O‘zbekistonda qurilish g‘ishtlarini ishlab chiqarish uchun xomashyo sifatida, asosan sog‘tuproq ishlatiladi.
Sog‘tuproq kelib chiqishi va tarkibiga ko‘ra oddiy tuproqdan kam farq qiladi.
Bu ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, barcha viloyatlar bo‘yicha g‘isht ishlab chiqarishning kelajakda (1,6-2 marta) oshishi belgilangan. Ammo, respublikamiz qurilish ashyolari sanoatidagi vaziyat hozircha aytarli qoniqarli emas.
Pardozbop yoki qoplama g‘ishtlar ishlab chiqarishni kengaytirish katta ahamiyatga ega. Ammo, buning uchun maxsus toza xomashyo yoki qo‘shilmalar talab etiladi. Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, oq loy tarkibini topishga doir ilmiy ishlarni bajarish bilan pardozbop g‘ishtlar chiqarishni yanada kengaytirish mumkin.
Silikat g‘ishtlari va ko‘p kovakli yengil silikat bloklar qurilish tannarxini tushirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan devorbop ashyodir. Silikat qorishmasining ko‘pirtiruvchi qo‘shilmalarini izlash va tayyorlash texnologiyasini takomillashtirish zarur. Bunday ashyolarni ishlab chiqarish korxonalari xomashyo bor joyga qurilsa buyumning tannarxi ancha kamayadi.
Pardozbop sopol plitkalar.Sopol ashyolar Markaziy Osiyo uchun eng qadimiy qurilish ashyosi ekanligi to‘g‘risida tarixiy kitoblarda yetarli yoritilgan.
O‘zbekistonda sirlangan guldor sopol bilan binolarga pardoz berish juda qadim zamonlardan mavjud. O‘zbek xalq ustalari va olimlari rangdor qilib sirlangan gulli sopollarning badiiy jihatdan g‘oyat katta ahamiyatga ega ekanligini e’tiborga olib, sirning tarkibini topish va sopol ishlab chiqarish texnologiyasini mu- kammallashtirish ustida ko‘p ish olib bordilar. Milliy nusxalar bilan bezalgan sopol hosil qilish bu sohadagi ishlarga asos qilib olindi. Nozik, badiiy tomondan mukammal ishlangan sopol pannolar xorijiy davlatlardagi kapital qurilishlarni bezatib turibdi. Shuningdek, pardozbop sopol plitkalar Moskvada qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni binosini bezashda (1952-yil), Toshkent mehmonxonasi va Toshkent vokzali va xozirgi zamonaviy loyihalar asosida qurilgan bir qator bino va inshootlarni bezashda ishlatilmoqda.
Qurilishda bunday plitkalar feruza, ko‘k, oq, yashil, jigarrang va tilla rang sir berib turli nusxalarda ishlatilmoqda.
Ko‘p rangli, milliy nusxadagi guldor sopol plitkalar uchun quyidagi tarkibdagi sir qo‘llaniladi: ko‘k, oq, yashil va jigarrang sirlar uchun: kvars qumi — 40% (May konidan), dala shpati — 26 % (Langar konidan), dolomit — 6% (Kattaqo‘rg‘on konidan), rux oksidi — 8%, bura — 16%, tuproq — 4% (Ohangaron konidagi).
Oq sir hosil qilish uchun yuqoridagi tarkib nam holida tortilib, unga 12% qalay oksidi, jigarrang hosil qilish uchun 1,5% kobalt oksidi, yashil rang hosil qilish uchun esa 2% xrom oksidi qo‘shiladi.
Tayyor qorishma (kvars qumi va tuproq) qirqish usuli bilan plitkalar shaklida zichlab tayyorlanadi va 5—7 soat davomida 50—60°C da quritiladi. Pishirish esa vaqti-vaqti bilan ishlaydigan xumdonlarda 1160°C da 46—48 soat davom etadi. Pishirilgan plitkalarning yuza tomoni suyuq sirga botiriladi va ular qaytadan 1150°C da qizdiriladi (frittalash), natijada plitka yuzasida sir erib chinnisimon qatlam hosil bo‘ladi.
Sopol buyumlarni ishlab chiqaruvchi Toshkent tajriba zavodi yirik devor panellarining sirtqi tomonini qoplash uchun 5050 mm li rangdor va boshqa pardozbop plitkalar ishlab chiqarmoqda. Plitkalar rasm chizilgan qog‘oz kartonlarga yopishtiriladi va unga beton qorishma yotqizilib zinapoya, pol va hokazolar pardozlanadi.
Respublikada polbop metlax plitkalarni ishlab chiqarish 1953—1954-yillarda o‘zlashtirildi. Xomashyo sifatida och-pushti rangli Ohangaron tuprog‘i (80%) va Langar dala shpati (20%) ishlatiladi. Namligi 8—9% li qorishma gidravlik zichlagichda qoliplanib, xumdonda 1200—1250°C da kuydiriladi. Pishirish 64 soat davom etadi. Bunday plitkalarning texnik xususiyatlari quyidagicha: suv shimuvchanligi 4% atrofida, ishqalanganda og‘irligini yo‘qotishi 0,1 g/sm2 dan oshmaydi. Sopol plitkalarning sifatini tekshirish uchun 10 dona plitkani 100°C gacha qizdirib, harorati 18—20°C li suvga botiriladi. Bunda plitka sirtida mayda darz yoki yorig‘lar bo‘lmasligi kerak. Sopol plitkalar pol yoki devorga sement qorishmasi yoki bitum mastikasi bilan yopishtiriladi. Buning uchun zavodning o‘zidayoq oson yuviladigan yelimlar bilan 4060 mm li pishiq qog‘ozga yopishtiriladi. Devor yopishtirilishidan oldin tanlangan nusxa rasmi chiziladi, so‘ng uning rangiga mos plitka yopishtiriladi. Pol qurishda qog‘ozga yopishtirilgan plitkalar bitum mastikasi yoki sement qorishmasi, qog‘ozli tomoni yuqoriga qilib yotqiziladi. Mastika qotgandan keyin plitka yuzasidagi qog‘oz va yelim yuvib tozalanadi. Shuningdek, «O‘zqurilishashyo» OAU ga qarashli ikkita korxonada pardozbop sopol plitkalar, santexnika buyumlari va boshqa ashyolar ishlab chiqariladi. 1932-yili ishga tushgan Toshkent Qurilish ashyolari kombinati va 1966-yil tashkil topgan «Kulol» AU si shular jumlasidandir. Toshkent qurilish ashyolari kombinatining ishlab chiqarish quvvati: polbop va qoplama sopol plitkalar (200200 va 150150, 314314 o‘lchamdagi) 830 ming m2 ga teng. Kombinatda, asosan uchta ishlab chiqarish sexi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kombinatdagi asbob-uskunalar ma’naviy jihatidan ancha eskirgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va nafisligi bo‘yicha qo‘yilayotgan talablarni qondirmaydi. Italiyaning «Sacmi» firmasi bilan tuzilgan qo‘shma korxona mahsulotlari dunyo standartlariga javob beradi. Quyidagi 4.2-jadvalda kombinatning besh yil davomida sopol ashyolari ishlab chiqarish rejasi keltirilgan.
4.2-jadval