Ta’limning sistematikligi. Ta’limning sistemali va izchilligi ta’lim maqsadlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning muhim vositasi bo‘lib hisoblanadi. Fizik ta’limning sistemaliligini quyidagicha izohlash mumkin. Agar o‘qitish jarayonini sistema deb qarasak va unda sistemali tahlil usulini qo‘llash kerak bo‘ladi. Fizikani sistemali tarzda o‘qitish o‘qituvchidan quyidagilarni nazarda tutishni taqozo etadi. O‘quv mavzularini yillar bo‘yicha mantiqan, izchil joylashtirilishi va fanlar o‘rtasidagi aloqani hisobga olish. O‘quv predmeti bo‘yicha mavzularni izchil joylashtirilishi.O‘quv mavzusini o‘qituvchi tomonidan sistemali va izchil bayon etilishi. Amaliy, laboratoriya, yozma ishlar va mashqlar yechish darslarini tashkil etishda o‘quvchilar bilimini, ko‘nikma va malakalarini hisobga olish, ularning bilimini nazorat qilib borish, muntazam sistema holiga keltirish lozim . Ta’lim jarayonidagi mavjud nuqsonlarning barchasi uning sistemaliligidan uzoqligidir.
Nazariya bilan amaliyotning birligi. Fizikani o‘qitishda nazariya bilan amaliyotning birligi tamoyili o‘quv maqsadini amalga oshirishning muhim omili bo‘lib hisoblanadi. Fizika fanining taraqqiyoti va kelajakdagi rivoji nazariya bilan amaliyotning birligiga asoslanadi. Fizika tarixiga nazar solsak ba’zi fizik jarayonlarning nazariyasi yaratilib keyinchalik tajribada isbotlangan bo‘lsa, ba’zi jarayonlar avval tajribada ochilib, keyin uning nazariyasi yaratilganligining guvohi bo‘lamiz. Demak, nazariya bilan amaliyot o‘rtasida dialektik munosabat mavjud. Xuddi shuningdek, fizikani o‘qitish jarayonida nazariya va amaliyotning birligini to‘g’ri tashkil etish o‘qitish samaradorligini ta’minlashning vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Fizikani o‘qitishda nazariya va amaliyotning aloqasini ta’minlash va amalga oshirish oddiy ish emas. Bu masalani hal etishda ikkita xatolikka yo‘l qo‘yilishi mumkin: nazariyaga katta ahamiyat berib amaliyotni kamsitish yoki amaliyotga haddan ortiq ahamiyat berilib, nazariyaga yetarli e’tibor bermaslikdan ehtiyot bo‘lish kerak. Pedagogik tajribalar shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchilar uchun nazariya bilan amaliyotni bir-biriga bog’lash juda qiyin kechadi. Bu muammo to‘g’ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim usullari orqali asta-sekin hal etilib boriladi.