Oilaviy maishiy marosimlar folklori. O`zbek folklarida oilaviy-maishiy marosimlar folklori katta o`rin tutadi. Chunki insonning asosiy umri oilada kechadi. Insonning tug`ilishini, kamolotining malum bosqichi, vafotini oilada maxsus marosimlar orqali qayd etish esa o`ziga xos ananaga aylangan. Bu anana barcha xalqlar orasida bor. Inson hayotiga aloqadorligiga ko`ra oilaviy - maishiy marosimlar ikki katta guruhga bo`linadi.
1. To`y marosimlari
2. Motam marosimlari
Nikoh to`yi uch bosqichli tarkibiy tuzilishga ega: Birinchi bosqich. Nikoh kunigacha o`tkaziladigan marosimlarni qamrab oladi. Bunga beshikqudalik, qiz tanlash, sovchilik, non sindirish yoki non ushatish, ro`mol berdi yoki oqlik o`rab berish, fotiha to`yi, qalin olish, maslahat oshi, Qiz yig`in (qizlar majlisi yoki Buxoroda hinobandon) kabilar kiradi. Unashtirilgan qiz boshi bog`liq hisoblanadi. O`tmishda bu qizlarning soch turmaklashlari orqali ham anglatilgan. Unashtirilgungacha qizlar ko`cha-ko`yda sochlarini durra shaklida bir tutam qilib turmaklab yurgan bo`lsalar, unashtirilgandan keyin ikki tutam holatida turmaklab, ikki elkalari osha tashlaganlar. Bu ularning band yo egalik bo`lganliklarini, demakki, endi ularga og`iz solmaslik lozimligini anglatgan.
Ikkinchi bosqichga kelinni olib kelish yo`lini ochuvchi nikohlashdan iborat tantanali kun kiradi. U nikoh to`yining oliy nuqtasi bo`lib, folklor aytimlariga, turli-tuman urf-odat va irim -sirimlarga boyligi bilan ajralib turadi. Bu bosqichda olkishlar, laparlar, yor-yorlar, kelin o`tirsinlar, kuyov o`tirsinlar, salomnomalar, kelin va kuyovni maqtovchi madhiya qo`shiqlar, sharbat yalatar, oyna ko`rsatar, isiriq tutatar aytimlari ijro etiladi.
Uchinchi bosqich kelin kuyovnikiga olib kelingandan so`ng, yani nikoh kunining ertasidan boshlab o`tkaziladigan bet ochar yoki kelin salom, kuyov salom, to`shak yig`di (joy yig`di yoki Buxoroda joy g`undoron), charlandi (charlar yoki Buxoroda talbon), kelin ko`rdi (ko`rdi yoki Buxoroda kelinbinon) singari xilma-xil marosimlarni o`z ichiga oladi.