Golji apparatining tuzilishi endoplazmatik to’rga o’xshash bo’ladi. U birmuncha yirik vakuoalalar va mayda pufakchalarni o’rab turuvchi membranalardan iborat. Golji apparati hujayrada sintezlanadigan ayrim moddalar, masalan, gormonlar va fermentlarni vaqtinchalik to’plash uchun xizmat qiladi. Bu moddalar zarur paytda endoplazmatik to’r orqali hujayradan chiqarib yuborilishi va organizmdagi almashinuv jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Mitoxondriyalar uzunligi 0,2-5 mkm keladigan mayda uzunchoq tanachalardan iborat. Ular hujayraning energiya markazi bo’lib, hujayradagi hamma jarayonlarni energiya bilan ta’minlaydi. Mitoxondriyalar ikkita (ichki va tashqi) membranalar bilan qoplangan. Ichki membranasidan mitoxondriya bo’shlig’iga qarab juda ko’p to’siqlar chiqadi. To’siqlar membrananing ichki yuzasini kengaytirish uchun xizmat qilib, natijada mitoxondriyalarda turli biokimyoviy reaksiyalar orqali energiya hosil bo’lishi tezlashib, energiya ko’proq to’planadi.
Ribosomalarjuda kichik, diametri 0,015 mkm kattalikdagi mayda donachalar. Ularning asosiy qismi endoplazmatik to’rning sirtqi membranasida joylashgan. Ribosomalar sitoplazmada va yadroda hosil bo’ladi. Ribosomalarda oqsil sintezlanadi va endoplazmatik to’r naychalari orqali hujayraning turli qismlariga tarqaladi.
Sentrosoma ko’pchilik hayvonlarning hujayrasi uchun xos bo’lib, oqish shaklida ko’rinadi. Uning ichida bitta yoki ikkita, ba’zan bir nechta sentriolalar joylashgan. Ayrim hujayralar bo’linishidan oldin sentrosomadan juda ingichka radial ipchalar chiqadi. Sentriolalar hujayraning bo’linish davrida xromosomalarning hujayra qutblariga tarqalishida qatnashadi.
Hayvonlar hujayrasi sitoplazmasida ko’pincha har xil ingichka tolalar va ipchalar ham uchraydi. Muskul hujayrasi sitoplazmasidagi ana shunday tolalar (mikrofibrillalar) qisqarish xususiyatiga ega bo’lsa, nerv hujayrasidagi ipchalar (neyrofibrillalar) nerv impulslarini uzatish vazifasini bajaradi.
Hayvonlar tanasining deyarli hamma hujayralarida yadro bo’ladi. Yuksak umurtqali hayvonlar qonidagi eritrotsitlarda yadro bo’lmaydi (yadro hujayra hosil bo’lish jarayonida yo’qoladi). Yadrolarning soni va shakli har xil bo’ladi. Tashqi tomondan yadro ikki qavat membrana bilan o’ralgan. Membranalardagi maxsus teshikchalar va naychalar yordamida yadro sitoplazma va uning organoidlari bilan bog’lanadi. Yadro ichidagi modda — karioplazma tarkibida oqsillar, fermentlar, lipoidlar, nuklein kislotalar va mineral moddalar bo’ladi. Yadroda xromosomalar va yadrocha joylashgan. Xromosomalar soni va shakli har bir to’rda o’ziga xos bo’ladi. Xromosomalar orqali irsiy belgilar nasldan naslga o’tadi. Yadrocha mayda, yumaloq shakldagi tanachadan iborat bo’lib, ribosoma shakllanishida ishtirok etadi.