Tabiatdagi ulug‘vorlik cheksiz osmon, purviqor tog‘lar, yuksak cho‘qqilar, moviy
dengizlar, ming yillik chinorlar, shuningdek, vulqon va chaqmoq singari tabiat hodisalarida
namoyon bo‘ladi. Ular uzoqdan kishilarda hech qanday hayajonli taassurot qoldirmaydi. Biroq,
ularga yaqinlashganimiz sari ruhiyatimizni hayajon, jo‘shqinlik egallay boshlaydi, ularni
butunligicha ko‘z bilan qamrab ololmaslik darajsiga etganda esa bu hayajon yanada ortadi.
Tabiatdagi ulug‘vorlik matematik va dinamik xususiyatga ega. Matematik xususiyatida xajm,
dinamik xususiyatida kuch ustuvor ahamiyatga kasb etadi. Biroq, ikkala xususiyat ham insonda
kuchli hayrat va hayratlanish tuyg‘ularini paydo qiladi. Tog‘lar insonni yuksak fikrlashga, buyuk
g‘oyalarga undaydi: Everestga O‘zbekiston bayrog‘ini tikib qaytishgan alpinistlarimizning
taassurotlari nihoyatda hayajonlidir.
Jamiyatdagi ulug‘vorlik umuminsoniy qadriyatlar, qahramonlik, jasorat, xalqparvarlik,
bunyodkorlik tushunchalari bilan uyg‘unlashadi. Davlatda barqarorlik, jamiyatda adolat
ustuvorligi, shaxsning erkin va hurfikrlilik asosida faoliyat olib borishi ijtimoiy tizimning
ulug‘vorligini aks ettiradi.
Me’morchilikdagi ulug‘vorlik yuksak ahamiyat kasb etadi: Samarqanddagi Registon
maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Imom Buxoriy majmui, Buxorodagi Minorai Kalon, Xivadagi
Kalta Minor, Shahrisabzdagi Bibixonim, Oqsaroy, Toshkentdagi Evropa va Osiyo
me’morchiligining yangi an’alarini uyg‘unlashtirgan Milliy Bank binosi, Oliy Majlis binosi,
Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Misrdagi ehromlar, yunonlarning Parfenoni, rimliklarning
Kolizeyi, o‘rta asr gotik bosh cherkovlari shular jumlasidandir.
SHuni alohida ta’kidlash joizki, ulug‘vorlik tushunchasiga faqat miqyos, ko‘lam va o‘lchovining kattaligi bilan yondashish uning qamrovini chegaralab qo‘yadi. Bobil minorasi, Minorai Kalon, Misr ehromlari o‘zining keng
miqyosliligi bilan kishilarni hayratga solsa, Go‘ri amir, Shohizinda, Ichan qal’a, Registon
maydoni, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Minor, Bolo hovuz machiti insonda yuksak darajada
nafosat va go‘zallik tuyg‘ularni shaklantiradi.