Ekstrovert va introvert toifali shaxslar Bu tiplar muloqotga kirisha olish qobiliyatiga ko‘ra farqlanadi. Masalan, ekstrovert —
o‘ta muloqotga kirishuvchan, o‘zini odamlar guruhisiz tasavvur qila olmaydigan shaxsdir. Uning
uchun muloqot haqiqiy ehtiyojidir, boshqalarning uni tushunish-tushunmasliklaridan qati nazar,
u doimo o‘z fikr-istaklarini o‘rtoqlashgisi keladi. Ekstrovert uchun konkret kim bilandir
muloqotda bo‘lish emas, umuman kim bilan bo‘lsa ham muloqotda bo‘lish xohishi muhim.
Shuning uchun ham u umuman begona odam bilan gaplashib, kirishib keta oladi. Gaplashgisi
kelmagan begonaning psixologiyasini tushunishi qiyin ("Qanday qilib gaplashishni xohlamaslik
mumkin?", — deb uylaydi u). Ekstrovertning qiziqishlari ham tez-tez o‘zgarib turadi, do‘stlari,
o‘rtoqlarini ham almashtirib turishga intiladi. Bundan tashqari, u o‘ta kirishuvchan bo‘lganligi
uchun ham har qanday sharoitda vaziyatdan chiqish usullari to‘g‘risida tez xulosaga keladi, o‘ta
qiziquvchan, dunyoda bo‘layotgan hodisalar, ''mish-mishlar"ni bilish uning uchun zarur.
Ekstrovert kek saqlamaydi, bugun urushgan odami bilan ertaga hech narsa bo‘lmaganday apoq-
chapoq bo‘lib ketishi mumkin.
Introvert esa ekstrovertning teskarisi. U ko‘proq ichki dialog formasidagi muloqotni
afzal ko‘radi, ya’ni yolg‘izlikda mulohaza yuritish, o‘zi haqida o‘ylash va shunga o‘xshaganlar
uning uchun asosiy ishdir. Shuning uchun ham unda muloqotga ustanovka juda sust,
odamlarning uni tushunmay qolishlaridan doimo xavotirda bo‘ladi. Introvert kitoblar olami,
falsafiy fikrlashlar qulidir, chunki u odamlar guruhida sodir bo‘lib turadigan ziddiyatlardan
cho‘chiydi, o‘zini olib qochadi. Agar muloqotda bo‘ladigan bo‘lsa, 2—3 kishidan ortiq
bo‘lmagan guruhni afzal ko‘radi. Shunda ham har kuni emas, ba’zan-ba’zan uchrashib turish,
gaplashganda ham ''shaxsiy" mavzularda emas, umumiy gaplar haqida suhbatlashishni yaxshi
ko‘radi. Chunki u ekstrovertdan farq qilib, o‘z ''Men"ining boshqalarga o‘xshamasligini doimo
esda tutadi. Introvert doimiy standartlar, belgilangan normalar olamida yashaydi, qiziqqan
narsasi bilan umrini oxirigacha bo‘lsa ham shug‘ullanishga tayyor, umr yo‘ldoshiga sodiq,
vafodor. Do‘stlarga ham xuddi shunday.