Kimyoviy va organogen yo'l bilan hosil bo'lgan jinslar.Turli kimyoviy jarayonlar, hayvonot va o'simlik dunyosining hayot faoliyati natijasida, shuningdek organizmlarning to'planib qolishi natijasida suvli sharoitda va ba'zan quruqlikda turli tuman jinslar hosil bo'ladi. Bu ikkala katta gruppa talaygina oraliq jinslar vositasida bir-biri bilan bog’langan bo'lib, ularning qanday paydo bo'lganligini hamma vaqt to'g’ri aniqlab bo'lmaydi. Ularni kimyoviy tarkibiga qarab aniqlash ancha qulaydir. Shunga kura, ularning orasida quyidagi jins gruppalarini: karbonatli, kremniyli, sul’fatli va galoidli, temirli, fosforli jinslar va kaustobioitlarni ko'rsatish mumkin.
Karbonatli jinslar Karbonatli jinslar orasida ham organik va kimyoviy yo'l bilan hosil bo'lgan ohaktoshlar eng ko'p tarqalgandir. Ular qay yo'l bilan paydo bo'lganidan qat'i nazar, kal’tsitdan tuzilgan bo'ladi. Ohaktoshlardagi gil aralashmasi ko'paysa ular mergelga, qum ko'paysa qumli ohaktoshga va ohakli qumga aylanadi. Shuning uchun ham ohaktoshlarni sinashda NС1 kislotasidan foydalanish lozim. Ohaktosh kuchsiz NС1 ning bir tomchisidan qattiq qaynaydi; shuning bilan birga uning yuzasida, mergellardagi kabi kir dog’ qolmaydi. Strukturasiga qarab ohaktoshlar yirik donali, o'rtacha, mayda va har xil donali ohaktoshlarga, afanit (zich), tuproqsimon, oolitli bo'ladi. Ohaktoshlar kelib chiqishiga qarab organik va kimyoviy bo'ladi. Organiklari (organizmlarning chig’anoq va boshqa skelet qoldiqlaridan paydo bo'lgan) va fitogen (suv o'simliklaridan paydo bo'lgan) ohaktoshlarga bo'linadi.
Organogen ohaktoshlar. Organogen ohaktoshlar odatda tsementlashgan ancha qattiq jinslar bo'lib kavakli va hatto g’alvirsimon turlari ham uchraydi. Ularning organik yo'l bilan paydo bo'lganligiga hech qanday shubha tug’ilmaydi. Bu jinslar ko'zga yaqqol tashlanib turadigan mollyuskalar chig’anog’i va hayvonlar skeletlaridan yoki bo'lmasa suv o'simliklari qoldiqlari va ohak tuzlaridan tashkil topgan bo'ladi. Chig’anoq bo'laklaridan tashkil topgan ohaktoshlar organogen ohaktoshlar deb yuritiladi. Organogen ohaktoshlarning tasnifi qaysi gruppa organizmlari skeleti jins tashkil qiladigan bo'lsa, o'sha organizmning nomi bilan nomlanadi. Shunga ko'ra, marjonli, braxiopodali, mshankali, gastropodali, tseletsipopodali, krinoidli, fuzulinali, numulitli va boshqa ohaktoshlarga ajratiladi. Mollyuskalar yoki gastropodalar chig’anog’i Yaxshi saqlangan ohaktoshlar chig’anoqli ohaktoshlar deyiladi.
Ohaktoshlarning organik yo'l bilan paydo bo'lganligini hamma vaqt makroskopik aniqlab bo'lmaydi. Ko'pchilik organik ohaktoshlar zich afanit jinslar ko'rinishida bo'ladi. Ba'zan jins tashkil qiluvchi organizm qoldiqlarini juda mayda bo'lishiga, ko'pchilik vaqtlarda esa ohaktoshlarning ikkinchi marta qayta kristallanishiga bog’liq bo'ladi.
Qayta kristallanish qancha kuchli bo'lsa ohaktoshni tashkil qilgan chig’anoqlar va boshqa skelet qoldiqlari shunchalik ko'p emirilib butunlay yo'qolib ham ketadi. Bundan ham kuchliroq kristallanishga duchor bo'lgan ohaktoshlarni nimadan paydo bo'lganini ko'pincha mikroskop ostida ham aniqlash qiyin. Bakteriyalar hayot faoliyati natijasida biokimyoviy usulda hosil bo'lgan ohaktoshlar mayda kal’tsit donalaridan iborat bo'lib, ularda hech qanday organik strukturalar ko'rinmaydi. Dryunt ohaktoshlar deb ataluvchi bunday ohaktoshlar kimyoviy usulda hosil bo'lgan ohaktoshlarga o'tadigan oraliq jinslar hisoblanadi. Umuman, ko'pchilik ohaktoshlar ham organik, ham kimyoviy yo'l bilan hosil bo'lgan. Yoziladigan bo'r bunga aniq misol bo'la oladi. Burda chiganoqlar (asosan plankton organizmlarining chiganoqlari) 60-70% ni tashkil qiladi, qolgan 30-40% ni esa juda mayda donali kukunsimon kal’tsit hosil qiladi, bu kal’tsit ehtimol kimyoviy yo'l bilan paydo bo'lgan.