«jahon sivilizatsiyalari tarixi»



Yüklə 7,3 Mb.
səhifə24/107
tarix26.10.2023
ölçüsü7,3 Mb.
#161743
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   107
portal.guldu.uz-JAHON SIVILIZATSIYALARI TARIXI

Oltin sirg'alar. Kolxida
Kolxida davlatining yuzaga kelishida ilk temir davrida ishlab chiqarishning rivoj topishi muhim omil bo’ldi. Kolxida temir metallurgiyasining muhim markazlaridan biriga aylandi. Kolxidadagi ijtimoiy tabaqalanish dafn yodgorliklarida yaqqol namoyon bo’ladi. Masalan, m.a. V asrga oid ayol qabridan 1600 ta oltin buyum, shu jumladan ho’kiz va ohuni ovlayotgan sher tasvirlangan ajoyib tillaqosh topilgan.
Yuksak darajada rivoj topgan hunarmandchilik va savdo Kolxidaning gullab-yashnashiga asos bo’ldi. Antik dunyoda Kolxida haqida argonavtlar sarguzashtiga sabab bo’lgan “oltin mo’yna” mamlakati sifatida ma’lum edi.
Dioskuriadada 70 ta qabila va xalq vakillari savdo uchun to’planishganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Kolxidada nafaqat mahalliy, balki tranzit savdoning ham taraqqiy etganligi pul muomalasining ham erta rivojlanishiga olib keldi. Du yerda yunon va mahalliy tangalar muomalada bo’lgan. M.a. V- III asrning birinchi yarmida zarb etilgan mahalliy tangalarning old tarafida hukmdor, orqa tarafida ho’kiz boshining tasviri bo’lgan. M.a. III asrda podsho Aka nomidan tilla tangalar zarb etilgan. Ma’muriy jihatdan Kolxida provintsiyalarga bo’lingan, ularning tepasida skeptux (tojdor) unvoniga ega shaxslar turgan.
Kolxida madaniyatining o’ziga xos jihati unda mahalliy va yunon an’analarining qorishib ketganligidir. Van shahri xarobalaridan topilgan buyumlar, inshootlarda yunon ta’siri kuchli ekanligi ko’rinib turibdi. Kolxida hududidan o’ziga xos tosh va bronza haykallar, koroplastika, torevtika, gliptika namunalari topilgan.
Kolxida keyinchalik Rimning ta’siriga tushadi va I asrda Rimning Kappadokiya viloyatiga qo’shiladi.
Milodiy III-IV asrlar antik manbalarida G’arbiy Gruziya Lazika deb atalgan, mahalliry aholi esa uni Egrisi deb atagan. Poytaxti Arxeopol. IV asrdan bu yerda xristianlik tarqalgan.
Ellinistik davrda Kavkazortida Iberiya davlati shakllandi va mustahkamlandi. Yunon – rim mualliflari antik davrdagi Sharqiy Gruziya podsholigini (m.a. III- milodiy III-IVasr) Iberiya deb ataganlar. O’rta asr gruzin manbalarida u Kartli deb yuritilgan. Iberiya hozirgi Sharqiy va junubiy Gruziya yerlarini egallagan. Vaqt o’tishi bilan u Kolxidaning ayrim hududlarini o’ziga qo’shib olishga muvaffaq bo’ladi.
Iberiya davlatining shakllanishi va mustahkamlanishi ellinistik davrda sodir bo’ldi. Dedoplis-Mindoridan topilgan, m.a. II-I asrlarga oid, mahalliy gruzin astral ilohalari bilan qo’shilib ketgan mazdakiylik ilohalariga bag’ishlangan ibodaxona majmuasi Iberiyada me’morchilikning yuksak taraqqiyotidan dalolat beradi.
Qadimgi Gruziya tarixiy an’analariga ko’ra, Iberiyaning ilk podshosi Parnovaz o’z qarorgohini Armazi tog’ida barpo etgan. Bagineti tepaligida joylashgan bu shahar arxeologlar tomonidan o’rganilgan. Sarkine, Dazalisi, Urbnisi va boshqa joylardan ham Iberiya shaharlarining xarobalari topilgan. O’ziga xos g’or-shaharlar ham mavjud bo’lgan (Uplistsixe). Iberiya san’atida ham yunon-rim madaniyatining ta’siri ko’rish mumkin. Masalan, Iberiyada Dionisga e’tiqod qilish keng tarqalgan. Sarkinedan topilgan Dionis va Ariadna tasvirlangan sopol niqoblar, Dionisiy doirasidagi ilohalar haykalchlari shundan dalolat beradi.
Kavkaz Albaniyasi Kavkazortining boshqa viloyatlariga nisbatan yunon-rim dunyosining markazlaridan uzoqda joylashgan va shu sababdan uning tarixi va madaniyati antik mualliflar asarlarida kam yoritilgan. Uning tarixi asosan arxeologik ma’lumotlar asosida o’rganilgan. Bu yerda davlatchilik va sinfiy jamiyatning paydo bo’lishi muammosi hanuz bahstalab bo’lib qolmoqda. Biroq bu jarayon ellinisik davrda nihoyasiga etgan deb hisoblashga asos bor.
Kavkaz Albaniyasi m.a. II asr oxiri – I asr o’rtalarida sharqiy Kavkazortida vujudga kelgan (hozirgi Ozarbayjon. Gruziya va Dog’istonning bir qismi). Aholisi dastlab 26 qabila ittifoqini tashkil etgan albanlar (ularning bolqon albanlari va qozoqlarning alban urug’iga daxli yo’q), gargarlar, gellar, utiylar, chilbilar, leg (lezginlar), silvalar, lpinlar, tsodlardan iborat bo’lgan.
Dastlab faqat Kura daryosining chap sohilini egallagan bu davlat Armanistonning Sosoniylar Eroni va Rim imperiyasi o’rtasida bo’ilib olinishi davrida Kuraning o’ng sohilidagi Artsax va Utik viloyatlari hisobiga o’z hududlarini kengaytirib olgan. M.a. I asrda bu yerga ham rimliklar kirib kelgan. Boku yaqinidagi Gobuston tog’idan topilgan m.a. I asrga oid XII legion senturioni nomidan tuzilgan lotin yozuvi bunga guvohlik beradi. Keyinchalik Kavkaz Albaniyasida hukmronlikni Arshakiylar sulolasi o’z qo’liga oldi. Albaniya u yoki bu darajada Kavkazortidagi rim-parfiya kurashlariga jalb etilgan. 451 yilda Albaniyaning mustaqilligi tugatilib, Sosoniylar davlati tarkibidagi harbiy – ma’muriy violoyatga aylangan (VIII аср бошига қадар).
M.a. I – milodiy VI asrlarda Kavkaz Albaniyasining eng yirik shahar markazi va poytaxti Kabala (maydoni 50 ga) edi. Bundan tashqari Partav, Shemaxa, Mingechaur, Tazakent va mamlakatning shimoliy qismi, Dog’iston hududida ham ko’plab antik davr shaharlari aniqlangan.
Albaniyada qishloq xo’jaligi, hunarmandchilik, savdo taraqqiy etgan. Aleksandr Makedonskiy draxmalariga taqlid qilib yaratilgan mahalliy tangalar muomalada bo’lgan. San’atning haykaltaroshlik turi keng tarqalgan. Kulolchilik namunalari antropomorf va zoomorf shakllarda yaratilgan. Albaniya hayotida din muhim o’rin tutgan. Straboning ma’lumotiga ko’ra, oliy xudolar uchligiga Selena, Gelios va Zevs kirgan (Strabon mahalliy xudolarning yunoncha nomlarini keltirgan). Bosh kohin podshodan keyingi o’rinda turgan.
Kavkazorti sivilizatsiyalari o’ziga xoslik bilan bir qatorda, o’xshash jihatlarga ham ega. Bu esa ularning ijtimoiy-iqtisodiy tuzumidagi yaqinlik, tarixiy taqdirlarining tutashligi va uzoq vaqt davomidagi aloqalar bilan izohlanadi.
Janub va shimolning doimiy bosimi ostida bo’lishiga qaramasdan Kavkazorti xalqlari o’ziga xos sivilizatsiyalarni yaratish, saqlab qolish va rivojlantirishga muvaffaq bo’lishdi. Qadimgi madaniy an’analar bilan tashqi ta’sir uyg’unlashib ketgan bu sivilizatsiyalar jahon madaniyatiga ulkan hissa qo’shdi.

Yüklə 7,3 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   107




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin