Alisher Navoyining nutq va notiqlik haqidagi qarashlari
Navoiy o`z asarlarida nutqning kishilar kundalik ehtiyojini qondiruvchi nodir vosita ekanligini qayd etdi. “Mahbub ul-qulub” asarida voizlar til odobi xususida fikr yuritsa, “Muhokamat ul lug’atayn” asarida o`zbek adabiy tilining boyligini e`tirof etdi. Nainki e`tirof etdi, balki tilning ijtimoiy hodisa ekanligini ta`kidladi. So`zning tarixiy-madaniy xizmati beqiyos, ammo til imkoniyatlari nutq jarayonidagina ochib beriladi. Agar nutq bo`lmas ekan, tilning, so`zning cheksiz imkoniyatlari ruyobga chiqib chiqmay qolaveradi. “Majolisun-nafois” da so`zning voizlari hayotida tutgan o`rni haqida ham shaxsiy mulohazalar bayon qilinadi. “Nazmul javohir” asarida esa so`z qudratli vosita ekanligi, insonga hayotiy zarurat sanalishi aytib o`tiladi. Tarixdan ma`lumki, Navoiyning o`zi ham mohir notiq bo`lgan va shirin kalomi, o`tkir tafakkuri bilan xalq qalbidan joy olgan va o`z asarlarida ham xaloyiqqa naf`i tegadigan, el yuragidan joy oladigan shirin-zabon so`zlar so`zlashni, chiroyli va ravon nutq tuzish yo`llarini o`rganish lozimligi haqida mukammal fikrlar bayon etgan.
Navoiy tilni o`sib, rivojlanib boruvchi, jamiyatning ehtiyojiga muvofiqlashuvchi zarurat ekanligini anglab, tillar o`zaro aloqada bo`ladi, bir-biriga chatishadi deb hisoblaydi. Navoiy kishining nutq qobiliyatini tug’ma ekanligini ta`kidlaydi. Alisher Navoiyning nutq madaniyati masalalariga bag’ishlangan fikrlari yanada mukammalroq ifodalangan asari “Mahbub ul-qulub” dir. Chunki shoir bu asarida tilning ahamiyati, undan foydalanish, nutq so`zlovchi dilidagi fikrni to`g’ri aks ettirish lozimligi haqida fikrlar bayon qiladi.
“Saodatbaxsh ruh zuloliga matla` ham til. Tilga iqtidorlig’-hakimi xiradmand, so`zga ixtiyorsiz-layni najand. Tilki fasih va dilnazir bo`lgay, xubroq bo`lgay agar ko`ngil bila bir bo`lgay” deb yozadi Navoiy.
Ma`nosi: “Saodatbaxsh ruhning tiniqligi manba ham til, baxtsizliklar yulduzining boshlanishiga sabab ham til. Tiliga kuchi yetadigan kishi aql
podshosidir: so`zga ahamiyat bermaydigan kishi la`natlangan, pastdir. Til go`zal va dillarni olovlantiruvchi bo`lishi bilan birga, so`zlovchining dilidagini aks ettirsa, yanada yaxshiroq bo`ladi”.
Navoiy til deganda nutqni ko`zda tutgan. Til, ya`ni so`z o`zining ko`p yaxshi fazilatlari bilan nutq uchun material ekanligini, nutqning qo`polligi, maqsadga muvofiq bo`lmasligi so`zlovchiga zarur yetkazishini alohida ta`kidlab o’tadi.
Mayin, yoqimli, shirali ovoz bilan so`zlash odobi haqida, o`ylamasdan so`zlamaslik lozimligi haqida: “Tildin azubat dilpisanddur va miynat sudmand. Chuchuk tilki achig’liqqa evruldi, zarari oni bo`ldi. Chuchuk so`z sof ko`ngullarga nushdir... So`zni ko`ngulda pishqormaguncha tilga kelturma, harnakim ko`nglungda bo`lsa, tilga surma” deydi. Buning ma`nosi shundayki, tilning shirin, yoqimli va yumshoqligi foydadir. Chuchuk til achchiqqa aylansa tinglovchiga zarar yetkazadi. Qandni mast qiluvchi aroq qilsalar, harom bo`ladi. Chuchuk so`zni toza ko`ngullar simiradi... So`zni ko`ngulda pishitib olmaguncha so`zlamagin, ko`nglingda bo`lgan har qanday fikrni ham ayta berma. Nutqdan maqsad fikr anglatishdir: “Ammo so`zlar va saboqlardin murod ma`nodur”.
Nutq nazariyasi bilan jiddiy shug’ullangan shoir “Mahbubo’l-qulub” asarining 24-bobini voizlik ilmiga bag’ishlaydi. Navoiyning o`zi ham notiqlik san`atini o`z davrida yuksak darajaga ko`targan. “Tilga ixtiyorsiz-elga e`tiborsiz” yoki “Ma`dani inson gavhari so`z durur, gulshani odam samari so`z durur” deb yozadi. Navoiy 24 bob “Nasihat ahli va voizlar zikriga” bag’ishlangan bo`lib, shoirning fikricha “voiz uldurki, majlisg’a kirgan to`lg’ay va to`la kirgan holi bo`lg’ay”.
“Mahbubul-qulub” da “Og’ziga kelganni demoq-nodonning ishi”, “Aytar so`zni ayt, aytmas so`zdan qayt”, “Chin so`z-mo``tabar yaxshi so`z-muxtasar” kabi
hikmatli so`zlar, maqollar anchagina. Navoiy ham shu mazmundagi baytlar yaratadi. Shoir nazarida so`z o`likni tiriltirish kuchiga ega:
Ham so`z ila elga o`limdin najot,
Ham so`z ila topub o`luk tan hayot.
Ba`zan bir so`z bilan tirik vujud, salomat inson ham jonsiz o`lukka aylanishi mumkin. Yolg’on so`z ham shunday qudratga ega:
O`luk gar andin erur joni pok,
Valekin tirikni ham aylar haloq.
Navoiy ta`kidlashicha, shirin so`z bilan ko`p ishlar amalga oshadi. Achchiq may, boda ham chuchuk til bilan uzatiladi. Hatto “chuchuk so`z elga izhor” etish orqali u kim bo`lmasin, “har nechakim ag’yor zurur yor” ga aylanadi.
Xalqimiz tili achchiq, inson ko`ngliga ozor beruvchi kishilarga “tili zahar”, “tilidan zahar tomadi” kabi nisbatlarni beradi. Bunday kishilardan hamma o`zini chetga tortadi. Dildan suhbatlashishni istamaydi, aksincha, zarurat yuzasidangina muomala qilishga majbur bo`ladi. Navoiy bu taxlit “achchiq so`z, anfos” lik kishilardan “istig’no” zarurligini o`rinli ta`kidlaydi:
Har kimki achchiq bo`ldi so`zi, anfosi,
Bor suhbatidin xalqning istig’nosi.
So`zlashning ham me`yorlari bor. “Boisi g’aflat ko`p so`z”- ko`p gapirish ham g’aflat, g’ofillikka sabab. Har qancha suxandon bo`lsa ham, imkon bo`lguncha so`zni qisqa gapirish zarur. To`g’ri va rost so`z mavjud. Yolg’on va yolg’onchilik bor. Shoir o`gitiga so`zlayotgan kishilarning kimligi, qandayligi uning ko`rinishi bilan emas, so`zlanayotgan gaplaridan ayon bo`ladi. Ko`ngilga kelgan har bir fikrni tilga chiqaraverish beburdlikka olib keladi. Behuda, beburd va masxaraomuz so`zlash kishining o`ziga ozor yetkazadi. Tili kesilishiga olib keladi. So`zni ko`ngilda pishitib, mulohaza qilib, so`ng “tilga surmoq” kerak. Har bir kishining so`zi-uning ko`nglini aks ettiradi. Shoir aytmoqchi:
Senga bor esa so`z bilurdin mazoq,
O`zim sari boqma, so`zim sari boq.
“So`z” deganda Navoiy nimalarni nazarda tutadi? Professor A.Hayitmetov shunday yozadi: “Navoiy “so`z” ni o`z asarlarida ko`p ma`noda ishlatadi. U “so`z” termini ostida insoniyatning hamma ma`naviy boyligini-alohida ijtimoiy kategoriya bo`lgan tilni ham, ideologiya shakllaridan hisoblangan falsafa va badiiy adabiyotni ham tushuna beradi hamda ularni ko`p vaqt bir-biridan farq qilmaydi”.
Navoiy “so`z” haqida gapirganda qo`yidagilarni e`tiborga oladi:
1. So`z-til ma`nosida.
2. So`z-muomala, gapirish, nutq mohiyatida.
3. So`z-badiiy ijodda, mazmunni shakllantiruvchi vosita tarzida.
Navoiy talqinicha, so`zning (tilning) insoniyat hayotidagi o`rni beqiyos. U insonning insonligini, barcha jonzotlardan yuksak ekanligini anglatuvchi unsur. Ollohning bashariyatga in`om etgan ulug’ ne`mati tildir:
Tengriki, insonni qilib ganji roz,
So`z bila hayvondin anga imtiyoz.
Tangri, insonni “ganji roz”-sirlar xazinasi qilib yaratdi. U bir mo``jiza. Odamning hayvondan “imtiyozi”-farqi “so`z bila”-til bilan bo`ldi. Agar bu baytda gap bevosita til haqida borayotgan bo`lsa, ba`zan til va so`z alohida-alohida hodisa sifatida talqin etiladi. Shoir tilni po`lat xanjarga qiyoslaydi. So`z esa, shu xanjarga bezavk beruvchi, unga qadalgan injulardir: Mana bu baytda ham shunga xos ifoda:
So`z bila kufr ahli musulmon bo`lib,
So`z bila hayvon degan inson bo`lib.
Birinchi misrada “Shirin so`z”, “ta`sirli so`z”, “nasihatomuz so`z”, “yumshoq va muloyim so`z” va xokazo-gap bilan “kufr ahli” iymonsiz, e`tiqodsiz kishilar ham “musulmon” bo`lishi, to`g’ri, yo`lga kirishi ta`kidlanadi. Ikkinchi misrada esa, odamni hayvondan ajratuvchi vosita-til haqida gap boradi.
Navoiy so`zni ajib, sehrli va qimmatbaho gavhar sifatida e`zozlaydi. Ko`pgina baytlarda, ayniqsa “Xamsa”, “Mahbubo’l qulub” singari asarlarida so`z, uning o`rni, inson hayotidagi ahamiyati, so`zlash madaniyati, so`zning badiiy ijoddagi mavqie, so`z odobi kabi tomonlar xususida mulohazalar bildiradi.
Dostları ilə paylaş: |