2. Tarbiyachining oilani borib ko'rishi Bola yashab turgan oilani o'rganish ota-onalar bilan yaqin aloqa o'rnatish va ularga yordam, maslahatlar berishning samarali usullaridan biridir. Tarbiyachi oilaga tekshiruvchi sifatida emas maslahatchi, do'st va bola tarbiyasiga yordam beruvchi shaxs sifatida boradi. Tarbiyachining oilaga borishidan asosiy maqsad bola yashayotgan sharoitni ko'rish va zarur bo'lsa, ota-onalarga yordam ko'rsatishdir. Oilani borib ko'rish va ota-onalar bilan suhbatlashish katta pedagogik odat bilan o'tkazilishi kerak. Ota-onalar bilan suhbatda bolaning eng yaxshi tomonlari ochib berilsa, ota-onalarning tarbiyachiga bo'lgan hurmati va ishonchi ortadi. Tarbiyachi bolaning uyida ko'rganlarini qayd qilish bilan bir qatorda ularni tahlil qiladi, ota-onalar majlislarida oilaviy tarbiyadagi ijobiy va salbiy tomonlar haqida gapiradi. Ularga o'zining maslahatlarini beradi. Oila tarbiyasidagi ijobiy ishlarni ota-onalar uchun tashkil etilgan testlarda aks ettirish ham mumkin. Oilani borib ko'rgandagi taassurotlarini tarbiyaviy ishlarni hisobga olish ustuniga yozib qo'yishi kerak. Oilaga kamida yiliga 2 marta borib ko'riladi. Tarbiyachining oilaga borishi ota-onalarda pedagogik madaniyatni oshiradi.
Ota-onalar bilan shaxsiy suhbatlar. Oila bilan shaxsan ishlashning eng keng tarqalgan usuli sifatida qo'llanadigan suhbat bolalarni ertalab qabul qilish va kechqurun kuzatish vaqtida o'tkazilishi mumkin. Ular tarbiyachilar bilan ota- onalarni bir-biri bilan yaqinroq tanishishlariga yordam beradi. Tarbiyachining ota-onalar bilan ertalab o'tkazadigan suhbatlari qisqa muddatli bo'ladi, shuningdek uning yaqinlarida yaxshi kayfiyat, tarbiyachiga ishonch hissi paydo bo'lishida katta ahamiyatga ega. Ota-onalardan bola kechqurun qanday kayfiyatda bo'lganini, qanday uxlaganini, bola o'zini qanday sezishni so'rash foydali. Tarbiyachi ota-onalarga bolalarni bugun guruhda nimalar kutishi haqida qisqacha axborot beradi. Bu narsa bolani kayfiyatini ko'taradi, ota-onani xotirjam qiladi. Ota-onalar bilan kechki suhbatlar ham vaqt jihatidan cheklangan, ota- onalar bilan kechki suhbat vaqtida tarbiyachi bolaning tashqi ko'rinishiga taalluqli kamchiliklar aytilishi mumkin. Bolani guruhda kunni qanday o'tkazgani, nimalar bilan mashg'ul bo'lgani, o'zini qanday tutgani, nimaga e'tibor berish kerakligi haqida axborot beradi. Ota-onalarni bola tarbiyasida yo'l qo'ygan biror kamchilik va xatosini tahlil qilish uchun ular bilan yanada mufassal suhbat o'tkazish zarurati tug'ilganda vaziyatni tuzatish uchun malakali maslahat hamda tavsiya berish kerak bo'lganda maslahatlar o'tkaziladi.