Abu Ali Ibn Sino (980-1037). Ibn Sino 57 yil umr ko‘rgan. “Tib qonunlari” kitobi X11 asrda arab tilidan lotin tiliga o‘girilgandan so‘ng butun dunyoga tarqaldi. 1493 yilda fransuz tiliga, 1593 yilda italyan tiliga, XV asrda rus tiliga o‘girildi. XII asrdan XVIII asrgacha u 40 marta qayta nashr etildi. 1X-X1 asrlarda “Tibbiyot qonunlari”ni yaratganligi boisdan ham uni G‘arbda Avitsenna nomi bilan tan olishadi. Ibn Sino jamiyat aholisini 1) boshqaruvchilar ma’muriy ishlar bilan shug‘ullanuvchilar, 2) mehnatkashlar ishlab chiqaruvchilar, 3) harbiylar jangchilarga ajratadi. Uning fikricha, davlatsiz qonun-qoidalar bo‘lmaydi.
Ibn Sino O‘rta Osiyo tabiiy-ilmiy va ijtimoiy-falsafiy fikrlarning buyuk namoyondasi, tibbiyot, falsafa, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy ta’limot tarixiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirdir. Uning “Ishorat va Tanbixot”, “Risolatu tadbiri manzil”, “Qush tili” kabi asarlari bevosita davlat boshqaruvining adolatparvar va axloqiy asoslariga bag‘ishlanadi.20
Ibn sino yozgan 450 dan ortiq asardan: «Tib qonunlari», «Donishnoma», «Najot kitobi», «Turar joyning tuzulishi», «Insof kitobi», «Tibbiy ko‘rmatmalar haqida» kabi 160 ga yaqini bizgacha etib kelgan.
Adolatli davlat boshqaruvi, uning mukammal nazariy asoslarini yaratish borasida ulkan ilmiy meros qoldirgan o‘rta asrlar mutafakkiri, davlat arbobi Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asari muhim manba hisoblanadi. U amaldorlarni axloqiy fazilatlariga qarab tanlash, adolat va insofni oyoq osti qiladigan kishilarni davlat ishlariga aralashtirmaslikni, davlatni boshqarishda kengash bilan olib borish, faoliyatlarni muntazam nazorat qilish, itoat, ijro va sifatlari to‘g‘risidagi qarashlari bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, Nizomulmulkning «Ko‘pchilik bo‘lib qabul qilingan tadbir eng savobli bo‘ladi va shunday yo‘l tutish kerak»21 degan fikrlari ajdodlarimizning davlat qurilishining adolatli tartibotlariga katta e’tibor berganligidan dalolatdir.
O‘rta Osiyoda vujudga kelgan tasavvufchilik ta’limotida erkinlik va adolat. Ma’lumki, islom dini ijtimoiy dunyoqarash sifatida keng tarqala borishi bilan uning nazariy, falsafiy, huquqiy tomonlarini ishlab chiqishga e’tibor ham tobora ortib borgan. SHu tariqa IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan, madaniyat, islom falsafasining nazariy jihatdan yuksak darajada rivojlangan davri bo‘ldi. Ulardan Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, Al-Motrudiy, Muhammad Imom-Fazzoliy, Mahmud az-Zamaxshariy, Burhonuddin al-Marg‘iloniy, Ahmad YAssaviy, Najmiddin Kubro, Abdulholiq Fijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Jaloliddin Rumiy kabi buyuk allomalar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari bilan jahon madaniyatiga ulkan xissa qo‘shdilar. Diniy-ilmiy tadqiqotlarda borliq, ilohiy qudrat, inson komilligi, adolat, insof, diyonat, vijdon kabi g‘oyalar inson ruhiyatini poklash orqali erkin jamiyatga chorlanadi. Bu borada J.Rumiy shunday deydi: “Inson buyuk bir mo‘‘jiza va uning ichida hamma narsa yozilgan. Biroq zulmat va pardalar bor-ki, ular yozuvlarni o‘qishga imkon bermaydi. Zulmat va pardalar, turli-tuman mashg‘ulotlar insonning dunyo ishlari borasida olgan tadbirlari va ko‘ngilning so‘ngsiz orzularidir.”22 Darhaqiqat, J.Rumiyning qarashlarida insonning farqi uning komilligiga asoslanadi. U dunyoga irqi, dini, millati, tabaqasidan qat’iy nazar, barcha insonlarga barobar murojaat qiladi. “Menga vahdai mayini tutgil, o‘zgalarni ham ondin bahramand etgil, toki jamoat jam bo‘lib, faqat suvratda bo‘lmish tafovutlarni bartaraf etaylik. Biz hammamiz yagona og‘ochning butoqlari, yagona qo‘shinning navkarlarimiz”. Jaloliddinning bashariyat birligi haqida gapirishi o‘sha davr uchun mislsiz jasorat edi23.
Ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot rivojining ma’naviy asoslarini o‘rganishda O‘rta Osiyoda vujudga kelgan tasavvufchilik oqimining ahamiyati ham alohida muhim o‘rin tutadi. Tasavvuf garchi islom bag‘rida nish urib, Qur’on va hadislar hikmatidan oziqlangan, ko‘p hollarda shariat ahkomiga suyangan bo‘lsada, lekin u rasmiy diniy aqidaparastlik va mutaassiblikka hamda hokim tabaqalarning ayshu-ishratlarga g‘arb turmush tarzi, talonchilik va manfaatparastlikka zid o‘laroq, mehnatkash xalq noroziligini ifodalab keldi. Ushbu ta’limotning el orasida yoyilib, fikriy yangilanishlarga qanoat bergani, haq va haqiqatga tashna ziyolilar yuragini band etganiga sabab shu24. Tasavvuf ta’limoti asosida adolat, haqiqat, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, insof, iymon, e’tiqod, ilm, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ibot qiluvchi futuvvatga asoslangan bir qancha diniy, siyosiy oqimlar paydo bo‘ladi. Ular jamiyatning axloqsiz unsurlariga g‘oyaviy kuch sifatida qarshi qo‘yiladi. Bu borada, O‘zbek milliy davlatchiligimiz negizlarining qadimiyligi haqida buyuk bobokalonimiz YAssaviyning hikmatlarida jamiyatda etakchi shaxslarning sifatlari to‘g‘risidagi talqinlar, ayni paytda, achchiq tanqidiy munosabatlari ijodining asosini tashkil etadi. CHunki shu davrda shayxlar siyosatga bevosita aralashib kelganlar.
Bu borada Amir Kulolning o‘g‘li Amir Umarning qarashlari (1406 y.o‘lgan) siyosatning nazariy va amaliy mohiyatini ochishda e’tiborlidir. Unda siyosatga shunday nisbat beriladi: “Bilgilkim siyosat - tutib turish va tartibga solishdir..., yomon kishilarni qo‘rqinch va titroqda tutmoq, yaxshilarni taqdirlamoq kerak. Agar siyosat bo‘lmasa, davlatning muhim ishlari amalga oshmaydi; agar tartibot, jazo qonunlari bo‘lmasa, davlat ishlari ham o‘nglanmaydi, chunki hukmdorning, jamoaning ko‘rki, davlat va dinning rivoji siyosatdir”25. YA’ni, din orqali siyosatda umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilishi va bunday siyosat esa bevosita davlat qonunlari orqali amalda o‘z tasdig‘ini topishiga erishmoq lozim, deb qaraladi.
Dostları ilə paylaş: |