A.L. Brodskiy (1882- 1943) bir hujayrali hayvonlarni o’rganishni boshlab berdi. U Qizilqum faunasini tekshirib, chig’anoqli soxta oyoqlilarning yangi turlarini topadi va ularni dengiz soxtaoyoqlilari bilan yaqinligini isbotlaydi. Bu tadqiqot Markaziy Osiyo qumliklari o’rnida qadimda dengiz bo’lganligidan dalolat beradi.
Nazorat uchun savollar 1. Protozoologiya fanining ob’ektlari va predmeti.
2. Protozoologiya fanining maqsadi, vazifalari va ahamiyati.
3. Fanning rivojlanishidagi asosiy bosqichlar va uning shakllanishiga katta hissa qo’shgan olimlar.
4. O’zbeksitonda protozoologik tadqiqotlarning rivojlanishi.
Hayvonlar sistematikasi. Biologiya fani o’zaro o’xshashligi va qarindoshligiga asoslangan holda organizmlarni alohida guruhlar, taksonlarga ajratib o’rganadi. Hayvonlarni taksonlarga ajratish bilan sistematika fani shug’ullanadi. Hayvonlar sistematikasida asosiy taksonlar tip, sinf, turkum, oila, avlod va turdan iborat. Ular orasida tur eng kichik, tip esa eng yirik takson hisoblanadi. Bitta turga kiruvchi hayvonlarning tuzilishi va hayot kechirish tarzi bir biriga o’xshash bo’lib, umumiy arealni egallaydi. Muayyan tur o’zining morfologik, fiziologik, ekologik va irsiy xususiyatlari bilan boshqa turlardan farq qiladi. Bir turning individlari bir biri bilan erkin chatishadi va ularning nasli serpusht bo’ladi.
Bir qancha umumiy belgilari bilan bir biriga o’xshash bo’lgan turlar bitta avlodga birlashtiriladi. Avlodlar o’z navbatida oilalarga, oilalar turkumlarga, turkumlar sinflarga, sinflar tiplarga birlashtiriladi. Tirik mavjudotlarning xilma xilligi sistematikaga yana bir qancha qo’shimcha tushunchalar kiritishni taqozo etadi. Chunonchi, hamma hayvonlar tipi bitta hayvonot dunyosiga kiritiladi. Hayvonot dunyosi bir hujayralilar va ko’p hujayralilar kenja dunyolariga ajratiladi. hayvonot dunyosi esa prokariotlar, zamburug’lar va o’simliklar dunyolari bilan birga organik, ya’ni tirik mavjudotlar olamini tashkil etadi. Bulardan tashqari turli taksonlar uchun oraliq taksonlar ham kiritilgan. Ular takson nomidan oldin “katta” yoki “kenja” so’zlarini qo’shib ishlatiladi. Masalan kenja avlod, katta avlod, kenja oila, katta oila, kenja turkum, kenja sinf, katta sinf, kenja tip, kenja tur deyiladi.