Nomenklatura qoidalari. Turlarning nomi K. Linney taklif etgan binar nomenklaturaga binoan lotin imlosida ikkita nom bilan ifodalanadi. Ulardan birinchisi avlod nomi bosh harf bilan, ikkinchisi turning nomi kichik harf bilan yoziladi. Turlar kishilar familiyasi bilan ataladigan bo’lsa, erkak kishi familiyasidan keyin “i”, ayol kishi familiyasidan “e” qo’shimchasi (masalan, ivanovi yoki ivanovae deb) yoziladi. Tur nomidan keyin esa uni birinchi bo’lib ta’riflagan muallifning familiyasi keltiriladi. Odatda muallifning nomi qisqartirib beriladi. Masalan, Musca domestica L. uy chivinining lotincha nomi, L. esa tur muallifi Linney ekanligini bildiradi.
Turdan yuqori taksonlar nomi faqat bitta so’z bilan ifodalanadi. Masalan, Musca chivinlar avlodi, Muscidae chivinlar urug’i, Diptera ikki qanotlilar turkumi, Insecta hasharotlar sinfi va hakozo.
Tekshirilayotgan avlodi ma’lum, lekin turi aniqlanmagan bo’lsa, avlodning nomidan so’ng sp. (species tur) deb yozilib qoyiladi. Agar tur yetarli ta’riflangan bo’lmasa avlod va tur orasiga cf. aff yoki ex. gr. deb yozib qo’yiladi. Cf-conformis (o’xshash) so’zidan qisqartirib olingan bo’lib, tur kolleksiyasi yomon saqlanganligi uchun aniqlab bo’lmasligini, aff-affinis (o’xshash) tasvirlangan to’rning aniqbo’lmasligi, uni boshqa biron turga yaqinligini ko’rsatadi. Ex, gr. belgisi ex. grege so’zlaridan olingan bo’lib, tekshirilayotgan ob’ekt biron gruppaga mansub ekanligini ko’rsatadi. Agar tekshirilayotgan turni aniqlash qiyin bo’lsa, sp. belgisidan keyin indet. (indeterminata aniqlanmaydshan) yozib qo’yiladi. Tekshirilayotgan hayvon shu avlodga kiruvchi barcha turlardan farq qilsa avlod nomidan keyin sp.n. (species nova- yangi tur) belgisi yoziladi.
Bir hujayralilar, ya’ni sodda hayvonlar (Rrotozoa) kenja dunyosi Bir hujayralilar kenja olamiga mansub bo’lgan hayvonlarning tanasi yagona hujayradan yoki bir-biriga o’xshash tuzilgan hujayralar to’plamidan iborat. Ularning hujayrasi ham asosan ko’p hujayralilar hujayrasiga o’xshash tuzilgan, lekin ulardan fiziologik jihatdan keskin farq qiladi. Chunki bir hujayralilar mustaqil hayot kechiradigan organizmlar bo’lib, ular modda almashinish, harakatlanish, ta’sirlanish, ko’payish va tirik organizmlar uchun xos bo’lgan boshqa barcha xususiyatlarga ega. Bunday funksiyalarni hujayradagi maxsus organoidlar (organellalar) bajaradi. Bir hujayralilarning organoidlari hujayraning bir qismi bo’lishi bilan ko’p hujayralilarning organlaridan farq qiladi. Bir hujayralilar soxta oyoqlar, maxsus kiprikchalar va xivchinlar yordamida harakatlanadi. Nafas olishi tana yuzasi orqali boradi. Ularning kislorodga bo’lgan ehtiyoji bir xil emas. Suv tubida va balchiqda hayot kechiradigan hayvonlar kislorodni kam talab qiladi. Bir hujayralilarning 70000 dan ortiq turi ma’lum bo’lib, ular Sarkomastigoforalar, Sporalilar, Miksosporidiyalar, Mikrosporidiyalar va Infuzoriyalar tiplariga ajratiladi.