31
II BOB. FITRAT DRAMALARIDA ShARQ VA G‘ARATINING BADIIY
TALQINI
2.1. “Hind ixtilolchilari” dramasida adib dunyoqarashining ifodalanishi
“Bu kun o‘lkadan qo‘ydan ortiq odam kesiladir. Omonlik, tinchlik, erk
degan narsalarni kimsa bilmaydir. Masjidda namoz uchun yig‘ilganlar siyosiy
yig‘in yasog‘on bo‘lib,to‘nga bog‘lanar, er bilan xotin o‘zaro ko‘proq gapirganda
hukumatga qarshi bo‘lib osilalar. Bu kun ustidagina shu o‘lkaga qaraganda
yiqilg‘on shaharlar, yondirilg‘on qishloqlar, talong‘on uylar, kesilg‘on
boshlar,osilg‘on gandalar, to‘qilg‘on qonlardan boshqa bir narsani ko‘rmaysiz.
Yaqindan tanishmoq uchun ichkariroq kirganda: qochirilg‘on qizlar,
pardasizlangan xotinlar, bir-birini etini yegan ochlar, xo‘rlik ko‘rgan buyuklar,
so‘kish eshitgan boshliqlarning qonli yoshlari, mungli boshlari, tugunli ohlari, o‘tli
yangrashlari oldimizdan yasov tortib o‘tadir”.
Bu dilo‘rtar so‘zlar Fitratning “Hind ixtilolchilari” dramasidagi qalandar
Lolahardiyolning ingliz mustamlakachilarini fosh qilib aytgan so‘zlari. Drama
1920 yilda yozilgan. Lolahardiyolning qahr-g‘azab, o‘kinch va nafratdan tug‘ilgan
so‘zlarini yetmish yildan keyin takrorlagan, o‘z badiiy qudrati, haqiqat kuchini
yo‘qotmaganligi, oydinlashadi, yurakni qayta o‘rtaydi, qayg‘urtiradi: Farg‘ona,
O‘sh, Boku, Parkent, Vilnyus, Bo‘ka, Dushanbe...
Erksizlik, bosqinchilik, zo‘ravonlikka asoslangan jamiyatda yuz beradi.
Fitratning ”Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari” dramasi erksizlik, bosqin,zulmga
qarshi isyon. Bu ikkala sahna asarida hind xalqining ingliz mustamlakachilariga
qarshi ozodlik yo‘lidagi kurashi osh g‘oyadir. Rahimbaxsh, Nuriddin, Dilnavoz,
Karimbaxsh,Zulayho Lolahardiyol Hindistonni bosqinchi yovlardan ozod ko‘rishni
istagan va bu yo‘lda kurashgan chin vatanparvarlar obrazlari.
Agar 20-30-yillar adabiyotiga nazar tashlasak, asosan, asosan, ikki oqimnm
ko‘ramiz: biri mamlakat o‘z boo‘idan og‘ir iqtisodiy-siyosiy ma'naviy
o‘zgarishlarni kechirayotganda “baxt va shodlik”ni kuylagan. Ochlik, quloqlik
32
uqubatlari ildiz otsa-da, “Kolxoz to‘yin, umum yuksak, a'zolar to‘q, Ortiq bizda
kambag‘allik, batraklik yo‘q”, “Oziq-ovqat, sen je, men je” deb ijod etganlar:
ikkinchisi - siyosatning qing‘ir o‘yinlari, qorong‘uliklarini anglab, erk, ozodlikni
kuylab, mustamlakachilik siyosatini fosh etuvchi asarlar bitib, “millatchi”,
“panturkist”, “panislomist” tamg‘asi bosilganlar...
Bu ikkinchi guruh yozgan asarlarining o‘zagi, botinida ularning buyuk
shaxsi - vatanparvar, erkparvarligi yotadi. Cho‘lpon 1921-yilda yozgan “Men va
boshqalar” she'rida o‘zini erk va qullik o‘rtasidagi kurash ichra ko‘radi (she'r
garchpnd o‘zbek qizi tilidan bitilgan bo‘lsa ham):
Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman,
O‘ynagan boshqalar, yangragan menman.
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Qullik qo‘shig‘ini tinglagan menman...
Shoir “kuyim bor...uni-da devorlar tinglar...” deb Erksizlik, bosqinchilik
oqibatlaridan zorlanadi. Uning kuy - Erk. Uning Vatanidan Erk kuyi qatog‘on
qilingan, o‘rnida “Qullik qo‘shig‘i” “Erkin boshqalardir, qamalgan menman,
Hayvon qatorida sanalg‘an menman...” Uning-chun “yomon hidga to‘lib tonglar
otadir” chin vatanparvar uchun zulm urchigan Vatanda tong boshqacha otishi
mumkinmi? Cho‘lpon “Buzilgan o‘lkaga” she'rida:
Sening qattiz, sirt bag‘ringni ko‘p yillardir ezganlar,
Sen bilsang-da, qarg‘asang-da, ko‘kragingda kezganlar,
Sening erkin tuprog‘ingda hyech haqqi yo‘q xo‘jalar,
Nega seni bir qul kabi qizg‘anmasdan yanchalar? -
Nega sening qalin tovshing ket demaydi ularga,
Nega sening erkin ko‘ngling erk bermaydir qo‘llarga?...
derkan, buyuk shoirning mungli, hasratli, o‘kinchli tovushi erk munojotidek
ko‘ngilni o‘rtaydi.
Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriylar avlodining zo‘rligi shundaki, ma'naviy-ruhiy
yaqinlik ularning asarlarida birining g‘oyasini ikkinchi, ikkinchisini uchinchisi
botinan rivojlantirishi, qo‘llashi uchun xizmat qiladi. Abdulla Qodiriy “O‘tgan
33
kunlar”ning
“Qipchoq
qirg‘ini”
faslida
Yusufbek
hojining
tilidan
mustamlakachilikning avra-astarini ag‘darguvchi, hasrat tomib turgan tubandagi
so‘zlarni keltiradi: “...Men ko‘p umrimni shu yurtning tinchligi va fuqaroning
osoyishi chun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hyech bir qanoat hosil
qilolmadim, Ittifoqning nima ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi
yo‘lida bir-birini yeb-ichgan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast
muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizga
aqlim yetmay qoldi... Biz shu holga ketadigan, bir-birimizning tagimizga suv
quyadigan bo‘lsak, yaqindirki, chor istibdodi Turkistonimizni egallar va biz
bo‘lsak, o‘z qo‘limiz bilan kelgusimizni o‘ris qo‘liga tutqin qilib topshiruvchi biz
ko‘r va aqlsiz otalarga xudoning la'nati, albatta, tushar o‘g‘lim! Bobolarning
muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni kofirxona qilishga hozirlangan biz itlar
yaratuvchining qahriga albatta yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohilarning,
mirza Bobur kabi fotihlarning, Farobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning
o‘sib-ungan va nash'u namo qilganlari bir o‘lkani halokat chuquriga qarab
sudraguvchi, albatta, tangrining qahriga sazovordir, o‘g‘lim! Gunohsiz
bechoralarni bo‘g‘izlab, bolalarni yetim, xonalarni vayron qiluvchi zolimlar -
qurtlar va qushlar, yerdan o‘sib chiqqan giyohlar qarg‘ishiga nishonadir, o‘g‘lim!”
Yusufbek hojining donishmandlik, bosiqlik va adam bilan so‘zlaganlari
naqadar bashoratomuz, qayg‘uli! Bu so‘zlar “Chin sevish” dramasidagi Nuriddin,
Karimbaxshxon, “Hind ixtilochilari”dagi Raximbaxsh Lolahardiyoz, Dilnavoz,
“Abulfayzxon” fojeasidagi Xayol (Siyovushning ruhi)ning so‘zlari bilan
hamohangdir. Ular bir-birini to‘ldirib, mustamlakachilik siyosatiga nafrat
uyg‘otadi. O‘z Vatanini bosqinchi yov qo‘liga topshirib qo‘yishning o‘limga
tengligini uqtiradi, bilagida kuchi, ko‘ksida vijdoni bor kimsani Erk, Ozodlik
uchun kurashga chorlaydi.
“Yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida” butun xalqni sotishga, toptashga
tayyor Sherxon va Rahmatullalardan nafratlantiradi. Xalqimizcha aytganda, do‘st
mingta bo‘lsa ham oz, dushman bitta bo‘lsa ham ko‘pligidan bizni ogohlantiradi.
34
Fitratning “Hind ixtilolchilari” dramasi 1920-yilda yozilgan bo‘lib, o‘z
davrida Turkistonning turli o‘lkalarida, jumladan, Buxoroda sahnalashtirilgan.
Dramadagi Dilnavoz va Rahimbaxshning sevgisi o‘zining romantikligi bilan
kishilarni jalb etish barobarida ularning mustamlakachilarga qaratilgan.
Vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan nafratomuz so‘z-qayg‘urishlari
tomoshabinni benihoya to‘lqinlantiradi, hayajonga soladi. Dunyo ishlariga hushyor
boqishga chorlaydi. Fitratning “Hind ixtilolchilari” va “Chin sevish” pesalarida yor
va diyor muhabbati, Rahimbaxsh Dilnavozga “Yurtni sevganlar uning tuproqlarini
emas, go‘zallik va yaxshiliklarini sevadilar. Sen ham yurt, ulusimning yaxshilik,
ortiqlik ham fazilatlarining biri, birinchisi sen erursan. Ularni sevganim seni
sevganimdir”, - deydi.
“Hind ixtilolchilari” dramasining “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilishi
munosabati bilan so‘z boshi yozgan adabiyotshunos Sherali Turdiev “Fitratning
asarlari, - deydi, - S.Ayniyning “Kun chiqarlilarga xitob”, Cho‘lponning “Yangi
Sharq”(1919), “Sharq uyg‘ondi” (1923) Abdulla Qodiriyning “Siyosat
maydonlarida” (1924) singari asarlariga hamohang jaranglaydi”. Bularning barida
g‘arb mustamlakachilik siyosati qoralanadi, la'natlanadi.
“Hind ixtilolchilari” besh pardadan iborat bo‘lib, bosh qahramoni Hindiston
mustaqilligi yo‘lida har qanday azob-uqubatlarni bo‘yniga olgan ziyoli yigit
Rahimbaxsh va uning sevgani Dilnavoz. Dramadagi asosiy ziddiyat shaxslar va
tuzum o‘rtasida. Hind vatanparvarlari ingliz mustamlakachilariga qarshi
kurashadilar. Asar shaxsiy konfliktdan boshlanadi. Lohur shahrining po‘lis
boshlig‘i ingliz O‘kunar hind qizi Dilnavozni sevib qolib, qanday bo‘lsa ham qizni
o‘z tuzog‘iga tushirmoqqa yo‘l izlaydi. Rahimbaxsh, Dilnavoz va bir qariya, iki
yosh suhbat qilib turganlarida Ukunar uch po‘lis (jandarm) bilan kelib, “hukumat
yashirun yerlarda yig‘ilishmoqni qatog‘on qilg‘on” deb Dilnavozni o‘zi bilan
shaharga majbur olib ketadi va Rahimbaxshni qamashni buyuradi. Shu
voqyealarning rivojida dramaning mohiyati mustamlakachilik siyosatiga qarshi
hind farzandlari olib borgan kurash ko‘rsatiladi. Dilnavozning hindning iffatli,
qalbida vatan tuyg‘usi kuchli qizlaridan. Uning tabiatida voqyealarni oldindan
35
sezishga o‘xshash zehn-zakovat o‘tkirligi - intulsiya bor. Birinchi pardada
Rahimbaxsh bilan Dilnavoz o‘z sevgilari va Vatanlari taqdiri haqida so‘zlashib,
qayg‘urib turganlarida Lolahardiyol ismli bir hind qalandari ularning suhbatiga
qo‘shiladi. U “sevishgan ikki yurakning mana shunday bahor quchoqlarida
tenglashmoqlari tomoshalarning eng buyugidir”, derkan, ikki yoshning oshiqona
kunlarini, harakat va iztiroblarini ma'nan qo‘llaydi. Lekin bu ikkala yoshning
taqdiri o‘z Vatanlari yotlar tomonidan toptalayotgan bir paytda uning chun chigal,
tasodiflarga boy bo‘lib ko‘rinadi. U Rahimbaxsh va Dilnavozning kelajagini nurli,
erkin ko‘rmoqchi. Ammo bosqinchilar har yer-har yerda hind urf-odatlari, milliy
qadriyatlarni toptayotgan, g‘orat qilayotgan bir paytda ularning to‘la baxtli
bo‘lishiga kim ham kafolat bera olardi. Lolahardiyol Abdulla Qodiriyning
Yusufbek hojisiga o‘xshash bashorat tuyg‘uli donishmand obrazi. U vatanning bir
parchasi bo‘lgan Rahimbaxsh va Dilnavozlar taqdiriga befarq emas: “Sizning bu
holingizni saodat dedim ham qutladim, oldanmangiz. Bunday bir saodat sizda
kelgan bo‘lsa ham, dunyoning turli qayg‘ularidan, turli sezgularindan ayrilib
bunday tip-tinch yerlarda jim-jit o‘tirmoq qiyindir, tiriklik tebranish demakdir.
Turg‘unlik esa o‘limdir... Butun dunyo tebranar ekan, sizning tebranmay
turishingiz bo‘lurmi? Tirik ekansiz, tebranursiz. Tebranmas ekansiz, o‘larsiz!
(qattiq) Yurtimiz yonib turadir. Ulusimiz ezilib bitdi, eshitasizmi?” Lolahardiyol
tebranish deb jamiyat taraqqiyoti, dialektik rivojlanish, voqyea-hodisalarning tabiiy
harakatini ta'kidlash barobarida, vijdon tebranishlariga - Ezgulik va Yovuzlik
o‘rtasidagi azaliy kurashga ham urg‘u berayotir. Rahimbaxsh va Dilnavozning qalb
tebranishlari qo‘shilib Vatan ozodligi uchun kurashga aylanishini orzu qiladi.
Dramada Lolahardiyol obrazi epizodlik ko‘rinishda bo‘lsa-da, uning so‘zlaridagi
ma'no muallif g‘oyasining o‘zagidek yangraydi. Lolahardiyolning so‘zlari
Rahimbaxsh, Dilnavozlarni Vatan taqdiri uchun kurash yo‘liga olib chiquvchi
ko‘prik vazifasini o‘taydi: “Shu qip-qizil gullar yurtimizning qon yig‘log‘an
kezlarida sizdan ish kutadir. Shu yam-yashil yog‘ochlar ulusimizning o‘limi uchun
tikilgan motam belgilaridir, sizdan ko‘mak tilaydir. Shu kichkina bulbul ham
chekishgan kimsasizlarning
marsiyasini
aytadir.
Sizningki qonlaringizni
36
qaynatmoqchi... Shular orasinda tinch turmoq, sag‘ana boshida chog‘ir ichmakka
o‘xshaydir, yarashmaydir. Shularning ko‘magiga erishmoq uchun ishga
kirishingiz, tebraningiz. Tebranmas ekansiz, o‘limingizni kutingiz...”
Fitrat o‘z g‘oyalarini yuksak poetik yo‘nalishda ifodalaydi. Uning
qahramonlari obrazli fikrlaydilar. Bu ular nutqining tabiiyligiga monelik qilmaydi.
Chunki qahramonlarning nafrat-nadomatlari, qarashlari bir obrazli so‘z, ibora
vositasida muxtasar va chuqur anglashiladi.
Mustamlakachilik siyosatining qaysidir bir qirralariga “tegib” ketadi.
Tomoshabinni o‘ylashga undaydi. Har bir harakat, detal, so‘z bosh g‘oya
mustamlakachilarning yovuzliklarini ko‘rsatish uchun “Qurollantirilgan”.
Lolahardiyol shu kichkina bulbul ham jon chekishgan kimsasizlarimizning
marsiyasini aytadir” dergan, bulbulning marsiya aytishi obrazli ifodasi bilan but
butun fojeaning mohiyatini teranroq mulohaza qilishga ishora qilayotir.
Xalqimizcha, bulbul ezgulik, ishq, oshiq timsoli. Klassik adabiyotimiz bulbul
obrazining mingdan ortiq bir biriga o‘xshamas ezgu timsollarini topgan. U goh
oshiq bo‘lib, goh yor boshida qon yig‘laydi; goh yorning yuzin, sochin silaydi; goh
hijron kuy qo‘shiqlarin sayraydi va h.. Lekin Fitrat Bulbul obrazini dramada
ozodlik timsoliga, ramziga aylantirayotir. “Keng bir o‘lan, gul butalari, arg‘uvon
yog‘ochlari har yon ochilg‘on. Lohur shahrining bog‘lari ham bulbul chun
“Qafas”. Chunki u nafas olayotgan havo bosqichining nafasi bilan ifloslangan, u
qo‘ngan butoqqa dushman mustamlakachining ko‘zi tushgan. Shuning bilan birga
Lolahardiyolning so‘zlarini Rahimbaxshning o‘ylovlari bilan mohiyatan belgilab
turuvchi ko‘zga ko‘rinmas voqyealar halqasi bor: Dilnavoz bog‘ning bir yonida gul
terib turarkan, “bir bulbulning yoniq, qaynoq tovushi sahnadagi jimjitlikni titib
yubormoqda”, bulbul kuyin Rahimbaxsh tinglab uylaydir, Rahimbaxsh uchun
bulbul shu “dardlashmani sayrar”:
Mungli bulbul, mungdosh bo‘ldik, kel, sayra,
Bir qip-qizil gulga men ham tutildim;
Tinmog‘ur qush, qayg‘udoshlik qilaylik,
Men-da sendek yuragimdan urildim.
37
Sen tebranib o‘rtangin,
Men yig‘ilib ingrayin.
Sen o‘tli un chekarda
Men qonli yosh to‘kayin.
Rahimbaxshning “mungli bulbul mungdosh bo‘ldik” deb bulbul sayrashini
tushinishida Dilnavozni sezib qolgani, uning hajrida mungli, dardman bo‘lib
qolgani ko‘rinsa-da, ularning keyingi dialog suhbatlaridan shu narsa ham ma'lum
bo‘ladiki, ular ancha o‘qimishli dunyo - katta-kichik, baland-pastliklarini bir qadar
tushinadilar. Qalblari mustamlakachiga qarshi nafrat bilan to‘la. Shunday ekan
Rahimbaxsh bulbulga, “mungdosh bo‘ldik” deb hisob qilishida ikkinchi bor ma'no
- Vatanni ozod qilish dardi ham aralashgan. Bu ma'no Dilnavozning qo‘shig‘ida
yanada oydinlashadi:
Nega seni chulg‘ab oldi buncha tikanlar?
Nechun chiqdi yuragingdan yuzga bu qonlar?
Sen bilan men yaralanib yotibmiz,
Bu chamanda shodlik bergan kimlar ekanlar?
Dilnavozning va Rahimbaxshning qayg‘ulari qo‘sha - yor va diyor qayg‘usi.
Dramaturg hind ixtilolchilari Rahimbaxsh, Dilnavoz, Badrinant obrazlarini
ishonchli, ta'sirchan va yorqin tasvirlagan. Ular maqsad-g‘oyalari bilan bir-
birlariga qancha yaqin bo‘lsalar, dunyo voqyea-hodisalarini anglash, ularni
baholash, vatandoshlari va yov-mustamlakachilarga munosabatlari ham shuncha
hamohangdir. Hind qalandarlari Lolahardiyolning so‘zlaridan keyin Dilnavozning
qayg‘uli kechinmalari tug‘yonga keladi. Lolaning so‘zlaridan u qandaydir qora
kunlarning “rangini” sezganday bo‘ladi. U o‘zining ichki kechinmalarini
Rahimbaxshga so‘zlaydi: “Lolaning o‘tkir tilidan chiqqan o‘tkir so‘zlari yuragimni
tutunga chulg‘adi”. Rahimbaxsh Dilnavozning bu so‘zlaridan o‘zini biroz
taajjublangan sezsa-da, unga dalda beradi. Lolaning so‘zlarida “Qo‘rqinchli bir
narsa yo‘q edi”, desa-da, o‘zi ham donishmand qalandarning so‘zlaridan ancha
narsalarni - kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan va shu kunlar Hindistonda ro‘y
berayotgan bosqinchilik oqibatlarini sezgan uqqan edi. Shu dalda berishlar
38
sahnasida bir qariya bilan o‘rta yoshli bir yigit ularning suhbatiga aralashadi va bir
oz o‘tgach, O‘kunar boshchiligidagi po‘lischilar ularni shubhaga olib qamaydilar.
Bu yerda Dilnavozning ichki kechinmalari kimlargadir notabiiyroq tuyulishi ham
mumkin. Lekin dramaturg uning bu kechinmasini asoslagan. Birinchidan,
Lolahardiyolning so‘zlaridan qattiq ta'sirlanadi va kosa ostidagi nimkosaga oz
bo‘lsa-da tushindi, ikkinchidan, vatanidagi kundalik ahvolining shohidi,
uchinchidan, eng asosiysi, u oddiy odam. U ham bizdek fikrlaydi, o‘ylaydi.
Ko‘ngilda kechkan narsaning amalda bo‘lishi har kimning hayotida ham bo‘lishi
mumkin. Demak, dramaturg insonning ruhiy dunyosini teranroq, chuqurroq
ko‘rsatish vositasida voqyealardan voqyealarni keltirib chiqaradi, epizodlarning
bir- biri bilan bog‘lanishini tabiiy tayin etadi, qahramonlar xarakteri va e'tiqodini
voqyealar rivojlangan sari, ziddiyatlar avj olgan sari oydinlashtira boradi:
Rahimbaxsh - (yig‘layozib) Dilnavoz. Go‘zalsan. Essizlarkim, hind chechagi
termoq uchun shu yerlarga kelib yurgan ingliz yigitlarining ko‘zi sening yuzingga-
da tushar.
Dilnavoz - (hayiqib) Tushsa nima bo‘lur?
Rahimbaxsh - Tushsa nima bo‘lurmi? Qur'on betiga hayvon oyog‘i tegsa
nima esa, hind qizining yuziga ingliz ko‘zi tushmoq ham shudir.
Bu dialogdan zohir bo‘lurkim, Rahimbaxsh nafaqat o‘zining sevgani, balki
butun hind millatiga mansub yerli qizlarning yuziga bosqinchi inglizlarning ko‘zi
tushmagani istamaydi. Bu yolg‘izgina rashk emas, unda yov-bosqinchilarga qarshi
cheksiz nafrat ham bor. Har bir voqyea-hodisaga sodir etilgan davrdan kelib chiqib
baho bermoq joiz. Ayrim tanqidchilar Rahimbaxshning “Qur'on betiga hayvon
oyog‘i tegmak nima esa, hind qizining yuziga ingliz ko‘zi tushmasligi uchun
Hindiston ixtilolchilari inglizlarni Hindistondan quvmoq uchun urishadi”, - deb
yozdi. Holbuki, Rahimbaxshning yuqoridagi so‘zi uning hayajon va nafratga
berilgan paytdagi Dilnavozga aytgan shaxsiy fikri. U o‘z fikrini hind
ixtilolchilarining maromnomasi, degan da'vodan uzoq. Ikkinchidan, asarning
g‘oyasi, voqyealar rivoji, ziddiyatlardan ma'lumki, hind ixtilolchilarining maqsadi
aniq: yovni faqat hind qiziga ko‘zi tushmasligi uchun emas, yurtini urf-odati,
39
qadriyatlari, millatini talayotganligi uchun quvmoq, Vatanni ozod, erkin ko‘rmoq
armoni.
Faqat hind qiziga inglizning ko‘zi tushmasligi uchun deb talqin qilish
g‘oyatda yuzaki, asarni jo‘n tushinishdir. Hamid Olimjon asardan o‘ziga kerak bir
parchani uzib oladi va maqsadiga moslab talqin qiladi. Asarning umumiy
g‘oyasidan kelib chiqmaydi:
Rahimbaxsh - Inglizning eng yaxshi tarbiyasi uni Hindistondan quvmoqdir.
Dilnovoz - Inglizni Hindistondan quvmoq...
Rahimbaxsh - Ezgu niyatlarning birinchisidir.
Dilnavoz - Buyuk...
Rahimbaxsh - Har narsadan suyuk.
Dilnavoz - Ezgu...
Rahimbaxsh - har ishdan ezgu.
Dilnavoz - qur'onni hayvon tepkisidan qutqarishday buyuk.
Rahimbaxsh - Cho‘chqani machitdan haydash kabi ezgu.
Shunday qilib , Fitrat bu ikki asarda ( “Chin sevish” ham nazarda
tutilmoqda) chuqur vatanchilik, millatparvarlik, islomchilik hissi bilan yonadi.
“Cho‘chqani machitdan haydash”, “Qur'onni hayvon tepkisidan qutqarish” - mana
uning mehrini, nafrat va sevgisini yaqqol ko‘rsatadigan muqaddas obrazdir.
Umuman, Hamid Olimjonning maqolasida Fitrat ijodini tahlil etish, badiiyat,
g‘oya .san'at, falsafiylik nolasidan baholash emas, vulgar sotsiologlarcha
yondashish, Fitrat asarlarining deyarli hammasini “Sotsializmga yot” asarlar
sifatida baholash ustuvor.
|