddiy obyektlarni tadqiq qilishdan tubdan farq qiladi. Buni, birinchidan, ijtimoiy obyektlarning o‘ziga xosligi va tuzilishi haddan tashqari murakkabligi (xususan, ularning tarkibiy elementlari va aloqalari ko‘p funktsionalligi) taqozo qiladi. Ikkinchidan, har doim ham bir xilda talqin qilinmaydigan obyektlarni tavsiflash an’anasi vujudga kelganligi; uchinchidan, bu ijtimoiy fanlarning o‘zi murakkabligi, ular inson omilining turli jihatlari bilan jips aloqada ekanligini taqozo etadi.
Jamiyatdagi real jarayonlarni o‘rganish, odatda, mavjud ijtimoiy vaziyatni o‘zgartirish yoki ijtimoiy rivojlanishning yangi kontseptsiyalarini taklif qilish ehtiyojiga bog‘liq.
Aloqalarning haddan tashqari murakkabligi ta’lim tizimining xususiyatlaridandir. Bunda ulardagi sabab-oqibat aloqalari ba’zan juda qiyin ilg‘andi, shu bois, ilmiy jihatdan tahlil qilinmay qoladi. Binobarin, uning tavsiflovchi sifat qismlarini, elementlarini, omillarini va xususiyatlarini umumiy maqsaddan ajratib olish muhim dastlabki shart, mohiyatan ta’lim tizimlari va jarayonlarini ilmiy modellashtirishga doir ishlarning ilk bosqichi hisoblanadi. Keyinchalik obyektiv ravishda o‘lchanadigan kattaliklar yordamida ularga miqdoriy ma’no baxsh etilib, modelda aks ettiriladi, so‘ng ular o‘rtasidagi eng muhim, asosiy, qonuniy aloqalar belgilanadi.
Ushbu tadqiqot obyekti – «ta’lim sifati»ning murakkab va ko‘p darajali xususiyati uni tahlil qilishga tizimli yondashuv zarurligini taqozo qiladi. Tizimli yondashuvni tadqiqot metodologiyasi sifatida qo‘llanish ehtiyoji boshqa yondashuvlar imkoniyati tugab bitganligi bilan emas, balki uning pirovard maqsad sifatida tadqiq qilinayotgan jarayonlarni tashkil etish samaradorligini oshirishi bilan izohlanadi. Aynan tizimli yondashuv barcha muayyan vaziyatlar, nuqtai nazarlar va maqsadlarni ijtimoiy-iqtisodiy omillar majmuasida tadqiq qilgan holda, bir qator muammolarni hal etishga yangicha yondashish imkonini beradi. Shu tufayli mavjud axborotdan to‘liqroq va maqsadga yo‘naltirilgan holda foydalanish, uni darajalar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash, yuz berishi mumkin bo‘lgan nuqson va kamchiliklarni aniqlash, kechayotgan jarayonlarni o‘rganish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni izchillik bilan izlash imkoniyati vujudga keladi.
Ta’lim sifatiga tizimli yondashuv, birinchidan, uni yaxlit bir butun va tashqi muhit bilan sababiy-oqibatli bog‘lagan holatda ko‘rib chiqishni, ikkinchidan, ta’lim maqsadlari va ushbu sohada qabul qilinayotgan qarorlarni o‘rganishni, uchinchidan, unda yuz berayotgan jarayonlarni modellashtirishni bildiradi.
Adabiyotlarda tizimli tahlilning asosiy qoidalarini tavsiflash vazifasi qo‘yilmagan, ularning tavsifini e’lon qilingan ko‘plab maqolalardan qiyinchiliksiz topish mumkin. Bunda, maqsad tadqiq qilinayotgan obyektda uni qo‘llash imkoniyatlari va chegaralarini ko‘rsatishdan iboratdir.
Turli sohalarda tizimli tahlil metodlaridan foydalanish masalalarini ko‘rib chiqishda ikki xil yondashuv mavjud.
Birinchi yondashuv tarafdorlari tadqiq qilish jarayonida aniq qo‘yilgan muammoni hal qilish uchun turli o‘zgaruvchanlarni va cheklashlarni o‘z ichiga olgan matematik va mantiqiy tenglamalar tizimi vujudga keltiriladigan «tizimli matematik tahlil»ga tayanadilar. Vazifa matematik yoki imitatsion metodlar asosida tizimning tarkibi yoki maqbullikning pirovard mezoni nuqtai nazaridan eng yaxshi bo‘lgan tizimining konstruktsiyalanishi yoki amal qilishi rejasini ko‘rsatuvchi miqdoriy belgilangan yechimini topishdan iborat.
Boshqacha yondashuvda asosiy e’tibor «tizimli mantiqiy tahlil»ga qaratiladi. Bunda tizimli tahlil yechimlarni ishlab chiqish vositasi sifatida, avvalo, muammoni tushunish va tartibga solish yoki ayni narsa hal qilinishi lozim bo‘lgan muammoni «tarkiblashtirish» metodologiyasi sifatida ko‘rib chiqiladi.
Ikkinchi yondashuvning tizimli tahlili – bu tadqiq qilish bo‘lib, uning maqsadi qaror qabul qiladigan boshqaruv xodimiga haqiqiy maqsadlarni muntazam o‘rganish, xarajatlarni, maqsadga erishish strategiyasining har bir muqobili bilan bog‘liq samaradorlik va tavakkalchilikni miqdoriy qiyoslash (buni amalga oshirish mumkin bo‘lgan joyda) yo‘li bilan, shuningdek, agar muqobil deb hisoblansa, qo‘shimcha muqobillarni ta’riflash orqali harakat yo‘lini tanlashda yordam berishdan iboratdir.
Bundan, birinchidan, tizimli tahlil qaror qabul qilishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning faoliyatiga yordam berish uchun aniq yo‘naltirilganligi va, ikkinchidan, tahlil metodologiyasining maqsadlarini aniqlash, qayta ko‘rib chiqish va anglab yetishni hisobga olgan holda maqsadga erishishga doir imkoni boricha keng ko‘lamdagi muqobil imkoniyatlarni aniqlaydigan, tahlil qiladigan va baholaydigan qilib qurish kerakligi to‘Qrisida xulosa kelib chiqadi. Metodologiyaning aynan ana shu qirralari ilmiy-tahliliy metodlarning turli faoliyat sohalarida (shu jumladan ta’lim sohasida ham) qarorlar qabul qilishga ta’siri to‘g‘risida gapirish imkonini beradi.
Mamlakatimiz va chet ellik yetakchi olimlarning inson faoliyati turli sohalarida tizimli tahlil usullaridan foydalanish metodologiyasiga yondashuvlarini tahlil qilgan holda, har bir muallif o‘zining tahlilini o‘tkazish bosqichlarining u yoki bu ma’nodagi o‘ziga xos tasnifini taklif etayotganiga qaramay, qarashlarda umumiylik mavjudligiga ishonch hosil qilish mumkin.
Ijtimoiy jarayonlarni tahlil qilish asosiga aynan ana shunday yondashuvlar qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Ijtimoiy sohada tizimli tahlilni qo‘llash imkoniyatlari muayyan tarzda cheklangan. Mutaxassislarning fikricha, tizimli tahlilga murakkab vaziyatlarda qaror qabul qilish to‘g‘risidagi fan sifatida qaramaslik lozim. Bu butkul amaliy yondashuv bo‘lib, uning maqsadi rahbariyatga muayyan muddatda taqdim etilishi kerak bo‘lgan aniq tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
Ta’limda modellashtirish muammolari o‘zgaruvchanligi miqdoriy o‘lchashda vujudga keladi. U yoki bu sifat ko‘rsatkichlarini kiritishdan oldin, jarayonlarning qadriyat tabiati bilan kelishgan holda, ularni o‘zgartirishga yo‘l qo‘yish mumkinligi haqidagi masalani hal qilish zarur.
Faoliyatning aniq turlarini tuzishdan oldin kontseptual model yaratiladi. U go‘yo keyingi o‘ziga xos barcha modellarga zamin yaratib, ularni sharhlash va taqqoslashda yordam beradi.
Konsepsiya mazmuni modelda o‘z aksini topadi. Matnga oid tahliliy tavsifda kiritilgan har bir kontsept turli talqinlar chegarasini buzmasa, bir-biriga yaqinlashtiradigan kontekst bilan to‘ldirilgan bo‘ladi. Qandaydir bitta o‘zgaruvchanning (kontseptual sxema bo‘g‘inining) noto‘g‘ri idrok etilishi butun konstruktsiyaning noto‘g‘ri idrok etilishiga olib keladi. Faqat ijodiy izlanish, xilma-xil yondashuvlar orqali chuqur mazmunga ega bo‘lgan samarali universal modelni yaratish mumkin bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |