Maxsus nav sinashlarda har xil agrotexnik sharoitda nav sinash, har xil zonalarda nav sinash, dinamik nav sinashlar kiradi.
Har xil agrotexnika sharoitlarida nav sinash – istiqbolli yangi navlarning turli agrotexnika sharoitlarga munosabatini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. 3-5 ta eng yaxshi nav 3-4 xil agrotexnika sharoitida sinaladi. Ekish 4 qaytariqli qilib o’tkaziladi. Navlarning (paykalchaning) maydoni tegishli agrotexnik tadbiriga qarab har xil bo’lishi mumkin. Navlarning sug’orishga munosabatini bilish uchun ular sug’oriladigan va lalmikor sharoitlarda yoki har xil sug’orish rejimlarda sinaladi. Navlarning mineral o’g’itlarga munosabatini aniqlash uchun har xil o’g’itlar turli normada va nisbatda beriladi. Bu nav sinash o’tkazish natijasida yangi navning agrotexnikasi (o’stirish texnologiyasi) aniqlanib, davlat nav sinashga o’tkazilganda taqdim etiladigan hujjatlarda, ya’ni navni ta’riflaganda yoziladi.
Har xil mintaqalarda nav sinash – istiqbolli yangi nav-larni turli ekologik sharoitlarda har tomonlama baholash uchun o’tkaziladi va ba’zan ekologik nav sinash ham deyiladi. Navlar konkurs nav sinashga kiritilib, ilmiy tadqiqot muassasalarning navlari va mazkur zonada rayonlashtirilgan navlar bilan taqqoslanadi. Bu nav sinashning uslubi konkurs nav sinashidek 2-3 yil davomida o’tkaziladi. Sinash natijasida istiqbol navning ta’rifida qaysi mintaqa uchun tavsiya etilishi ko’rsatiladi.
Dinamik nav sinash. Yem xashak ekinlari, kartoshka, ildizmevali ekinlari, silos uchun ekilgan makkajo’xori va o’tlar seleksiyasida yalpi hosil aniqlashdan tashkari butun o’suv davri davomida hosil to’planishning va mahsulotning sifatini o’zgarishini aniqlash uchun dinamik nav sinash o’tkaziladi.
Kartoshkaning juda erta muddatda qazib olinganda ham ko’p hosil beradigan navlari qimmatlidir. Makkajo’xorining navlari va duragaylarida turli o’suv davrida quruq modda to’planish dinamikasini bilish juda muhim. Buning uchun nav va duragaylarning o’simliklari turli muddatlarda o’rilganda (yig’ib, kovlab olinganda) hosildorligi belgilanadi. O’rishni, hosilni yig’ib olishni ma’lum muddatda (rivojlanish fazasida) boshlab belgilangan davr davomida (har 10-15 kun) o’tkazib, to’plangan hosil aniqlanadi. Bu nav sinashda paykalchalar maydoni odatdagidan 1,5 - 2 marta ortiq bo’ladi.
Dostları ilə paylaş: |