I-bob Xorazm musiqa uslubining janr va ijro uslublari tavsifi


II.2. Xorazm maqomlari va ijrochilari haqida



Yüklə 96,67 Kb.
səhifə5/6
tarix21.05.2023
ölçüsü96,67 Kb.
#118945
1   2   3   4   5   6
kurs ishi maqom

II.2. Xorazm maqomlari va ijrochilari haqida
Xorazm maqomlarining bizga ma’lum bo‘lgan mahoratli ijrochilari bir necha avloddan iboratdir. Xususan, XIX asrda Komil Xorazmiy, XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida esa Komil Xorazmiyning shogirdlari Xudoybergan Mo‘hrkan, Matyoqub pozachi, Abdullo gulobiy, Bobojon bulomonchi, Muhammad Rasul Mirzo, Matyoqub Xarratov kabi maqomchi san’atkorlar faoliyat ko‘rsatganlar. Shuningdek, XX asr davomida Matpano Ota Xudoyberganov, Matyusuf Xarratov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Hojixon Boltaev, Komiljon Otaniyozov, Matniyoz Yusupov, Ro‘zimat Jumaniyozov va boshqa ustoz-san’atkorlarning nomlari Xorazm maqomlarining etuk ijrochilari qatorida namoyon bo‘ladi. Atoqli san’atkor Matyoqub Xarratov (1867-1939) xalq ijodi va mumtoz musiqiy merosning yirik bilimdoni, tanbur, dutor va g‘ijjak cholg‘ularining mohir ijrochisi bo‘lgan. Otasi Qurbon Xarrat – do‘kchi o‘spirin o‘g‘lining noyob musiqiy qobiliyatini payqagach, uni taniqli san’atkor, shoir va musiqachi Komil Xorazmiyga shogirdlikka beradi.
Ustoz zukko shogirdiga tanbur va g‘ijjak cholg‘ularini chalish mahoratini o‘rgatish bilan birga yana hattotlik va she’r yozish asrorlaridan ham voqif qiladi. Iste’dodli shogirdining bu jabhalarda ildamlab erishayotgan yutuqlarini ko‘rgan Komil Xorazmiy unga Xiva xonining saroyida musiqachi bo‘lib xizmat qilishi uchun tavsiya beradi. Shu asnoda M.Xarratov 1888-1906 yillari Muhammad Rahimxon II saroyida maqomchi-sozanda bo‘lib ishlaydi. XX asr boshlarida ro‘y bergan ma’lum ijtimoiysiyosiy o‘zgarishlardan so‘ng u Xiva musiqa maktablarida yoshlarga ustozlik qildi (1923-1928). Shundan so‘ng 1932-yilgacha sozchilar ansamblida ishladi va 1932- yildan to umrining so‘nggi kunlarigacha Urganch teatrida sozandalik faoliyatini olib bordi. M.Xarratov Xorazm maqomlarining yirik mutaxassisi bo‘lgan. U Xudoybergan Muhrkan, Niyozjon Xo‘ja va Komil Xorazmiy kabi zabardast ustozlarning mazkur turdagi maqomlarni tizimlashtirish, ularni yozuvlar vositasida hujjatlashtirish va shu tarzda ham keyingi avlodga yetkazib berish say’i-harakatlariga faol ergashdi. Jumladan u “Xorazm tanbur chizig‘i”ni takomillashtirish va uning vositasida maqomlarni yozib olish jarayonida ham amaliy ijrochi, ham hattot sifatida ishtirok etgan. O‘z navbatida ustozlardan bekamu-ko‘st o‘zlashtirib olgan Xorazm maqomlarini yangi zamon ahliga yetkazib berishda o‘z xizmatini ayamagan. Inchunin, 1934-yili folklorshunos olimlar – Yelena Romanovskaya va Ilyos Akbarovlar tomonidan Matyoqub Xarratov ijrosida Xorazm maqomlarining chertim (cholg‘u) yo‘llari (Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq, Panjgoh) fonograf vositasida yozib olindi hamda 1939-yili “Xorazm klassik musiqasi” nomli kitobda chop etildi. M.Xarratovning o‘ziga xos nafis va mayin tanbur ijrochiligi kelgusida Mamad Safo, Matpano tanburchi, Yunus tanburchi va boshqa shogirdlari san’atida munosib davom etdi.
O‘zbekiston xalq artisti Hojixon Boltayev Xorazm maqomchilik san’atining yirik vakilidir. Hojixon Boltayev akasi, xushovoz Egamberganga ergashib yoshligidan ashulachilikka ishtiyoqi baland bo‘lgan. U hali navqiron yigitlik chog‘idayoq o‘zining dardli ovoz tarovati bilan elga tanilgan. Yosh Hojixon Xorazmda taniqli ashulachi va sozchi Otajon akadan dutor chertish mashqini oladi hamda ashula aytish malakasini o‘zlashtiradi. 1925 yili esa uning hayotida unutilmas muhim voqea bo‘ldi - Hojixon Boltayev taniqli ashulachilar davrasida o‘tkaziladigan diydalishma ijodiy musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shu paytdan boshlab uning kasbiy mahorati yildan-yilga yuksalib, kamolot kasb etdi. Jumladan, u Xorazm maqomlarining aytim yo‘llarini atoqli san’atkor Matpano ota Xudoyberganovdan o‘rganadi, hamda mazkur maqom ijrochilik an’analarini murakkab sharoitlar bo‘lishiga qaramay davom ettirishga astoydil bel bog‘laydi. Chunonchi, 1942-45 yillari M.Xudoyberganov rahbarligidagi maqom ansamblida faoliyat k¢rsatadi, 1962 yili esa Urganch shahar Madaniyat uyida Maqom ansamblini tuzib, unga qariyb o‘n yil davomida rahbarlik qiladi. Hojixon Boltayevning maqom hofizlariga xos yoqimli ovozi, avjlarga yengil chiqib ularni yorqin ijro eta olish salohiyati asnosida uning ijrosidagi har bir maqom aytimi, suvora yoki yirik ashula namunasi betakror san’at asari yanglig‘ yangragan. Shu bilan birga, Hojixon Boltayev Buxoro va Samarqand ashulalarini hamda Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llarini ham yuksak mahorat bilan ijro etgan. Hojixon Boltayev yaratgan ijodiy maktabni munosib davom ettirgan shogirdlari qatorida ukasi Nurmamat Boltayev, Quvondiq Iskandarov, Qutlimurod Hojiyev, Ro‘zimat Jumaniyozovlarning nomlarini alohida ta’kidlash kerak. Shuningdek, 1990 yildan buyon Xorazmda Hojixon Boltayev nomida xonandalarning ko‘rik-tanlovlari muntazam o‘tkazilib kelinadi.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, Shashmaqom Xorazm ijrochilik maktabi zamirida o’ziga xos o’zgarish va rivojlanish jarayonini kasb etdi. Chertim yo’llari, usullari ixchamlashtirildi, bastakorlar tomonidan qo’shimcha namunalar kiritildi. Xorazm maqomlari ijrochilik nuqtai-nazaridan o’z mustaqilligini saqlab qoldi. Asrlar davomida ustozdan shogirdga, avloddan-avlodga, og’izdan-og’izga o’tib kelayotgan Xorazm maqomlari davrlar o’tgan sari o’zining serjilo, serqirra ko’rinishlari bilan namoyon bo’lmoqda. Xorazm maqomat san’ati ijrochiligi musiqiy madaniyatimizning ajralmas bo’lagi sifatida hamisha ardoqlanadi.
Xorazm maqomlarining birin-ketin joylashishi va tarkibiy qismida farqlar mavjud bo’lib, bunga e’tiborni qaratish zarur bo’ladi. Muhammad Yusuf Bayoniyning «Tanbur chizig’i»da maqomlar quyidagi tartibda joylashgan:
Dugoh, Rost, Navo, Iroq, Segoh, Buzruk va o’z - o’zidan ko’rinadiki, «Shashmaqom»da joylashgan, ya’ni Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq tartibida kelmaydi.
I.Akbarov tahriri ostida chop etilgan «Xorazm maqomlari»da esa Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq tartibida keladi.
Matniyoz Yusupovning 1980 yillardagi chop etilgan 5 jildlik «Xorazm maqomlari»da ham Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq va Panjgoh qo’shilgan tartibda keladi.


Yüklə 96,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin