Mavzuni mustahkamlash uchun savollar. 1.Estetik va badiiy tarbiya tushunchalarini mazmunini ochib bering.
2.Maktabgacha yoshdagi bolalarni estetik tarbiyalash vazifalarini asoslab bering.
3.Maktabgacha yoshdagi bolalarni estetik tarbiyalash vazifalari qay mazmunda hal etilishini ochib bering.
4.Maktabgacha yoshdagi bolalarni estetik tarbiyalash vositalaridan har tomonlama foydalanish zarurligini isbotlab bering.
5.Estetik tarbiyaning metodlarini yoriting.
Mavzu:Maktabgacha yoshdagi bolalar mehnat tarbiyasi. REJA: 1.Barkamol shaxs tarbiyasida mehnat tarbiyasining o’rni. 2.Mehnat tarbiyasining nazariy asoslari 3.Maktabgacha yoshdagi bolalarga mehnat tarbiyasi berish mazmuni.
Tayanch so’zlar:tarbiya,mehnat,turmush,hayot,me’morchilik,go’zallik, harakat,axloq, odob,o’zaro hurmat,sarishtalik. Mehnat inson hayoti uchun, uning farovon turmush kechirishi uchun hamisha asos bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi. Mehnat farovon, baxtli hayot kechirishning eng asosiy sharti bo'lganligi sababli ham fuqarolar uchun majburiydir.
Mehnat odamlarning biror bir maqsad uchun sarflagan vaqti, aqliy va jismoniy kuchi yoki zarur faoliyatidir. Mehnatsiz yashamoq mumkin emas.
Barcha tirik mavjudot nimanidir iste’mol qilish hisobiga yashaydi, umrini davom ettiradi. Yerda yashovchi mayda qurt-qumursqadan tortib, parrandalargacha, suv ostida yashovchi jonivorlardan tortib, ulkan hayvonlargacha ovqatsiz yashay olmaydilar. Xuddi shuningdek, odamlar ham uzluksiz ovqatlanadi, hayot kechiradi. Boshqa tirik mavjudotlardan farqli odamlar kiyinishadi, uy-joy qurishadi, savdo-sotiq qilishadi, ijod qili- shadi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun tirikchilik manbayi bo'lgan pul kerak. Pul topish uchun, o'zlariga kerakli narsalarni yaratish uchun odamlar mehnat qilishlari zarur. Mehnat jarayonida oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa zarur narsalar yaratiladi. Mehnat inson hayotini mazmunli qiladi. Odamlar mehnat qilish jarayonida sog'liqlarini mustahkamlaydilar, obro' orttiradilar va o'z kelajaklarini yaratadilar.
Ota-bobolarimiz asrlar davomida mehnatni ulug'lab kelganlar. Bizga ulardan meros bo'lib qolgan barcha xazinalar - ilmiy, badiiy kitoblar, san’at asarlari, me’morchilik obidalari mehnat mahsulidir.
Jahon fanining rivojiga bebaho hissa qo'shgan al-Xorazmiy, Ibn Sino, Ismoil al-Buxoriy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi bobokalonlarimiz mehnatsevarliklari tufayli ulkan yutuqlarni qo'lga kiritishgan, yoshlarni ham mehnat qilishga chaqirishgan. Shu boisdan jahonning barcha xalqlari maqollarida bo'lgani kabi o'zbek maqoilarida ham mehnat tarbiyasi markaziy o'rinlarni egallagan.
Azaldan mehnatkash, tinib-tinchimas xalqimiz o'zining mehnati bilan bog'larni gulistonga, cho'lni bo'stonga aylantirib kelmoqda. Qadimda ota-bobolarimizning mehnat haqida aytilgan dono naqllari hozirga qadar ham o'z qadrini yo'qotgani yo'q. Masalan:
-Mehnat qilsang, ko'ksing tog',
-Hurmat qilsang, diling bog'.
-Mehnatli non-shakar,
-Mehnatsiz non-zahar.
-Mehnat baxt keltirar.
-Mehnat qilib topganing Qandu asal totganing.
Bu maqollar orqali dono xalqimiz mehnatni ulug'laydi, uning samarasi haqida fikr yuritadi.
O'zbek bolalar yozuvchisi va shoirlari ham kattalar mehnatining mazmunini yoritib berganlar. Bunga Q.Muhammadiyning "Etik”, "Bir hovuch yong'oq”, Q.Hikmatning "Suv” kabi she’rlari misol bo'ladi.
Yuqorida aytganlarimizdan ko'rinib turibdiki, mehnat har qanday moddiy va ma'naviy boyliklarning asosiy manbayi, shu bilan birga shaxsni har tomonlama kamol toptirishning muhim vositasidir. Mehnat jarayonida insoniy xislatlarning faol namoyon bo'lishi uchun eng qulay sharoitlar yaratadi va har bir kishida ma’naviy qoniqish hosil qiladi.Har bir bola Maktabgacha ta'lim yoshidan boshlab mehnatda ishtirok etishi zarur. Bolalar bog'chasida, oilada bajariladigan uncha murakkab bo'lmagan har bir topshiriq uning kundalik vazifasiga aylanishi kerak.
Bola mehnatning ahamiyati va mohiyatini tushunib yetishi uchun pedagog kattalarning mehnati, bolalarning o'zlari bajaradigan mehnat turlarini kuzatish yuzasidan ekskursiyalar uyushtiradi.
Bolalar quruvchilarning mehnatini kuzatishyapti deylik. Qurilish maydonchasiga katta-katta bloklar keltirilib, ular ko'tarma kran bilan tushiriladi. Keyin bolalar g'isht teruvchilar, duradgorlar, suvoqchilar, tom yopuvchilar, bo'yoqchilar mehnatini kuzatadilar.
Bolalarni qurilish bilan tanishtirish davomida bilib olgan barcha tasavvur va tushunchalari, ularning ko'zi oldida ajoyib bino bunyod etgan kishilar mehnatining go'zalligi namoyon bo'ladi. Tarbiyachi bolalar diqqatini chinni buyumlarga gul soluvchi kishilar mehnatiga jalb etadi. Bolalar tarbiyachi bilan birgalikda ularning mohirona chizgan rasmlari natijasida chinni idishlarning har xil jilo berib turlanishidan zavqlanib, "Ularning qo'llari gul ekan", deydilar.
Bularning barchasi bolalarda kishilar mehnatiga muhabbat uyg'otadi. Pedagog bolalarni mehnatning moddiy boylik keltiruvchi tomonini ham, estetik tomonini ham ko'ra bilishga o'rgatadi. Bahor kunlarining birida tarbiyachi bolalarni daraxtlar gullab turgan boqqa olib kiradi. Gulsafsar va piyongul bilan o'ralgan yo'lkalarga qum sepilgan, daraxtlarning tanasi bog'bonlar tomonidan ohak bilan oqlangan. Tepada esa gullab turgan o'rik, gilos, olma, olcha, shaftoli, gullarning atrofida asalarilar guvillashib uchib yuribdi. Bularning hammasi bolalarda ajoyib zavqli kechinmalar uyg'otadi.
Mehnat bolalarning jismoniy rivojlanishida zarur shartlardan biri hisoblanadi. Mehnatda bola o'zining ishlash, harakat qilish ehtiyojini qondiradi, harakatlarning aniq, uyg'un bo'lishini ta’minlaydi. Mehnat jarayonida bola organizmining umumiy hayotiy faoliyati, uning chidamliligi ortadi. Bolalarning turli xil mehnat jarayonlarida ishtirok etishlari, kattalar mehnati bilan tanishishlari ularning tevarak-atrofdagi hayot haqida, kishilarning o'zaro munosabatlari to'g'risida, narsalar va ularning xususiyatlari, materiallarga ishlov berish usullari haqida, qurilmalar va asboblar to'g'risida muayyan tasavvurlarga ega bo'lishlariga yordam beradi.
Mehnat bolalardan diqqat, o'tkir zehnlilik, topqirlik, bilib olgan malaka va ko'nikmalarini amaliyotda qo'llay bilish, ijodkorlik qobiliyatlarini egallashni talab etadi. Mehnat jarayonida bolalar ayrim ish turlarini (bir varaq qog'ozni buklash, kerakli uzunlikni o'lchash, andozaga qarab shaklni qirqib olish kabi harakatlarni) anglatuvchi bir qancha tushuncha va atama- lardan foydalanishga, bajarilgan ishdagi izchillikni so'zlab berishga to'g'ri keladi. Bular bola nutqini yangi so'zlar bilan boyitadi, uning mantiqiy bog'liq ravishda grammatik jihatdan to'g'ri shakllanishiga imkon beradi.
Bolalarni eng oddiy mehnat qurollari, materiallarga ishlov berish usullari bilan tanishtirish kerak. MTMdagi mehnat ularni maktabdagi politexnik ta’limga tayyorlaydi.
Mehnatning axloqiy qimmati uning jamiyat uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligi bilan belgilanadi. Mehnat har bir bolani o'z mehnatining ijtimoiy ahamiyatini tushunib yetishga, uning jamiyat hayotiga kirib borishiga, o'zini shu jamiyatning a'zosi deb his etishiga imkon yaratadi.
Har bir bola oilada, bolalar mehnatida o'z ulushi borligini his eta bilishi lozim. Ishning shu tarzda tashkil etilishi bolalarda jamoachilik va intizomlilikni, burch hissini tarbiyalaydi. Shuning uchun bolalarni jamoa mehnatida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.
Mehnatning bolalarni aqliy tomondan rivojlantirishdagi ahamiyati shundaki, mehnat jarayonida ular borliqni faol anglay boshlaydilar, dunyoni materialistik idrok etish imkoniyati yaratiladi.
Maktabgacha yoshdan boshlab bolalarga mehnat tarbiyasi berish ularni estetik va jismoniy jihatdan ham rivojlantiradi.