Tayanch tushunchalar: hamkorlik, hamkorlik ta’limi, hamkorlik strategiyasi, hamkorlik ta’lim texnolgiyasi, jamoada,kichik guruhda, juftlikda, xatti-harakatlar yordamida, dahldorlik asosida, jestlar, ohanglar yordamida, muloqotdagi masofa orqali, vizual xarakterdagi o‘zaro hamkorlik, baho, “o‘qituvchi-ota-ona”, “o‘quvchi-ota-ona” ,”o‘qituvchi-o‘quvchi”. 1. Hamkorlik ta’limi texnologiyalarining didaktik mohiyati. Pedagogik hamkorlik g‘oyalari bugungi kunda pedagogik texnologiyalar mazmuniga singdirilgan va “XXI asr ta’lim Konsepsiyasi” asosini tashkil etadi. Hamkorlik pedagogikasi insonparvarlik pedagogikasi bilan uzviy va o‘zaro aloqadordir. Rivojlangan mamlakatlar ta’lim tizimida hamkorlik pedagogikasi ko‘pdan qo‘llab kelinmoqda. Bu g‘oya ilk bor D.Dyui tomonidan XX asrning 20 yillarida ilgari surilgan. Lekin ushbu pedagogikaning metodik tavsifi 70 yillarning oxiri, 80 yillarning boshlarida dunyoning turli mamlakatlarida Rossiya, Buyuk Britaniya, Kanada, G‘arbiy Germaniya, Avstriya, Gollandiya, Yaponiya, va Isroilda matbuotda e’lon qilingan.
Hamkorlik ta’limi – o‘quv jarayonida talabalarning jamoada, kichik guruh va juftlikda bilimlarni birgalikda o‘zlashtirishlari, o‘zaro rivojlanishlari, “pedagog-talaba(lar)” munosabatining hamkorlikda tashkil etilishini ifodalovchi ta’lim bo‘lib, uning asosiy g‘oyasi o‘quv topshiriqlarini jamoada, kichik guruhlarda yoki juftlikda birgalikda, o‘zaro hamkorlikda bajarish sanaladi.