O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida muloqot so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan:
Muloqot– tilning fikr ifodalash va almashish jarayonlarida amal qilishi, tilning alohida ijtimoiy faoliyat turi sifatidagi muayyan yashash shakli. Muloqot deganda uning og‘zaki (ovozli) va yozma ravishda namoyon bo‘lishidagi jarayonlar, ya’ni so‘zlash jarayoni va uning natijasi (xotirada saqlangan yoki yozuvda qayd etilgan nutqiy fikrlar, asarlar) tushuniladi.
Har bir kishining muloqoti individual, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi; vahohlangki, asosiy til unsurlari – lug‘at tarkibi va grammatik qurilishi yakka shaxslargagina tegishli bo‘lmay, umumnikidir, ya’ni muayyan til jamoasiga umuman taalluqli bo‘ladi. Muloqot kishi tafakkuri, uning ongi bilan chambarchas bog‘liqdir. Muloqotda kishining o‘y – fikrlari shakllanadi va mavjud bo‘ladi. Muloqot tufayli va Muloqot asosida borliqni umumlashgan holda mavhumiy aks ettirish, individuallik doirasidan chiqib, jamoatchilik mahsuliga aylanadigan mantiqiy tushunchaviy fikrlash mumkin bo‘ladi. Muloqot kishi ruhiyatining boshqa jihatlarini, uning sezgilari, idroki, xotirasi, o‘y – hayollari, hissiyoti, irodasi va boshqaning namoyon bo‘lishi va amal qilishida, kishi ongining rivojlanishida ham katta ahamiyatga ega.
Muloqot madaniyati, muloqot odobi – 1) og‘zaki va yozma adabiy til me’yorlari (talaffuz, urg‘u, so‘z qo‘llash, grammatika, uslubshunoslik qoidalari)ni egallash, shuningdek, turli aloqa – aralashuv sharoitlarida tilning tasviriy vositalaridan nutqning maqsad va mazmuniga mos ravishda foydalanish mahorati; 2) tilshunoslikning tilni madaniyat quroli sifatida mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish (tartibga solish) muammolarini o‘rganuvchi bo‘limi. G‘arb tilshunoslishida umumiy ma’noda “til madaniyati” termini ham qo‘llanadi.
1 – ma’nodagi “muloqot madaniyati” tushunchasi adabiy tilni o‘zlashtirishdagi ikki bosqichni qamrab oladi: a) nutqning to‘g‘riligi va b. nutqiy mahorat. Nutqning to‘g‘riligi muayyan tilda so‘zlovchilar va yozuvchilar tomonidan “ideal” yoki umum tomonidan qabul qilingan va an’anaviy saqlanib kelayotgan odatlar, ibrat va namunalar tarzida idrok etiladigan adabiy me’yorlarga amal qilishdir. Nutqiy mahorat esa nafaqat adabiy me’yorlarga amal qilish, balki o‘zaro mavjud bo‘lgan variantlardan mazmunan eng to‘g‘ri, eng aniq, uslub va vaziyat nuqtai nazaridan eng maqbuli va ifodalanishini tanlab olish mahoratidir (mas., aka – oka – ako; kelyapti – kevotti – kelopti variantlaridan birining adabiy me’yor sifatida tanlanishi). Yuksak muloqot madaniyati kishining umumiy yuksak madaniyatini, fikrlash madaniyatini, tilga nisbatan ongli mehr – muhabbatini namoyon qiladi.
Nutq madaniyati nazariyasining asosiy tushunchasi til me’yoridir. 2 – ma’nodagi Nutq madaniyatining asosiy vazifasi ijtimoiy til amaliyotiga faol ta’sir ko‘rsatish maqsadida (tilning barcha sathlarida) ob’ektiv til me’yorlarini ularning barqarorlashgan shakllarida, ziddiyatlarida, vujudga keluvchi tamoyillarida va boshqalarda o‘rganishdir.
Zamonaviy muloqot madaniyati nazariy va amaliy fan bo‘lib, u til amaliyotiga ta’sir etish maqsadida adabiy til tarixi, grammatika, uslubshunoslik va boshqa tilshunoslik bo‘limlarining yutuqlari va xulosalarini umumlashtiradi. Muloqot madaniyati nazariyasida adabiy til milliy tilning oliy shakli deb e’tirof etiladi; badiiy adabiyot tili o‘zining eng yaxshi namunalari bilan xalqning madaniyat sohasidagi yutuqlari va an’analarini mustahkamlaydi va boyitadi.
Muloqot madaniyati ijtimoiy hodisa bo‘lib, u jamiyat, fan va texnika, madaniy va adabiy hayot rivoji bilan chambarchas bog‘liq holda taraqqiy etadi. Jamiyat a’zolarining madaniy saviyasi ortgan sari nutqi ham jilolanib, sayqallashib, Muloqot madaniyati qoidalari va me’yorlariga muvofiq holda takomillashib boradi. Muloqot madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida adabiyot, san’at, radio, televidenie va davriy matbuotning alohida o‘rni bor. Ayniqsa, adabiy tilni me’yorlashtirish va Muloqot madaniyati nazariyasini rivojlantirishda leksikografiya, xususan, izohli, imlo, talaffuz, o‘quv va boshqa maxsus lug‘atlar muhim ahamiyatga ega. 15 – a.dayoq o‘zbek adabiy tilining Nutq madaniyati va uning o‘ziga xos me’yorlari bo‘lgan – Alisher Navoiy o‘zining butun hayotiy va ijodiy faoliyati bilan o‘z davri Muloqot madaniyatiga, muloqot odobiga mislsiz hissa qo‘shgan bo‘lsa, keyingi davrda yashagan Bobur, Muhammad Solih, Gulxaniy, Nodira, Ogahiy, Furqat, Muqimiy va boshqa shoirlarning asarlari tilida ham o‘sha davr tili va Muloqot madaniyati ma’lum darajada aks etgan. “Yaxshi so‘z – jon ozig‘i”, “Bug‘doy noning bo‘lmasa ham, bug‘doy so‘zing bo‘lsin”, “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir”, “Har neni emak – hayvonning ishi, har neni demak, – nodonning ishi”, kabi maqol va hikmatli so‘zlarning paydo bo‘lishi ham o‘zbek xalqida Muloqot madaniyatiga avvaldan e’tibor kuchli bo‘lganidan darak beradi.
O‘tgan asarning 20 – y.laridan so‘ng o‘zbek tilining Muloqot madaniyati xalq tiliga yaqinlashtirilgan milliy adabiy til me’yorlariga asoslanadi. Bu me’yorlarni shakllantirish ishiga olimlar (Otajon Hoshim, T.N.Qori Niyoziy, S.Ibrohimov, Olim Usmon va boshqalar), adib-u shoirlar (Qodiriy, Cho‘lpon, Avloniy, Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor va boshqalar) munosib hissa qo‘shdilar.