Pardozbop qorishmalar bino devorlarining tashqi tomonlarini, yoki zavodning o‘zida panel va bloklarni suvashda ishlatiladi. Rangli suvoq deb ataluvchi qorishma tarkibida sement, ohak, tuyilgan marmar, ishqorga chidamli pigmentlar, qo‘shilmalar va qum bo‘ladi. Ko‘pincha portlandsement o‘rnida oq rangli sement yoki gidravlik sement ham ishlatiladi. Suvoqni har xil rangda bo‘lishi uchun rangli tabiiy toshlarni tuyib bog‘lovchi moddalar bilan qorishma tayyorlanadi. Keyin ishlatilgan sementning quyuqlanishini oxiriga 2-3 soat qolganda suvoq yuzasi suv yoki schetka bilan yuviladi va rangli to‘ldirgichlar yuzasi ochiladi. Rangli qum bo‘lmasa, ishqor va suvga chidamli silikat bo‘yoqlarda oddiy qumni bo‘yab ham ishlatiladi.
Tabiiy toshni eslatuvchi rangli qorishma qotgandan keyin, uning mustahkamligi katta bo‘lishi kerak.
Siqilgan havo bosimida ishlovchi bolg‘alar bilan tekis suvoq yuzasiga uriladi va notekis tasvir beriladi.
Sun’iy marmartasvirini beruvchi rangli suvoq qorishmalari asosan gips bog‘lovchilar va bo‘yoqlar asosida tayyorlanadi. Rangli pigmentlar qo‘shilgan chala qorishtirilgan gips bo‘tqasi yoki ikki uch xil rangli gips bo‘tqalari ostki yuzasi oynali qolipga quyiladi. Keyin, har xil rangli pardozbop gips taxtaning yuzasi yelim suv-parafin bilan silliqlanadi. Sun’iy marmar yuzali gips taxta olish uchun qolipning ostki yuzasiga qo‘pol to‘qilgan bo‘z (meshkovina) yoziladi va uning ustiga rangli quruq gips aralashmasi yupqa qatlamda yotqiziladi, keyin gips bo‘tqasi quyiladi. Qolipdan olingan gips taxtadagi bo‘z olinadi, uning yuzasi tekislanib silliqlanadi va yaltiratiladi.
Akustik qorishmalargipsli yoki gidravlik bog‘lovchilarni g‘ovak to‘ldirgichlar (toshqol, keramzit va h.k.) bilan qorishtirib olinadi.
Issiqlikni saqlovchi qorishmalar tayyorlashda yengil mineral to‘ldirgichlar (pemza, tuf, keramzit, agloporit va h.k.), hamda tolali moddalar va qo‘shilmalar ishlatiladi. Issiqlikni saqlovchi qorishmalar ichida mayda to‘ldirgich sifatida ko‘pchitilgan perlit, sement yoki gipsli tarkibni ishlatish katta samara beradi. Shuningdek, qorishmaning plastikligini va g‘ovakligini oshirish maqsadida havo yutuvchi qo‘shilmalardan yog‘och smolasi va ko‘pirtiruvchi yog‘och peki ishlatiladi.