Alohida toifadagi jinoyatchilarning psixologik xususiyatlari
G‘arazli jinoyatlarni sodir etishga moyil jinoyatchi shaxslar toifalari har xil bo‘lib, ular safiga o‘g‘rilik, xo‘jalik sohasida g‘arazli jinoyatlarni sodir etuvchi jinoyatchilar va xizmat vazifalarini g‘arazli niyatda suiiste’mol qiluvchi jinoyatchilar hamda talon-torojlik jinoyatlarini sodir etuvchi jinoyatchilarni kiritish mumkin1.
O‘g‘rilik jinoyati (JKning 169-moddasi)ni sodir etuvchi shaxslar bir qator umumiy tomonlarga ega bo‘lib, ular jinoyatchilarning ijtimoiy jihatdan eng tuban toifasiga kiradilar. Ularning jinoiy xatti-harakatlari boshqa toifadagi jinoyatchilarnikiga qaraganda ancha oldin yuzaga keladi.
1 Qarang: ЕникеевМ.И. Юридическая психология. – СПб., 2005. – С. 80.
O‘g‘rilar katta jinoiy tajribaga, g‘ayriijtimoiy xulqqa oid shakllangan qarashlar va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Ularning bu xulqi barqaror jinoiy yo‘nalishga egaligi bilan ajralib turadi. O‘g‘rilar odatda bezori va mayxo‘r bo‘lib, ehtiyoj va manfaatlari nihoyatda cheklangan va sodda, ijtimoiy qadriyatlardan begona bo‘lgan shaxslardir.
O‘g‘rilarning ijtimoiy nomosligi (dezadaptatsiyasi) odatda oilasi, mutaxassisligi, doimiy ishi va turar joyi yo‘qligi, turli xil ruhiy anomaliyalari bilan chuqurlashadi. Ularning jinoiy xulqi ko‘proq g‘ayriijtimoiy turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Jinoyatchi o‘g‘rining shaxsi odatda uning jinoyatchilar muhitiga barqaror kirishi bilan, ilk yoshidayoq oiladagi tarbiyasining nuqsonlari, asosiy ehtiyojlarining surunkali ravishda qondirilmasligi, doimo vaziyatga tobeligi bilan buzilgandir.
O‘g‘rilar o‘zlarining psixologik xususiyatlariga ko‘ra zo‘ravon jinoyatchilarga yaqin turadilar. Ular moddiy muhitdagi to‘siqlarni yengish tajribasiga ega bo‘lib, talonchilik va bosqinchilik sodir etishga oson o‘tadilar.
O‘g‘ri – qonundan vaqtincha chekingan inson emas, balki insofsiz, odatda oilada va mikromuhitda axloqiy me’yorlarni rad etish, muhtojlik, ijtimoiy rad etilish va ijtimoiy nazoratning past darajasi sharoitida shakllangan barqaror salbiy xislatlar tizimiga ega bo‘lgan irodasi bo‘sh shaxs.
Xo‘jalik va xizmat sohalarida g‘arazli niyatda jinoyat sodir etuvchi jinoyatchi shaxslar toifalarini esa alohida guruhga kiritish lozim. Ularga qo‘shib yozish, aldash, nohaq ravishda olingan mukofotlar va shu kabilar orqali amalga oshiriladigan tor guruhiy manfaatlar xosdir. Bunda ruhiy himoyaning muayyan toifasi – g‘ayriqonuniy firiblarini «ish manfaati»,
«xizmat burchi» bilan niqoblash hosil bo‘ladi.
Talon-torojlik jinoyatlari esa ko‘p hollarda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilib, poraxo‘rlik, xaridorlarni aldash, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish, qalbaki hujjatlar yasash, firibgarlik va boshqa jinoyatlarda namoyon bo‘ladi. Davomli talon-torojliklar talon-toroj qiluvchilarda nazorat-taftish xizmatlarini aldashning «professional» usullari borligidan dalolat beradi. Talon-torojlik jinoyatlarini sodir etuvchi shaxslar toifasining ma’lum bir qismining ma’lumot darajasi yuqori. Ma’lumot darajasi jinoiy xatti-harakatning xususiyatida, talon- torojlik sodir qilish usullarida ma’lum darajada namoyon bo‘ladi. Talon- torojlikning nisbatan yuqori ma’lumotga ega bo‘lgan bunday toifadagi
shaxslar tomonidan sodir qilinishining murakkabligi, amalga oshirilayotgan har bir harakatni birma-bir oldindan hisob-kitob qilinishi va oldindan ko‘ra bilish qobiliyati, kerakli aloqalarni o‘rnatish, ishtirok- chilarni tanlash, ularni har biriga ajratib berilgan rolni aniq bajarilishini tashkil qilish va ta’minlash bilan bog‘liqdir. Sanab o‘tilgan holatlar bajarilayotgan ishning barcha nozik tomonlarini chuqur bilishga keraklicha imkon beradigan yuqori darajadagi professional bilimning mavjudligi haqida guvohlik beradi1.
Aksariyat mansab talon-torojliklari norasmiy guruhlar dinamikasi qonunlari bo‘yicha shakllanadigan jinoiy guruh tarkibida sodir etiladi. Bunda ko‘plab guruhlararo aloqalar shakllanadi, ichki ruhiy ko‘nikmalar hosil bo‘ladi, mehnat vazifalari («foydali» va «foydasiz» ish) va boshqa odamlarni («kerakli» yoki «keraksiz» odam) tanlash rejasi ishlab chiqiladi.
O‘z jinoyatlarini yashirishdek doimiy zarurat «ikki tomonlama hayot kechirishga», buzilgan moddiy ehtiyojlarni qondirish usullarini namoyishkorona «oddiy» hayot ko‘rinishlari bilan niqoblashga olib keladi.
Barcha g‘arazli jinoyatchilarda umumiy asos – g‘arazli mayllarining barqarorligi mavjud. G‘araz – eng barqaror, yo‘q qilish qiyin bo‘lgan insoniy qusurlardan biri, ya’ni shaxsning barqaror salbiy yo‘nalgan- ligining tizim hosil qiluvchi omili hisoblanadi.
G‘arazli jinoyatlar shaxsning umumiy g‘arazli yo‘nalganligi bilan sodir etiladi. Bu esa shaxs xulqining tizim hosil qiluvchi omili hisob- lanadi. G‘arazli jinoyatlarning sabablarini shaxsning g‘arazli maqsad- larini shakllantiradigan omillardan izlash lozim.
Zo‘ravonlik jinoyatlarini ko‘pchilik hollarda madaniy-bilim darajasi past bo‘lgan shaxslar sodir etadi. Zo‘ravon jinoyatchi shaxs (jismoniy kuch ishlatib jinoyat sodir etishga moyil shaxs) odatda tarbiyaning asosiy sohalari – oila, o‘quv yurti, ishlab chiqarish jamoasidagi kamchilik va nuqsonlarni aks ettiruvchi past darajadagi ijtimoiylashuv bilan ajralib turadi. Ushbu shaxsning motivatsion sohasiga egotsentrizm (xudbinlik), jamiyat vakillarining bir qismi bilan barqaror nizolashuv va o‘zini oqlashga bo‘lgan intilishning mavjudligidir. Bu yerda, aksariyat hollarda, alkogol jinoiy maqsadni faollashtiruvchi omil hisoblanadi.
1 Qarang: Исмаилов И. Аҳолидан қишлоқ хўжалик маҳсулотларини сотиб олишдаги талон-торожликларнинг тавсифи. – Т., 1993. – Б. 21–22.
Jinoiy qasd hosil bo‘lish mexanizmini aniqlashda jinoyatchilikning umumiy qonuniyatlarini bilish bilan bir qatorda jinoyatchining shaxsini chuqur o‘rganish ham zarur. Bunga ko‘p jihatdan ushbu individ kiradigan ijtimoiy guruhlar bilan tanishish yordam beradi. Ushbu shaxsning yaqinlari o‘rtasida hukmronlik qilayotgan o‘zaro munosabatlar tarkibini o‘rganish, bu shaxs a’zo bo‘lgan ijtimoiy guruhlar psixologiyasini bilish, shaxs bilan jamiyat o‘rtasidagi aloqani, individual va ijtimoiy ong aloqasini aniqlash zarur. Har qanday insonning ijtimoiy qiyofasi ko‘p jihatdan uning mikro olami mazmuni bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu mikro olamning psixologik tuzilishi individual xulq uchun kuchli katalizator bo‘lib xizmat qiladi. Juda ko‘p hollarda xulqning xususiyati atrof- muhitdagi axloqiy me’yorlarning mazmuniga bog‘liq bo‘ladi.
Zo‘ravonlikka asoslangan jinoyatlarning sodir etilishida ijtimoiy muhit bilan normal o‘zaro aloqalarning buzilishi, kuchli nizoli vaziyat sabab bo‘ladi. Ko‘pincha nizoli vaziyatning «yuqishi» guruhiy bezorilik harakatlari va katta shaxslar guruhlarining ommaviy tartibsizliklarida ishtirok etish jarayonida yuz beradi. Nizolarning bunday turi beqaror psixikaga ega bo‘lgan, huquqiy ongi past, umumiy madaniyat darajasi sust, oson qo‘zg‘aluvchan, olomondagi shaxslarning ta’siriga tez beriluv- chan shaxslarga xosdir. Bir insonning bezorilik harakatlari boshqa shaxslar uchun emotsional signal yoki taqlid uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Shu sababli zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etuvchi shaxslarning asosiy xususiyati – ijtimoiy qadriyatlarining nuqsonli ekanligi, hissiy to‘mtoqlik, g‘ayriixtiyoriy tajovuzkorlikda namoyon bo‘ladi. Qotillikda, badanga shikast yetkazishda, qiynash, nomusga tegish, bezorilik harakatlari sodir etishda aybdor shaxslar nihoyatda ijtimoiylashmagan- ligi, g‘ayriijtimoiy xulq ko‘nikmalarining shakllanganligi bilan ajralib turadilar.
Ularning xatti-harakatlariga ashaddiy xudbinlik (egotsentrizm), qo‘qqisdan yuzaga keladigan istaklarni darhol qondirishga intilish va surbetlik xosdir. Ular zo‘rlikni nizolarni hal etishning yagona vositasi deb biladilar. Ularga psixologik himoya vositalaridan keng miqyosda foydalanish, ya’ni o‘zlarining g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarini oqlash, aybni jabrlanuvchiga va tashqi holatlarga to‘nkash xosdir.
Ashaddiy zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etuvchi shaxslar bir qator shaxsiy-tipologik, psixologik xususiyatlarga ega bo‘ladilar. Bular:
atrofdagi shaxslarni doimo o‘ziga dushman sifatida qabul qilish;
eng kichik shaxsiy muvaffaqiyatsizliklardan haddan tashqari ta’sirlanish, ularni ijtimoiy jihatdan mos (adekvat) baholashga qobi- liyatsizlik;
–jamiyatdan begonalashganlik (autiklik);
hissiy jihatdan nihoyatda beqarorlik, patologik darajadagi jizzaki- lik, qasoskorlik, ruhiy notayinlik, kayfiyatning tez o‘zgarishi;
da’vogarlik darajasining nihoyatda yuqoriligi;
ekstremal vaziyatlarda bo‘lishga moyillik, ularni faol yuzaga keltirish;
o‘zini ko‘rsatishga bo‘lgan moyillik;
o‘zlariga xos hissiy nuqsonlarni doimo yashirishga intilish va hokazo.
Ushbu toifadagi jinoyatchilarning salbiy xislatlari ijtimoiy nazorat yetarli bo‘lmagan, nihoyatda salbiy mikromuhit sharoitida shakllanadi. Ushbu xulq shakllanishining muhim omillariga quyidagilar kiradi:
bolalikdagi emotsional zo‘riqish;
oila va ijtimoiy foydali guruhlardan ajralish.
Shu nuqtai nazardan zo‘ravonlikka asoslangan jinoyatlarda ko‘pin- cha shafqatsiz tajovuzkorlik xususiyati namoyon bo‘ladi, og‘ir jismoniy va ruhiy shikastlar yetkaziladi. Tajovuzkor xulqning bu tipi shaxsning chuqur buzilganidan, shaxsda tajovuzkor xatti-harakatga va odamlarga zarar yetkazishga bo‘lgan moyillikning shakllanganidan, shaxsning o‘zini nazorat qilish qobiliyati nihoyatda past darajada ekanidan dalolat beradi.
Ushbu shaxslarning xulqiga quyidagi xususiyatlar xosdir:
o‘zini tajovuzkor intilishdan tiya olmasligi;
nizoning qay yo‘nalishda rivojlanishi va tajovuzkor harakat- larining oqibatlarini ko‘ra olmaslik;
nizoli vaziyatdan chiqish usullarini bilmasligi.
Biroq, voyaga yetmaganlar sodir etadigan zo‘ravonlik jinoyat- larining aksariyati g‘ayriixtiyoriy tajovuzkorlik, jinoiylashgan guruh sharoitida ruhiy ta’sirga beriluvchanlik bilan bog‘liqdir.
G‘arazli zo‘ravonlik jinoyatlarida tajovuzkorlikdan ko‘pincha faqat g‘arazli maqsadga erishish vositasi sifatida foydalaniladi.
Zo‘ravonlik jinoyatlarida esa birinchi o‘ringa adovatli tajovuzkorlik chiqadi – tajovuz, birovga ziyon yetkazish birinchi maqsadga aylanadi.
Zo‘ravonlikning davomiyligi va shafqatsizligi bu o‘rinda jinoiy maqsad – jinoyat qurbonini tahqirlash, unga rashk, qasos, o‘zini ko‘rsatish maqsadida og‘ir azob berish kabilarga bog‘liq bo‘ladi.
Guruh bo‘lib zo‘ravonlik jinoyatlarini sodir etish ko‘pincha guruh, guruhiy an’analar va ruhiy ta’sirlar natijasida sodir etiladi.
Zo‘ravon jinoyatchining barqaror ashaddiy toifasi doimiy tajovuzkorlik yo‘nalishi, qo‘pol kuch ishlatish stereotipining shakllangani bilan ajralib turadi. Uning uchun tashqi muhitda doimo bahona topiladi.
Zo‘ravon jinoyatchilarning ashaddiy toifalari uchun tajovuzkorlik – o‘zini ko‘rsatishida ustunlik qiluvchi usul, qilmishning shafqatsizligi esa yagona maqsad. Xulqning bu tipi jinoiylashgan mikromuhitda barqaror o‘z e’tirofini topadi.
Zo‘ravonlikka asoslangan jinoyat qurbonlarining g‘alamis xulqi viktim xulq deb ataladi (lotincha viktima – qurbon). Viktim xulq – yengiltak, haddan tashqari ishonuvchan yoki axloqsiz, janjalkash, jinoyat sodir etilishi uchun bahona bo‘luvchi xatti-harakatdir.
Viktimlik jinoyat qurbonining jinsi, yoshi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei bilan bog‘liq umumiy hamda shaxsning individual psixologik xususiyatlari – ishonuvchanligi, bilimsizligi, irodasining sustligi, jino- yatchiga ruhan tobeligi, ekssentrikligi, tavakkalga moyilligi, shaxsiy janjalkashligi bilan bog‘liq bo‘lgan maxsus turlarga bo‘linishi mumkin.