O‘ZBEKISTON SOPOL ASHYOLARI O‘zbekiston respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng sopol ashyolar ishlab chiqarish sanoatida tubdan o‘zgarishlar boshlandi. Mustabit davrdan qolgan, zamon talablariga javob bermaydigan, eskirgan texnologiyalarga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Ko‘pgina korxonalar iqtisodiy jihatdan inqirozga uchradi.
Bozor sharoitida ilg‘or xorijiy davlat texnologiyalarini o‘rganish, marketing izlanishlarini yo‘lga qo‘yish, oldi-sotti muammolarini hal etish, ishlab chiqarilayotgan sopol buyumlar turlarini ko‘paytirish va buning uchun tegishli mashina, asbob-uskunalarni topish va respublikaga olib kelish kabi masalalarni hal etish kerak bo‘ldi. Me’yoriy hujjatlar va standartlar talablarini qondira oladigan yangi xomashyo zaxiralarini izlash, nihoyat eng muhimi — ashyolar sifatini yaxshilash masalalari mustaqil respublikamiz oldidagi dolzarb muammolar bo‘lib qoldi.
Ta’mirlash uchun ehtiyot qismlarning Rossiyadan kelishi kamaydi. Sifatli devorbop ashyolarga talab oshdi, raqobat kuchaydi.
DEVORBOP SOPOL G‘ISHTLAR 1997-yili Respublikada devorbop ashyolar ishlab chiqaruvchi korxonalarning imkoniyati yoki quvvati 777,12 mln dona g‘isht bo‘lgan bo‘lsa, aslida 386,5 mln dona devorbop g‘isht ishlab chiqariladi. 1999-yilga kelib 684 mln dona g‘isht chiqarish lozim bo‘lgan korxonalarda faqatgina 293 mln dona g‘isht ishlab chiqarildi. Shu davrda, devorbop ashyolar ishlab chiqarish quvvati 54% ga, mahsulot yaratish esa 28,5% ga kamaydi.
O‘quvchiga ushbu ma’lumotlarning yoritilishi, ularning kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib qurilish ashyolari ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishida o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun porloq imkoniyatlar bor.
Mana shu qisqa davrda respublikamizda devorbop ashyolarni ishlab chiqaruvchi yangi korxonalar, jamoa aksiyadorlari, shaxsiy zavodlar tashkil topdi. «O‘zqurilishashyo» OAU da 22 ta korxona devorbop ashyolar ishlab chiqarmoqda. Shulardan 11 ta korxona aksiyadorlik, 5 ta korxona shaxsiy va 6 ta korxona uyushma holatida faoliyat ko‘rsatmoqda (4.1-jadval).