Hayvonlar hujayrasining tuzilishi. Hayvonlar hujayrasi ham ko’p jihatdan boshqa tirik organizmlar hujayrasiga o’xshash. Unda tashqi hujayra membranasi, sitoplazma, yadro va har xil organoidlar, Golji apparati, mitoxondriyalar, lizosomalar, ribosomalar, sentrosoma va boshqalar bo’ladi. Hayvonlarning tashqi hujayra membranasi juda yupqa (qalinligi 7-10 nm) bo’lib, sitoplazmani tashqi muhitdan ajratib turadi. Hayvonlar hujayra membranasi sirtida qattiq hujayra qobig’i bo’lmaydi. Membrana tashqi muhit bilan hujayra o’rtasidagi moddalar almashinuvi jarayonida, hujayralarning harakatlanishi va o’zaro tutashishida muhim o’rin tutadi. Membrana ikki qavat bo’lib joylashgan lipid va ular oralig’ida suzib yuradigan oqsil molekulalaridan iborat. Membrananing ichki yuzasi turli burmalar va o’simtalar orqali sitoplazmadagi endoplazmatik to’r bilan tutashib ketadi.
Sitoplazma kolloid sistemadan iborat bo’lib, hujayrani to’ldirib turadi. Sitoplazma tarkibida organik moddalar (oqsillar, yog’lar, uglevodlar), turli mineral tuzlar va juda ko’p miqdorda suv bo’ladi. Sitoplazmada hamma hujayra organoidlari joylashgan.
Endoplazmatik to’r juda yumshoq membranali nozik naychalardan iborat bo’lib, sitoplazma ichida chigal to’rni hosil qiladi. Endoplazmatik to’r yadro yaqinida yadro membranasi bilan tutashib ketadi. Uning naychalari orqali hujayraning turli qismlarida sintezlanadigan moddalarning hujayra ichida almashinuvi sodir bo’ladi.