Yirik kovakli pardozbop toshlar. Oddiy g‘ishtlardan devor terish nihoyatda ko‘p mehnat talab qilishi sababli, ko‘pgina qurilishlarda ular o‘rniga yirik kovakli toshlar ishlatiladi. Qurilishda uzunligi 250—290 mm, eni 120—190 mm va qalinligi 138—288 mm bo‘lgan sopol toshlar ko‘plab kovaklar hisobiga kam hajmiy massaga ega bo‘ladi. Pardozbop yirik kovakli sopol toshlar tik yoki gorizontal kovakli qilib chiqariladi. Qurilishda kovaklari tik joylashgan pardozbop sopol toshlar ko‘p ishlatiladi. Ammo bunday toshlardan terilgan devorga qorishma ko‘p ketadi. Kovaklari tik joylashgan toshlar 150, 125, 100, 75 markalarda chiqariladi. Zichligi 1400 kg/m3 dan katta, suv shimuvchanligi 65 dan kam bo‘lmaydi.
Sopol toshlarning og‘irligini kamaytirish maqsadida loy qorishmasiga yonuvchan qo‘shilmalar aralashtirilgan toshqol qo‘shiladi.
Pardozbop sopol toshlar oddiy va ko‘p teshikli g‘ishtlarga nisbatan katta hajmda va birmuncha tejamli. Oddiy g‘isht bilan terilgan devorning qalinligi yirik kovakli tosh bilan terilganga nisbatan 20—25% ko‘p bo‘ladi. Yuzasi 1 m2 bo‘lgan bunday devorning massasi oddiy qurilish g‘ishtidan qurilganga qaraganda taxminan ikki marta kam bo‘ladi. Qurilishda, ayniqsa yetti va o‘nta teshikli toshlar, shuningdek, boshqa xil devor yuzasibop profilli g‘ishtlar (4.6-rasm) devorbop toshlar ko‘plab ishlatilmoqda.
Samarali devorbop qurilish g‘ishtlariga tuproq tarkibida diotomit, trepel tog‘ jinslari bo‘lgan uzluksiz g‘ovakli va bo‘shliqli toshlar kiradi.
Samarali g‘ishtning afzalliklari shundan iboratki, undan devorlarning qalinligini kichraytirish mumkin, umumiy xomashyo harajati 40% gacha kamayadi, hamda transportga ketadigan mablag‘ tejaladi.
Eng muhimi inshoot og‘irligining kamayishi hisobiga O‘zbekiston hududi uchun xos zilzila ta’siriga bardoshliligi oshadi.
Barcha xorijiy davlatlarda ishlatiladigan devorbop sopol ashyolarning katta-kichikligi, shakli va xossalari bir xil emas. Chet davlatlarda chiqariladigan g‘ishtlarning markasi 125...600 ga teng. Masalan, Germaniya standartlariga ko‘ra, devorbop oddiy va samarali g‘ishtlar 14 xil o‘lchamda (24011552...490 300238) va M40 dan M280 gacha markalarda chiqariladi. Yengil vazndagi bo‘shliqli devorbop g‘isht va toshlar M20 dan M280 gacha bo‘lgan markazlarda ishlab chiqariladi. Zichligi 600...1000 kg/m3 bo‘lgan bunday yuqori mustahkam g‘isht va toshlarning siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 360, 480 va 600 ga tengdir. Binolarning
ichki pardadevorlarini qurishda o‘lchamlari 33017040...945320115 mm ga teng g‘isht, tosh va plitalar ishlatiladi.
Xorijiy davlatlarda bir tomoniga ariqchali shakl berilgan, umuman qorishma ishlatmasdan devor qurishga mo‘ljallangan pardozbop g‘ishtlar ishlab chiqarilayotgani ma’lum. Bunday g‘ishtlardan katta o‘lchamdagi bloklar, tovushdan saqlovchi g‘ishtlar va boshqa devorbop buyumlar ishlab chiqarilmoqda. Masalan, shu kunlarda Gollandiyalik mutaxassislar g‘isht uchun yelim ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydilar. Yelim g‘ishtni sementga nisbatan juda mustahkam ushlaydi. Natijada, devor o‘ta mustahkam bo‘lib, g‘isht teruvchilarning ishi esa yanada yengillashadi, ya’ni odatda g‘isht terishda sement qorishma qatlami 1 sm dan kam bo‘lmasdi, biroq yangi usulda esa yelimning qalinligi atigi 2 mm bo‘lsa bas.
Sopol g‘isht va toshlardan devorbop panel va bloklar tayyorlash qurilish ishlarida qo‘l mehnatini keskin kamaytiradi. G‘isht, panel va bloklar gorizontal holatda maxsus temir qoliplarga o‘rnatilgan fiksator moslamalar orasiga g‘isht bilan to‘lg‘iziladi.
Panellar bir, ikki va uch qatlamli, balandligi binoning 1 yoki 2 qavatiga mos qilib tayyorlanadi. Qalinligi esa 80, 140, 180 va 280 mm ga teng. Bir qatlamli panel faqat sopol toshlardan, ikki qatlamining birinchi qatlami 0,5 g‘isht qalinligida, ikkinchi qatlami esa 100 mm li issiqlikni saqlovchi ashyodan iborat. Uch qatlamli panel ichki va tashqi qatlamining har biri 65 mm li g‘isht, o‘rta qatlami esa 100 mm li qalinlikdagi issiqlikni saqlovchi ashyodan tayyorlanadi. Tegishli mustahkamlikni ta’minlash maqsadida g‘ishtlar orasiga va chekkalariga po‘lat armatura sinchi o‘rnatiladi.