Nafosat didi - shaxsning buyum yoki hodisaga nisbatan munosabat bildirish turi, ob’ektiv nafosat o’lchovi.
Nafosat madaniyati - go’zallikni his etish, undan zavqlanish, mavjud go’zalliklarni asrash va boyitish yo’lida o’zlashtirilgan bilim hamda amalga oshiriladigan nafosat faoliyatini tashkil etish darajasining sifat ko’rsatkichi.
Nafosat ongi - go’zallik, go’zallikni his etish, uning mohiyatini anglash, nafosat his-tuyg’usi, nafosat didi kabi tushunchalarning ongda aks etishi.
Nafosat tarbiyasi (estetik tarbiya- lotincha «estezio» go’zallikni his qilaman) - o’quvchilarni voqelik, tabiat, ijtimoiy va mehnat munosabatlari va turmush go’zalliklarini anglash, idrok etish va to’g’ri tushunishga o’rgatish, ularning badiiy didini o’stirish, ularda go’zallikka muhabbat uyg’otish, ular tomonidan go’zallikni yaratish qobiliyatlarini tarbiyalashga yo’naltirilgan pedagogik jarayon; ijtimoiy tarbiyaning muhim tarkibiy qismi.
Oila – kishilarning nikoh yoki qon-qarindoshlik rishtalari, umumiy turmush tarzi, axloqiy mas’uliyat hamda o’zaro yordamga asoslanuvchi kichik guruhi.
Oilaviy munosabatlar – ota-onalar (yoki bolaning kamoloti uchun mas’ul bo’lgan shaxslar) hamda farzandlar o’rtasida turli yo’nalishlarda tashkil etiluvchi munosabatlar.
Oila tarbiyasi – ota-onalar (yoki bola kamoloti uchun mas’ul shaxslar) tomonidan tashkil etiluvchi hamda farzandlarni har tomonlama etuk, sog’lom etib tarbiyalashga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.
Pedagogik tashxis - o’quvchi va o’quvchilar jamoasi shaxsiyatini ta’lim-tarbiya jarayoniga individual va differentsial yondoshuvni ta’minlash uchun o’rganish.
Pedagogik ilmiy-tadqiqot metodlari – shaxsni tarbiyalash, unga muayyan yo’nalishlarda chuqur, puxta ilmiy bilimlarni berish tamoyillari, ob’ektiv va sub’ektiv omillarini aniqlovchi pedagogik jarayonning ichki mohiyati, aloqa va qonuniyatlarini maxsus tekshirish va bilish usullari.