Na.m.=Ni.ch.z. + Nt.i.ch. + Nt.m.
Bu yerda; Nichz - ishlab chiqarish zahiralarini normalash;
Nt.i.ch - tugallanmagan ishlab chiqarishni normalash;
Nt.m. - tayyor mahsulot zahiralarini normalash.
Sanoat korxonalarida aylanma mablag‘lardan samarali foydalanishni uchta asosiy ko‘rsatkich tavsiflaydi.
Aylanuvchanlik koeffitsiyenti ulgurji narxlarda mahsulot sotilishi hajmini korxonada aylanma mablag‘larning o‘rtacha qoldig‘iga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi:
Kam= Rs : Qam
Bu yerda; Kam - aylanma mablag‘larning aylanuvchanlik
koeffitsiyenti, aylanmalar;
Rs - sotilgan mahsulot hajmi, so‘m;
Qam - aylanma mablag‘larning o‘rtacha qoldig‘i, so‘m.
Aylanuvchanlik koeffitsiyenti ma’lum davr (yil, chorak) mobaynida korxona aylanma mablag‘larining doiraviy aylanishlari sonini ifodalaydi yoki 1 so‘m aylanma mablag‘lar hisobiga to‘g‘ri keladigan sotilgan mahsulot hajmini ko‘rsatadi. Formuladan ko‘rinib turibdiki, aylanma mablag‘lar miqdorining ko‘payishi 1 so‘m aylanma mablag‘lar hisobiga mahsulot ishlab chiqarishning o‘sishiga olib keladi.
Aylanma mablag‘lar bandligi koeffitsiyentining kattaligi aylanuvchanlik koeffitsiyentiga teskari miqdordir. U 1 so‘m sotilgan mahsulotga sarflangan aylanma mablag‘lar miqdorini tavsiflaydi.
Kb= Qam : Rs
Bu yerda: Kb - aylanma mablag‘larning bandligi
koeffitsiyenti;
Bir aylanish davomiyligi kun hisobida - davrdagi kunlar sonini aylanuvchanlik koeffitsiyentiga bo‘lish bilan topiladi:
Ad = Dk : Kam
Bu yerda: Dk - davrdagi kunlar soni (360, 90).
Aylanma mablag‘larning aylanish muddati qancha km yoki sotilgan mahsulotning o‘sha hajmda aylanishlar soni qancha ko‘p bo‘lsa, aylanma mablag‘lar shuncha kam talab qilinadi. Va aksincha aylanma mablag‘lar qancha tez aylansa, ular shuncha samarali foydalaniladi.
Misol. Korxonada 2001 yilda sotilgan mahsulot hajmi 600000 ming so‘mni tashkil etdi, 2002 yilda esa 612000 ming so‘mni tashkil etdi, aylanma mablag‘larning o‘rtacha yillik qoldig‘i mos ravishda 120000 ming so‘m va 110500 ming so‘m; aylanma mablag‘larning aylanuvchanlik koeffitsiyenti 2001 yilda: 600000:120000=5,0 va 2002 yilda - 5,54 ni tashkil etdi. Bir aylanish davomiyligi: 360:5=72 kun va 360:5,54=65 kun. Aylanma mablag‘larning yuklanish koeffitsiyenti: 120000:600000=0,2 so‘m va 110500:612000=0,18 so‘m. Aylanma mablag‘lar aylanuvchanligining tezlashishi samarasi ulardan foydalanishning yaxshilangani tufayli ularga bo‘lgan talabning kamayishida, ularning bo‘shatilishda namoyon bo‘ladi.
Mutloq bo‘shatilishi aylanma mablag‘larga bo‘lgan talabning to‘g‘ridan-to‘g‘ri kamayishini aks ettiradi.
Masalan, oldingi misolda korxonada aylanma mablag‘larning mutloq bo‘shatilishi 2002 yilda 2001 yilga nisbatan quyidagini tashkil etadi: 120000 ming so‘m - 110500 ming so‘m=9500 ming so‘m.
Nisbiy bo‘shatilish aylanma mablag‘lar miqdorining o‘zgarishini, shuningdek sotilgan mahsulot hajmining o‘zgarishini aks ettiradi. Uni aniqlash uchun shu davrda sotilgan mahsulotga haqiqiy aylanishdan kelib chiqqan holda hisobot yili uchun aylanma mablag‘larga bo‘lgan talablarni va o‘tgan yil uchun aylanuvchanlikni hisoblab chiqish kerak. Farq bo‘shalgan mablag‘lar summasini beradi.
Masalan, oldingi keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda korxonada bo‘shatilgan mablag‘lar qiymatini hisoblaymiz. Aylanma mablag‘larning 2001 yildagi o‘rtacha qoldig‘i - 120000 ming so‘mni tashkil etdi. 2002 yilda esa 110500 ming so‘m, to‘liq aylanish davomiyligi mos ravishda 72 kun va 65 kun. Aylanma mablag‘larga bo‘lgan talab 2002 yilda 2001 yilgi aylanuvchanlikda va 2001 yilda sotilgan mahsulot hajmida: (612000x72):360=122400 ming so‘mga teng bo‘ladi. Aylanma mablag‘larning nisbiy bo‘shatilishi 11900 ming so‘mni tashkil etadi (122400-110500).
Aylanma mablag‘lardan samarali foydalanish korxona faoliyatini normal ta’minlashda, ishlab chiqarish rentabelligini oshirishda katta rol o‘ynaydi. Afsuski, korxonalar hozirda ega bo‘lgan o‘zining moliyaviy resurslari nafaqat kengaytirilgan, hatto oddiy takror ishlab chiqarish jarayonini to‘liq miqdorda ta’minlashga yetmaydi. Korxonada zarur moliyaviy resurslarning yo‘qligi, to‘lovlar intizomi darajasining pastligi o‘zaro to‘lamasliklarning paydo bo‘lishiga olib keldi.
Korxonalarning o‘zaro qarzdorligi - o‘tish davridagi iqtisodiyotning o‘ziga xos xususiyati. Ko‘pchilik korxonalar shakllanayotgan bozor munosabatlariga tez moslasha olmadi, mavjud aylanma mablag‘lardan oqilona foydalanmayapdi, moliyaviy zahiralarni tuzmaydi. Shunisi muhimki, inflyatsiya, xo‘jalik qonunchiligining nobarqarorligi sharoitida to‘lovlarni amalga oshirmaslik bir qator korxonalarning tijorat manfaatlari doirasiga kirdi. Ular ataylab ta’minotchilar bilan hisob-kitoblarni kechiktiradilar va bu orqali so‘m harid qobiliyatining pasayishi hisobiga o‘z to‘lov majburiyatlarini kamaytiradilar.
Aylanma mablag‘lar aylanuvchanligining tezlashishi hozirgi sharoitda korxonalarning birlamchi vazifasi hisoblanadi va quyidagi yo‘llar bilan erishiladi:
Ishlab chiqarish zahiralarini tuzish bosqichida iqtisodiy asoslangan zahira normalarini joriy etish; xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar ta’minotchilarning iste’molchilarga yaqinlashuvi; moddiy-texnik ta’minotning ombor tizimini, shuningdek materiallar va uskunalar ulgurji savdosini kengaytirish; omborlardagi ishlarning kompleks mexanizatsiyasi va avtomatizatsiyasi.
Tugallanmagan ishlab chiqarish bosqichida - ilmiy-texnik taraqqiyotni tezlashtirish; standartizatsiya; unifikatsiya; tipizatsiyani rivojlantirish; sanoat ishlab chiqarishni tashkil etish shakllarini mukammallashtirish; xom-ashyo va yoqilg‘i-energetika resurslaridan tejamli foydalanishni iqtisodiy rag‘batlantirish tizimini mukammallashtirish; yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulot ulushini ko‘paytirish.
Muomala bosqichida - mahsulot iste’molchilarini uni ishlab chiqaruvchilarga yaqinlashtirish; hisob-kitob tizimini mukammallashtirish; bevosita aloqalar bo‘yicha buyurtmalarini bajarish, tejalgan materiallardan mahsulot tayyorlash natijasida sotilgan mahsulot hajmini oshirish; tuzilgan bitimlarga muvofiq jo‘natilgan mahsulotlarni partiyalar, assortimentlar, tranzit normasi bo‘yicha tanlash.
Dostları ilə paylaş: |