O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi fanining boshqa fanlar bilan aloqasi. O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi fani ijtimoiy-gumanitar fanlar blokining bir qismiga kiradi. Shu sababli u shu blokdagi boshqa fanlar bilan bevosita aloqada.
O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi fani, avvalo, til fani bilan bog‘liq bo‘lib, ilmiy nutq ilmiy uslub talabiga muvofiq aniq, lo‘nda, ixcham, mantiqli va ishonarli bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Ilmiy uslub tili umumiste’moldagi adabiy tildan ajralmagan holda ishlatiladi, ya‘ni o‘zbek adabiy tili qonun-qoidalariga rioya qiladi.
Ilmiy ommabop uslubga xos materiallar huquqiy mazmunga ega bo‘lishi mumkin. Ularning mohiyati, tuzilishi, tayyorlanishi jamiyatdagi huquqiy me'yorga rioya qilishi huquqshunoslik bilan aloqada ekanligini ko‘rsatadi.
Ma’lumki, hayotda turli yo‘nalishlar, ixtisosliklar mavjud. Har sohada umum bo‘lgan til birliklaridan tashqari o‘ziga xos, biri ikkinchisida ishlatilmaydigan terminlar mavjud. Ularni o‘rganish ham ushbu fanning maqsadi va vazifasi. Shu jihatdan qaraganda O‘zbek tilini sohada qo‘llanilishi fani ixtisoslik fanlari bilan ham aloqada ekanligi kelib chiqadi.
Savol va topshiriqlar Nutqni bayon qilish usullari deganda nimani tushunasiz?
Kasbiy nutq atamasiga ta’rif bering
Mutaxassis nutqining ilmiyligiga e’tibor berish shartmi?
2-amaliy mashg‘ulot. O‘zbek tilining sohalarda qo‘llanishi va uning jamiyat hayotida tutgan o‘rni
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: ”Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinayi hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”. Til har bir millatning ko‘zgusi, uning haqiqiy sarchashmasidir. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilning Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson o‘z onasini ko‘rmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. O‘zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so‘ng barcha davlat hujjatlari o‘zbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning o‘zbek tilida chop etilishi yo‘lga qo‘yildi. 1993-yil 2-sentabrda «Lotin tiliga asoslangan o‘zbek alifbosini tuzish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandan so‘ng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib o‘rin egallashiga yo‘l ochdi. Shu o‘rinda statistik ma’lumotlarga e’tibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A.M.Kozlyanina «O‘zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador» deb bejiz ta’kidlamagan edi.
Yangilanayotgan O‘zbekistonning bugungi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, bugungi kunda ona tilimizning nufuzini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi.
Shuningdek, 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni qabul qilindi.
Yuqorida qayd etib o‘tilgan Farmonga muvofiq, 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi hamda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.
Davlat tili – O‘zbekiston degan o‘tmishi buyuk mamlakatning tili. U qonun bilan himoyalangan. Bu tilning qonuniy talablariga barcha birdek rioya etishi shart. Shunday ekan, har bir soha vakili davlati tilini bilishi, bu borada malakaga ega bo‘lishi lozim.
Mamlakatimizda bugungi kunda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Albatta, bu sohada davlat tilini puxta o‘zlashtirish katta o‘rin tutadi. Xususan, sportchilar keng omma bilan muloqotga kirishadi. Undan ko‘p jihatlarni o‘rganadi. Shu bois ona tilida sof va to‘g‘ri so‘zlash ham sportchilarga juda zarur.
Jismoniy tarbiya sohasi ham doimo taraqqiyotda. Yangi atamalar faol qo‘llanilyapti, imkoniyatlar yanada kengaymoqda. Shu bilan birgalikda jahon sport arenalarida o‘zbek tilining jozibasi, kalomi yangramoqda.